NURONIYLAR YOSHLAR KAMOLI YOʻLIDA SAʼY-HARAKATDA

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda keksa yoshdagilar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tobora kuchaytirilmoqda. Viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman va shaharlarida Nuroniylar jamoatchilik kengashlari tashkil etildi. “Keksalar haftaligi”, “Keksalar uchun turizm oyligi”ni o‘tkazish an’anaga aylandi. Keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirish bilan bir qatorda ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga, mahallalarda tinchlik, osoyishtalikni ta’minlashda, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda ishtirokini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Mahallalarda “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida hayotiy va katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli nuroniylarni ishsiz, tarbiyasi og‘ir va muammoli yoshlarga biriktirish orqali ularning jamiyat uchun foydali insonlar bo‘lib yetishishlariga ko‘mak berilmoqda.

Amudaryo tumanida faoliyat yuritayotgan “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi tomonidan keksalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash, ularning boy hayotiy tajribalarini yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatish, oilalar birdamligini saqlash, o‘zaro ahil qo‘shnichilik munosabatlarini qaror toptirish, oilalarda avlodlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani saqlash va qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada so‘z ketar ekan, eng avvalo tuman “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi Bekman hoji ota Allamberganovning “Amudaryo telekanali”da muntazam olib borayotgani Odoblar xazinasi” ruknidagi yoshlar tarbiyasi, oilaviy munosabatlar, kasblar haqidagi, inson hayotiga doir, islom dinining inson hayoti go‘zal va mazmunli bo‘lishidagi roliga doir ko‘rsatuvlarini alohida e’tirof etish joiz. Shuningdek, otaxon sa’y-harakatlari bilan tashkil etilgan kutubxonadagi mingdan ortiq nusxada turli mavzulardagi adabiy, ilmiy ommabop kitoblar keksa otaxon, onaxonlargagina emas, yoshlarga ham manzur bo‘layotir.

Jamoatchilik kengashi a’zolari tumanimizda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning yuksak saviyada o‘tkazilishiga munosib hissa qo‘shib kelishmoqda. “Uch avlod uchrashuvi”, “Keksalar o‘giti” kabi tadbirlar yoshlarga hayotiy saboq beradigan maktabga aylanmoqda.

Mahalla va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, ajrimlarning oldini olish, yoshlar, ayniqsa qizlarni milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizga sodiqlik ruhida tarbiyalashda tuman Mahallani qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limida faoliyat yuritayotgan “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashining ham munosib o‘rni bor.

Kengash raisi, “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori, “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xonimjon Rajabova kengash a’zolari bilgan birgalikda nuroniy onaxonlarni ijtimoiy-siyosiy hayotga keng jalb etish orqali oilalar va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirishga, yoshlarni imon-e’tiqodli, milliy odob va urf-odatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

“Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi tomonidan joriy yilda ham yigit va qizlarni oila qurishga tayyorlashga ko‘maklashish, tuman hududidagi tarbiyasi og‘ir, huquqbuzarlikka moyil yoshlar ayniqsa, qizlar bilan tarbiyaviy ishlarni olib borish, yoshlar o‘rtasida “ommaviy madaniyat ko‘rinishidagi salbiy illatlar tarqalishining oldini olish borasida qator tadbirlar o‘tkazildi.

Xonimjon Rajabova tumanimizning qaysi burchagidagi odamlar bilan uchrashsa-da, farzand tarbiyasiga alohida e’tibor bilan qarash, ularning qiziqish va intilishlarini hurmat qilish, do‘stona munosabatda bo‘lish va ilmli, sog‘lom bo‘lib voyaga yetishishlariga erishish lozimligini ta’kidlaydi.

Ayni kunda u rahbarlik qilayotgan maktabda 7ta yo‘nalishdagi 69ta to‘garakda 1668 nafar o‘quvchilar fanlarni chuqur o‘rganishib, kasb-hunarlar bo‘yicha ilk bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishmoqda. Ularga 65 nafar pedagog xodimlar ta’lim-tarbiya berib, kasb-hunar sirlarini o‘rgatishmoqda.

“Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi raisi Xonimjon Rajabova o‘z xizmat burchini sidqidildan ado etish barobarida jamoat ishlarida ham doim faol. Uni goh bolalar bilan turli mavzularda suhbatlashayotgan chog‘ida, goh nuroniy onaxonlar bilan kengash faoliyatiga doir vazifalar xususida kengashayotgan vaqtida uchratasiz. Onaxonning niyati har bir farzand yurtimizga munosib bo‘lib voyaga yetib, oilalarda, oilalardan tashkil topgan yurtimizda tinchlik, osoyishtalik hukmron bo‘lishidir. “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi sa’y-harakatlari ham shu maqsadga qaratilgan.

Oygul RAJABOVA.