KUZGI KOʻKALAMZORLASHTIRISH ISHLARI QILICHBOY OVULIDA HAM JADAL DAVOM ETMOQDA

Туман янгиликлари

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi nihol ekish mavsumiga Qilichboy ovulida ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ovul hududidagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, aholi xonadonlarida loyiha doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish va to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlari jadal davom etmoqda.

26 oktyabr kuni ushbu ovulda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, to‘qsonbosti ekinlarini ekish va parvarishlashni yanada samarali tashkil etishga qaratilgan xayrli tadbirlarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, hokim o‘rinbosarlari, sektorlar rahbarlari, fuqarolar yig‘ini mas’ullari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab ovul fuqarolar yig‘inida tuman hokimi Sobir Xo‘jametov hamda sektorlar rahbarlari ishtirokida yig‘inda faoliyat olib borayotgan mas’ullar tomonidan o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan “mahalla yettiligi”ning vazifalari va faoliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ma’lumki, ovul va mahallalarda tashkil etilgan “beshlik tizimi” endilikda “mahalla yettiligi”ga aylantirilib, ular qatorida mahalla boshqaruviga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham faoliyat boshlaydi. Ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar mahallaning o‘zida hal qilinadi.

Yig‘ilishda shu kabi masalalar yuzasidan so‘z yuritilib, mahallada qulay va elektron ish yuritish yo‘lga qo‘yilishi, amaldagi uchta platforma – “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” o‘zaro integratsiya qilinib, yagona tizimda mujassamlashtirilishi ta’kidlab o‘tildi. Shuningdek, “mahalla yettiligi” ishini muvofiqlashtirishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytirilishi, ular hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimni rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo qo‘llash bo‘yicha taqdimnoma kiritish vakolatiga ega bo‘lishi kabilar to‘g‘risida kengroq ma’lumotlar berildi.

Yig‘ilishdan so‘ng, tuman hokimi va sektorlar rahbarlari, fuqarolar yig‘ini mas’ullari ovul hududidagi 22-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga tashrif buyurib, muassasa atrofidagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishib chiqishdi. Mas’ullar tashkilot hovlisida ajratilgan maydonga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatlarini o‘tqazish ishlarida ishtirok etishdi.

Tadbir davomida ushbu maydonda 100 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, mahalla faollari hamda jamoatchilikka qishloq xo‘jaligi mutaxassislari tomonidan ko‘chat ekishning o‘ziga xos agrotexnik qoidalari haqida tushuntirishlar berildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasining ahamiyati, undan ko‘zlanayotgan maqsadlar batafsil tushuntirildi, ekologik madaniyatni yuksaltirish borasida fikrlar bildirildi.

Ovulga tashrif buyurgan mas’ullar hududdagi aholi tomorqalaridagi to‘qsonbosti usulida ekilgan ekinlar parvarishi bilan ham tanishish maqsadida Qo‘chqor Nurimov xonadonida bo‘lishdi. Hududdagi tajribali dehqon, namunali tomorqachilardan biri bo‘lgan xonadon sohibi Qo‘chqor Nurimovning tomorqasi 16 sotixdan iborat. Tomorqaning 3 sotix maydonida issiqxona tashkil etilgan. Issiqxonada ukrop, kashnich, salat bargi kabi ko‘katlar, rediska, karam va boshqa sabzavotlar yetishtirilib, oilaning ehtiyoji va bozor ta’minlanadi. Qo‘chqor Nurimov oila a’zolari bilan birgalikda to‘qsonbosti ekinlaridan piyoz va sarimsoqpiyoz ekishni, ulardan ham daromad olishni yo‘lga qo‘ygan.

Tadbir ishtirokchilari ushbu ekinlar parvarishi bo‘yicha tajribali dehqonning fikr-mulohazalarini tinglab, ekinlarni zararkunandalardan himoya qilish, qish davomidagi sovuqdan asrash, oziqlantirib borish bo‘yicha tavsiya va maslahatlar ham berishdi.

Tadbir hududdagi 15-sonli umumta’lim maktabida davom ettirildi. Tuman hokimi Sobir Xo‘jametov ta’lim maskanida o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, erishilayotgan yutuqlar, ta’lim-tarbiyani yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan qiziqdi. Shundan so‘ng, sektorlar rahbarlari va boshqa mas’ullar ishtirokida maktab hovlisida ko‘chat ekish ishlari tashkil etildi. Maktab hovlisidan loyiha doirasida yashil bog‘ yaratish uchun ajratilgan yer maydoniga manzarali daraxtlar, archa ko‘chatlari o‘tqazildi va soha mutaxassislari tomonidan ko‘chatlarni parvarishlashning agrotexnik qoidalari tushuntirildi.

Ovuldagi 83-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurgan mas’ullar o‘quvchilarning tasviriy san’at yo‘nalishidagi ijodiy ishlari, erishilgan yutuqlari namoyish etilgan ko‘rgazma bilan tanishishdi. Ta’lim maskanida yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishgan mas’ullar o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan qiziqishdi.

Maktabda faoliyat ko‘rsatayotgan sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha to‘garak mashg‘ulotlariga turli yoshdagi o‘quvchilar jalb etilgan. Sport zalining yetarli darajada jihozlar bilan ta’minlangani mashg‘ulotlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tajribali sport murabbiyi, jismoniy tarbiya o‘qituvchisidan sport mahorati va sirlarini o‘rganayotgan maktab yoshlari tuman, respublika miqyosidagi musobaqalarda faxrli o‘rinlar g‘oliblari bo‘lishmoqda.

Ushbu maktab hovlisida ham mas’ullar ishtirokida “Yashil makon”ning kuzgi mavsumidagi ko‘chat o‘qazish ishlari bo‘lib o‘tdi. Ko‘kalamzor hududda joylashgan maskan atrofidagi yashillikni yanada ko‘paytirish maqsadida turli manzarali va mevali daraxtlar ko‘chatlari ekildi.

Tadbir davomida tuman mas’ullari ovul hududidagi “Amirxon” fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan kuzgi ishlar bilan tanishdilar. Xo‘jalikda asosan paxta va g‘alla yetishtiriladi. Ayni paytda bug‘doy nihollari unib chiqqan dalalarda texnikalar yordamida kuzgi oziqlantirish ishlari davom etmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari nihollarning o‘sib rivojlanishida bargdan oziqlantirish, ya’ni suspenziya sepish katta ahamiyatga egaligini, bunday oziqlantirish barcha fiziologik jarayonlarni jadalllashtirib, tashqi muhitga chidamliligi, mineral o‘g‘itlar samaradorligini oshirishini ta’kidlab o‘tishdi.

Tadbir ishtirokchilari fermer xo‘jalik hududidagi dala chetlariga uzum ko‘chatlarini o‘tqazishdi. Shuningdek, uzumchilik bu – xalqimizning asrlar davomidagi milliy dehqonchilik madaniyati, qadriyati, g‘ururi va daromad manbai hisoblanishini, uning iqtisodiy samaradorligi ham, ijtimoiy ahamiyati ham kattaligini alohida ta’kidlashdi va kelgusida tumanda uzum yetishtirish ko‘lamini kengaytirishga doir rejalar borasida ham so‘z yuritildi.

 Prezidentimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish ishlarini boshlash borasida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizning barcha hududlarida shu kabi ishlar jadal amalga oshirilmoqda.

Ozoda Xudoyberganova.