“YOSH KITOBXON” TANLOVINING TUMAN GʻOLIBLARI ANIQLANDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida an’naviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi tobora keng qamrov kasb etmoqda. 3ta yosh toifasida, 5 bosqichda o‘tkaziladigan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir doirasida ayni paytga qadar 3,6 million nafardan ortiq yoshlar ishtirok etishib, ulardan 14 nafari tanlovning mutlaq g‘oliblari bo‘lishdi va Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomobillari bilan mukofotlandilar.

Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, 5ta muhim tashabbus doirasidagi tadbirlarga yoshlarni keng jalb qilish orqali ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan mazkur tanlov yil sayin ko‘proq yoshlarni jalb qilmoqda.

Diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, umumbashariy sivilazatsiyaga, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida Respublika miqyosida tashkillashtirilayotgan “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi har yili yuksak iqtidor egalari bo‘lgan bilimdon yoshlarni kashf etmoqda.

Amudaryo tumanida ham har yili “Yosh kitobxon” tanlovi yuksak uyushqoqlik bilan, ko‘tarinki ruhda o‘tkaziladi. Tanlov ishtirokchilari orasida Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomobili sovrindorlarining ham borligi amudaryolik yoshlarning intillektual salohiyati yuksakligidan dalolatdir.

Joriy yilning 27 oktyabr sanasida bo‘lib o‘tgan “Yosh kitobxon” tanlovining Amudaryo tuman bosqichi ham ma’naviyatga oshno, axloqan yetuk, bilimdon yoshlar safi tobora oshib borayotganining amaliy isboti sifatida e’tirof etildi. Unda 3ta yosh toifasidagi, ya’ni, 10-14, 15-19, 20-30 yosh toifalaridagi tanlovning hududiy bosqichlari g‘oliblari bo‘lgan 36 nafar kitobxon yoshlar ishtirok etdilar.

Mang‘it shahrining Oybek nomli mahallasida o‘tkazilgan tanlovning adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Amudaryo tuman bo‘limi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman bo‘limi mas’ullari rahbarligida nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan tanlov Nizomiga muvofiq kitobxonlar bilimi odilona baholab borildi.

Tanlov Nizomiga ko‘ra, ishtirokchilar 4ta savolga tezkor javob berishlari talab etildi va savollar bilet tanlash orqali tanlab olindi, javob berish uchun esa 2 daqiqa vaqt ajratildi. Ishtirokchilarning bilimdonlik saviyasi 100 ballgacha bo‘lgan baholash tizimi orqali baholab borildi.

Hayajonli daqiqalarga boy, qiziqarli savol-javoblar asosida o‘tkazilgan “Yosh kitobxon” tanlovining Amudaryo tuman bosqichi yakunlariga ko‘ra, 10-14 yoshli kitobxonlar orasida Charosxon Safarboyeva, 15-19 yosh toifasida Sveta Xudoyorova, 15-19 yosh toifasida Omongul Jo‘lliboyevalar yuqori ball to‘plab, “Yosh kitobxon” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldilar.

Tanlov g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildilar.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.