ONA TILI – BU MILLATNING RUHIDIR...

Туман янгиликлари

Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir.

Til – insonlarning o‘zaro aloqa vositasi bo‘lib, yaratuvchining insonga bergan bebaho ne’matidir. Millatlarni millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri ham tildir. Dunyoda har bir xalqning o‘z tili uning bebaho boyligi, iftixori, najoti hisoblanadi. Hikmatli so‘zlar, she’r-u dostonlar, qo‘shiqlar avvalo biror bir millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan, u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘ladi.

Har bir xalqqa o‘z tili aziz va ardoqli. Sho‘rolar davrida rus tili ittifoq tili sifatida rivojlantirildi. U jahon tillari darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, ko‘p ming asrlik tarixga ega bo‘lgan turkiy xalqlar ham o‘z ona tillari dunyodagi hech bir xalqning tilidan kam emasligini yoqlab chiqdilar. Bu yo‘ldagi turli xil  to‘siqlarni pisand etmadilar.

Mustaqillik arafasida ko‘cha-ko‘y  tili darajasiga tushib qolgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi taklif va kurashlar samarasiz ketmadi. Sho‘rolar davrida ham o‘zbek tilini tiklashga, uni Davlat tiliga aylantirishga intilish kuchli bo‘lgan. Xususan, ona tiliga bag‘ishlangan turli tadbirlar o‘tkazishga harakat qilingan. Bunday tadbirlar ayniqsa, mustaqillik arafasida tez-tez o‘tkazila boshlangan. Shu tariqa xalqning qilgan harakatlari, ziyoli olimlarning tashabbuslari besamar ketmadi, o‘zbek xalqi ham o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishiga erishdi. Bu buyuk ish aynan 1989 yil  21 oktyabr sanasida amalga oshirildi hamda shu sana tarixga “O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun”, deya muhrlandi. Ish hujjatlari davlat tilida olib borila boshlandi, bu esa xalqning ruhini ko‘tardi. Shu tariqa  bu kunni qariyb 31 yil “O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun” sifatida nishonlab keldik. 2020 yili esa  “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasi bilan 21 oktyabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. Bu esa o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborning yana bir yorqin ifodasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mana shu kundan e’tiboran Respublikamizning barcha hududlarida Til bayrami keng nishonlanib kelinmoqda. Bu kunning shukuhi oktyabr oyi kirib kelishi bilan boshlanadi. Turli xil tadbirlar, tanlovlar tashkil etiladi Shu kuni radio va televideniye orqali til bayramiga doir qiziqarli chiqishlar uyushtiriladi, o‘zbek millati ruhini ko‘taruvchi kuy va qo‘shiqlar tarannum etiladi.

Til bayrami insonni ona tiliga va o‘z xalqiga bo‘lgan mehr-muhabbatini jo‘sh urdiruvchi betakror bayramdir.  O‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish uchun uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga kiritishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz har  birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashish zimmamizdagi mas’uliyatli burch deb bilishimiz darkor. Barcha o‘zbek xalqini  “O‘zbek tili bayrami”ning 34 yillik tantanasi bilan samimiy muborakbod etaman.

Muhayyo Karimova, 36-maktabning  ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi