AMUDARYO TELEVIDENIYESI VA AXBOROT-KUTUBXONA MARKAZI XODIMLARI HAMKORLIGIDA INFOLIB – OʻZBEKISTON-23 HAFTALIGI DOIRASIDA KUTUBXONAGA SAYOHAT UYUSHTIRILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda 23-27 oktyabr kunlari Infolib O‘zbekiston – 2023  XII milliy Axborot-kutubxona haftaligi haqiqiy kitobsevarlik, ijodkorlik bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Haftalik doirasida ilmiy-amaliy anjumanlar, zamonaviy Axborot-kutubxona xizmatlarini yo‘lga qo‘yish borasidagi innovatsion loyihalar taqdimotlari, kutubxonachilarda yosh kutubxonalar uchun kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanish bo‘yicha seminar o‘quv-mashg‘ulotlari, taniqli yozuvchilar, shoirlarning yangi asarlari taqdimotiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuvlar, ijodkorlar bilan dildan suhbat tadbirlari, yosh kitobxonlarning Axborot-kutubxona markazlariga sayohatlari tashkil etilib, bu tadbirlarga ko‘plab kitobxon yoshlar qamrab olinmoqda.

Joriy yilning 25 oktyabr sanasida Amudaryo tuman Axborot-kutubxona markazida Infolib O‘zbekiston – 2023 XII milliy Axborot-kutubxona haftaligi doirasida yosh kutubxonachilar III forumi o‘tkazildi. Amudaryo televideniyesining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” grant-loyihasi ijodkorlaridan biri, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Robiya Yo‘ldosheva bilan hamkorlikda mazkur haftalik doirasida tashkil etilgan tadbirda Axborot-kutubxona Markazi xodimlari, kitobxon yoshlar, “Jayxun ilhomlari” NNT a’zosi shoira Zuhra Ahmedova hamda 55-sonli maktab o‘quvchilari ishtirok etdilar.

Tadbirni Axborot-kutubxona markazi xodimi Rohatoy Romanova ochdi va O‘zbekiston Infolib O‘zbekiston – 2023 milliy Axborot-kutubxona haftaligi Yosh kutubxonachilar III forumi Amudaryo televideniyesining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” grant-loyihasi ijodkorlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgani juda katta ramziy ma’noga ega ekanligini alohida e’tirof etdi.

Shundan so‘ng, “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar - kelajak poydevori” grant loyihasi koordinatori Robiya Yo‘ldosheva hamkorlikda tashkil etilgan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirning yoshlar hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati xususida fikr yuritib, ta’lim-tarbiya sohasining bosh manbai – ilm ekanligini, ilm esa kitoblar orqali egallanishini ta’kidladi. Tadbir ishtirokchilariga kitob o‘qishning beqiyos katta ahamiyatini o‘zbek xalqining buyuk qomusiy olimlari hayoti va faoliyatlari misolida ta’sirchan hikoyalar orqali so‘zlab berdi.

Tadbir davomida “Jayxun ilhomlari” NNT a’zosi, biri-biridan qiziqarli, hayotiy hikoyalar, go‘zal she’rlar muallifi Zuhra Ahmedova kitobxon yoshlar va yosh kutubxonachilarga o‘zining ijod maydoniga kirib kelishida kitobning o‘rni katta ahamiyat kasb etganini faxrlanib e’tirof etdi va yangi she’rlaridan o‘qib berdi. Tadbir davomida o‘quvchi-yoshlar kutubxonachi opalari hamrohligida Axborot-kutubxona kitob javonlari bo‘ylab sayohat qildilar. Sayohat jarayonida “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” grant loyihasi koordinatori Robiya Yo‘ldosheva, “Jayxun ilhomlari” NNT a’zosi, shoira Zuhra Ahmedova hamda Axborot-kutubxona markazi xodimlari kitobxon o‘quvchilarga badiiy asarlarni tanlashda yaqindan yordam berdilar. Kitobxon yoshlar kitoblar olamiga sayohat hamda shoira Robiya Yo‘ldosheva bilan uchrashuvdan olam-olam zavq oldilar va “Jayxun ilhomlari” NNT a’zosi Zuhra Ahmedova bilan dildan suhbatlashdilar.

Infolib O‘zbekiston – 2023 XII milliy Axborot-kutubxona haftaligi Yosh kutubxonachilar III forumi tashkilotchilari – Amudaryo tuman Axborot-kutubxona markazi xodimlari va Amudaryo televideniyesining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” grant loyihasi ijodkorlari hamkorligidagi kutubxonaga sayohat va shoira Robiya Yo‘ldosheva bilan ijodiy uchrashuv tadbiri yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni kitobxonlikka da’vat etish, ijodga moyil yoshlar iqtidorini rivojlantirish, shuningdek, yosh kutubxonachilar salohiyatini oshirish orqali yosh avlod vakillarining kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini rag‘batlantirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Muyassar XALILLAYEVA.