“QADRING BOʻLSIN BALAND!” TADBIRI ORQALI OʻQUVCHILAR QALBIDA ONA TILI VA VATANGA MUHABBAT TUYGʻUSI JOʻSh URDI

Туман янгиликлари

Dunyoda millat va elatlar ko‘p, shu barobarida turfa tillar ham mavjud. Millat va elatlarning urf-odat va an’analari, tarixi va orzu-niyatlari o‘sha millat va elatning tili orqali namoyon bo‘ladi. Yondosh xalqlar va millatlar bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoni ham tili orqali amalga oshiriladi. Shuning uchun ham til – xalqlar va millatlarni, mamlakatlarni bir-biriga bog‘lab turuvchi buyuk va qudratli ma’naviy ko‘prik hisoblanadi.

Mustaqillik tufayli ona tilimiz tom ma’noda jahonga yuz tutdi 50 milliondan ziyod insonlar so‘zlashadigan o‘zbek tiliga jahonning nufuzli mamlakatlari – Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Germaniya, Hindiston, Xitoy, Eron, Iroq, Pokiston, Bangladesh, AQSH kabi davlatlarida qiziqish ortdi. Ayni paytda o‘zbek tilida o‘z ona tilidagidek so‘zlayotgan turli millat vakillari uchun tilimizning o‘ziga xos jilvasi va jarangi, go‘zalligi havas uyg‘otgan bo‘lsa, ne ajab! Chunki g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy bobomizning asarlari mehrigiyosini, buyuk ma’naviy qudratini dunyo xalqlari ilk bora o‘zbek tilida anglab, his etdilar. Zahiriddin Muhammad Bobur asarlaridagi vatanparvarlik, odamiylik tuyg‘ulari dunyo xalqlari qalblarini o‘zbaki so‘z ila mahv etdi!

Bu haqda 21 oktyabr – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan 30-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan adabiy-musiqiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilari faxrlanib so‘z yuritdilar.

“Qadring bo‘lsin baland!” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbirda maktab sahnasi o‘zbek tilining buyukligini jahonga ko‘z-ko‘z qilgan ulug‘ salaflar tomonidan yaratilgan matematik, jug‘rofiy, tibbiy kashfiyotlar, badiiy asarlar va ona tilimiz taraqqiyotiga oid suratlar, hikmatli iboralar bilan bezatildi. Maktab o‘quvchilari ona tili va adabiyot o‘qituvchilari bilan birgalikda tayyorlagan kuy va qo‘shiqlarni ijro etishib, ona tilimizni madh etuvchi she’rlarni ifodali aytib berdilar, biri-biridan dilrabo raqslari bilan tadbir ishtirokchilarini xursand qildilar.

Tadbir davomida 7 v-sinf o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan milliylikni targ‘ib etuvchi, qalblarda ona tilimizga hurmat va mehr tuyg‘usini uyg‘otuvchi sahna ko‘rinishini namoyish etishdi.

Sahna ko‘rinishi orqali tadbir ishtirokchilari o‘zbek tilidagi iboralar, xalq og‘zaki ijodining boy ma’naviy merosi, arxaik so‘z va iboralarning, boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar, atamalarning ma’no-mazmunlari, nutqimizdagi ahamiyati haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

“Qadring bo‘lsin baland!” mavzusida o‘tkazilgan bayram tadbiri o‘quvchi-yoshlar qalbida ona tilimizga hurmat va mehr tuyg‘ularini yanada mustahkamladi. O‘quvchi-yoshlar tadbirda shunchaki ishtirok etishmadi, balki qalblarida ona tilimizdan faxrlanish tuyg‘ulari yanada jo‘sh urib, ona tili o‘zlari uchun hayot qadar muqaddasligini, ona tili orqali qalblarida Vatanga cheksiz muhabbat hissi manguligini izhor etdilar.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.