“YASHIL” TOIFADAGI MAHALLANING FIDOYI HUDUDIY INSPEKTORI

Туман янгиликлари

Mahalla – xalqimizning ezgu orzu-umidlari, intilishlariga poydor go‘sha. Uning bag‘rida ona Yurt tayanchlari bo‘lgan yangi avlod kamol topadi, oilalar bunyod bo‘ladi, millat va xalq yaraladi. Shuning uchun ham biz qayerda bo‘lmaylik uning og‘ushiga intilamiz. Mahallamiz ostonasiga qadam qo‘yishimiz bilan oilamizning mehr taftini his etamiz. Ana shu hislar bizga orombaxsh lahzalarni hadya etadi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalladoshlar bilan hamjihatlik, o‘zaro mehr-oqibat rishtalaridan ko‘ngillarimizga xotirjamlik inadi, hovli-joyimiz, o‘zimiz yashab turgan makonni yanada obod, osoyishta, farovon hududga aylantirish istagida intilib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab yashayveramiz. Bu millatmizga, xalqimizga xos azaliy qadriyat.

Mang‘it shahrining Yangiobod mahallasi haqiqatan ham tobora yangilanayotgan, obod va farovon go‘sha. Ayni paytda mahalla hududidagi 510ta xonadonlar tarkibidagi oilalarda 2320 nafardan ziyod aholi istiqomat qilishadi. Aholining deyarli barchasi mahallaning osoyishta, tinch, har qanday yoqimsiz illatlardan xoli hududga aylanishi uchun o‘zlarini mas’ul deb bilishadi. Shu bois, 7 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan 266 nafar o‘spirinlar, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 345 nafar yoshlarning mahalla-qo‘yda, jamiyatda o‘zlarini tutishlari, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun ota-onalar, keksa-yu yosh birday e’tiborli. Ularning naxoratsiz qolishlariga, tungi ko‘ngilochar maskanlariga ruxsatsiz chiqib ketishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida hududiy profilaktika inspektori Matnazar Duysenboyev MFY raisi Roman Ro‘zmetov, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, mahalla hududidagi ta’lim-tarbiya muassasalari bilan doimiy hamkorlik asosida faoliyat olib boradi. Hamkorlik natijasi esa samarali.

Ayniqsa, hududiy profilaktika inspektori Matnazar Duysenboyevning MFY mas’ullari bilan hamkorlikda har oy uchun ishlab chiqib, amaliyotga joriy etayotgan chora-tadbirlar rejasi asosidagi tizimli ishlar tufayli so‘nggi yillarda mahalla hududida jinoyatchilikka barham berilib, mu’muriy huquqbuzarlik holatlari keskin kamaydi. Unga ko‘ra, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh qilishda MFY raisi, “Jasorat guruhi” a’zolari, fuqarolar yig‘ini Kengashi a’zolari. Jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan tezkor profilaktik tadbirlar natijasida 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida jinoyatchilik va salbiy holatlar umuman kuzatilmadi. Natijada Yangiobod mahallasi aholisi jinoyatchilik va turli yot g‘oyalarga berilish holatlaridan xoli, “yashil” toifadagi namunali hududga aylandi.

Albatta, bunga erishish o‘z-o‘zidan, oson bo‘lgani yo‘q. Bunda hududiy profilaktika inspektori Matnazar Duysenboyevning OFY mas’ullari bilan doimiy hamkorligi, qolaversa, hududda faoliyat olib boruvchi korxona va tashkilotlar, 2ta umumta’lim maktabi, 2ta MTT va Amudaryo muhandislik texnikumi rahbarlari, o‘quvchi va talaba-yoshlar bilan tez-tez uchrashib, ma’naviy-ma’rifiy mavzularda o‘tkazilayotgan suhbatlar, oshkora va samimiy muloqot tadbirlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Matnazar Duysenboyevning mazkur mahallada hududiy profilaktika inspektori vazifasida o‘z faoliyatini boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Lekin ishda muvaffaqiyat qozonish uchun vaqt emas, rejali sa’y-harakat muhim, degan shiorga qat’iy amal qilishga odatlangan M.Duysenboyev zimmasidagi mas’uliyatli vazifani ado etishda MFY mas’ullari, hududdagi ta’lim-tarbiya muassasalari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratdi. Faoliyatining dastlabki kunlaridanoq yig‘in raisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, hokim yordamchisi bilan birgalikda hududdagi 510ta xonadon va shu xonadonlar tarkibidagi oilalarga kirib borib, xalq bilan muloqotlar o‘tkazildi, profilaktik tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi. Mahalladagi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy muhit, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish holatlari o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bevosita xalq bilan hamkorlikda bartaraf etish choralari ko‘rildi. Bu kabi profilaktik chora-tadbirlar, albatta o‘zining ijobiy samarasini berdi va Yangiobod mahallasi hududida 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida talonchilik, nomusga tegish, tovlamachilik, odam savdosi, avtotransport vositalari bilan bog‘liq va o‘z joniga qasd qilish kabi jinoyatlar sodir etilmadi. Tergov-surishtiruv holatlari, ochilmay turgan jinoyatlar umuman yo‘q. Faqat 22ta ma’muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, ularning barchasiga belgilangan tartib va muddatlarda zarur choralar ko‘rilib, huquqbuzarlik holatlariga to‘liq barham berildi.

Hududiy profilaktika inspektorining faoliyat ko‘lami keng, vaqti qanchalik tig‘iz bo‘lmasin, Yangiobod mahallasining har bir qarich yeri, har bitta xonadoni va oilalarning tinchligini, osoyishtaligini ta’minlash maqsadida deyarli har kuni, ba’zan yarim tungacha o‘z xizmat vazifasi taqozosiga ko‘ra hududdagi savdo shoxobchalari, ko‘chalar holatini kuzatish, ko‘ngilochar maskanlarida o‘smir yoshdagi va voyaga yetmagan yoshlarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarsiz yurishlarining oldini olishga qaratilgan rejali reyd tadbirlari o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratdi. Ayniqsa, umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Giyohvandlik – yovuz illat”, “Kashandalik – sog‘lom hayot kushandasi”, “Diniy ekstremizm – jaholat sari yetaklaydi” mavzularidagi TTB shifokorlari bilan hamkorlikdagi davra suhbatlariga 7 yoshdan 18-30 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar va yoshlar qamrab olinayotgani, shuning “Tig‘”, “Xavfsiz tun”, “Davomat” reydlari o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Olib borilayotgan bu kabi profilaktik targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tufayli yangiobodliklar orasida turli yot g‘oyalarga beriluvchan yoshlar, giyohvandlar va ashaddiy kashandalar umuman yo‘q.

Inson borki, o‘zi va oilasining ta’minotini yaxshilash, farovon va obod turmush tarzini yaratish istagida yashaydi va mehnat qiladi. Ayni paytda yangiobodliklarning 35 nafari yashash joylaridan olis hududlarda halol va fidoyi mehnat bilan shug‘ullanishadi. Ularning oilalaridan tez-tez xabar olish, mehnat qilayotgan hududlaridagi vaziyat bilan yaqindan tanishish maqsadida tez-tez muhojirlikdagi fuqarolar bilan telefon orqali muloqotlarda bo‘lish M.Duysenboyevning doimiy kundalik ishiga aylangan.

Bu bilan hududiy profilaktika inspektori, mayor Matnazar Duysenboyevning kundalik ish faoliyati yanada kengayib boraveradi. Mehnat muhojirligidan qaytgan mahalladoshlarining tibbiy ko‘rikdan o‘tishlarini ta’minlash, maboda biron kasallik alomati borligi aniqlangan taqdirda ularning davolanishlari, asoratsiz sog‘lom hayotga qaytishlari uchun ko‘maklashish, bundan ham muhimi, har oy yakuni bo‘yicha yig‘in Kengashi a’zolari, jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari, mahalla faollari oldida hisobot berish, mahalla hayotiga oid galdagi vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan davlat tuzilmalari va keng jamoatchilik vakillari hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada rivojlantirish, mahalla hududini jinoyatchilik va huquqbuzarliklar dan xoli, yanada obod, ko‘rkam, ko‘kalamzor go‘shaga aylantirish nafaqat uning balki barcha mahalla ahlining ezgu niyati.

Matnazar Duysenboyevning shaxsiy ish rejasi qayd etilgan yon daftarida belgilab qo‘ygan ishlar qamrovi esa yanada keng: mahallada oilaviy nizolarga umuman barham berish, janjalkash, ichkilikka ruju qo‘ygan shaxslarni to‘liq sog‘lom hayotga qaytarish. Yangiobod mahallasini doimiy tinch va osoyishta, obodon “yashil” toifada rivojlantirishga hissa qo‘shish...

Ushbu vazifalarni sobitlik bilan amalga oshirish maqsadida mayor Matnazar Duysenboyev doimiy harakatda. Aniq va puxta rejalar asosida boshlangan ish esa hamisha el-yurt uchun manfaatlidir.

Xalq osoyishtaligi, Vatan obodligi va farovonligi yo‘lida hamisha o‘z postida sobit mayor Matnazar Duysenboyevga kasb bayramingiz qutlug‘, el-yurt manfaatini ko‘zlab qilayotgan ishlaringiz yanada samarali bo‘lsin, deymiz.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.