AMUDARYODA A.HAITOV ISHTIROKIDA KUZGI EKINLARNI TOʻQSONBOSTI USULIDA EKISH BOʻYICHA KOʻRGAZMALI SEMINAR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumaniga O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Haitov tashrif buyurib, tuman hududidagi fermer xo‘jaliklari dalalarida kuzgi ekinlarni to‘qsonbosti usulida ekish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

19 oktyabr kuni To‘lqin ovulidagi “Ilhom Matluba” fermer xo‘jaligi dalasida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Seminarga tashrif buyurganlar ushbu xo‘jalikda ajratilgan 3 gektar dalada ekilgan to‘qsonbosti ekinlarining parvarishi bilan qiziqdi.

Seminarda Aktam Haitov to‘qsonbosti ekinlarni parvarishlash bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berib o‘tdi. Shuningdek, mamlakatimiz aholisining ertangi sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli ekinlardan piyoz, sarimsoqpiyoz hamda noyabr-dekabr oylarida esa sabzi, osh lavlagi, ko‘katlar, rediska va karam kabilarni to‘qsonbosti usulida ekib, yetishtirish muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi. Undan tashqari, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun hozirdan harakat qilish kerakligini aytib, to‘qsonbosti ekinlarini o‘z vaqtida ekish, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Ta’kidlash joizki, tumanda joriy yilda 2024 yil hosili uchun piyoz va sarimsoq piyoz ekinlarini to‘qsonbosti usulida ekish rejasi fermer xo‘jaliklari tomonidan 110 gektar, dehqon xo‘jaliklari tomonidan 766 gektar, tomorqa yer egalari tomonidan 876 gektar qilib belgilangan. Bugungi kunda tumanimizning barcha hududlaridagi xo‘jaliklar dalalarida ekinlarni mazkur usulda ekish ishlari yakuniga yetib bormoqda.

Seminar ishtirokchilari ovuli hududidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan to‘qsonbosti usulida ekilgan ekinlar hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida dala chetlarida amalga oshirilayotgan ko‘chat ekish ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Ishtirokchilar ushbu hududlarda yetishtirlayotgan iqlimga mos bo‘lgan manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatlarini parvarishlash bo‘yicha tajriba o‘rganib, o‘z fikrlarini bildirib o‘tdilar.

Shundan so‘ng, Aktam Haitov Choyko‘l ovuli hududidan o‘tuvchi katta Qipchoq yo‘li bo‘yida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumandagi 49ta mahalla fuqarolar yig‘inlari beshligi ishtirokida o‘tkazilayotgan ko‘chat ekish ishlarida ham qatnashdi.

Seminar Arnabo‘yi mahallasi hududidagi “Kamalov Gulmirza” fermer xo‘jaligi dalalarida davom ettirildi. Ushbu xo‘jalikda dala chetlarida shpaller usulida uzum ekilgan. Shuningdek, hududdagi 5 gektar dalada 30ta fermer xo‘jaliklari birlashgan holda to‘qsonbosti ekinlarini ekib parvarish qilishmoqda. Ushbu ishlarni ko‘zdan kechirgan seminar ishtirokchilari, qishloq xo‘jaligi xodimlari, tajribali dehqonlar to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlarini tizimli tashkil qilish va mahsulot yetishtirish hajmlarini oshirish bo‘yicha fikr almashishdi.

Tadbir ishtirokchilari Kuyuk ko‘pir ovuli hududidagi “O‘rozaliyev Xo‘jaahmed” hamda Namuna mahallasi hududida “Muzaffar Yeshchanov” fermer xo‘jaliklari dalalarda jadal davom etayotgan ekinlarni to‘qsonbosti usulida ekish ishlari bilan ham yaqindan tanishdilar.

Tuman hududi bo‘ylab O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Haitov ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur seminarlarda dehqonchilikning to‘qsonbosti usuli yaxshigina daromad manbai bo‘lish bilan birga, aholining ertaki sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish imkonini berishi alohida ta’kidlandi. Shu sababli agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazishni ta’minlash masalalarga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi aytilib, tumanda to‘qsonbosti ekinlarni yetishtirish hajmini oshirish bo‘yicha tavsiyalar, zarur maslahatlar berildi.

O.Xudoyberganova.