ARNABOʻYI MAHALLASIDA HUDUD OSOYISHTALIGINI ASRASHDA HAMKORLIKDA ISH OLIB BORILMOQDA

Туман янгиликлари

Mahallada tinch-osoyishta muhit yaratish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, yoshlarning o‘qishga, sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ularni Vatanga sadoqat, millatga muhabbat ruhida tarbiyalash, shuningdek, barcha jabhalarda yetuk kadrlar bo‘lib yetishishga da’vat etish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Shunga ko‘ra yurtimizda bu boradagi islohotlar va belgilab berilgan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Tumandagi www.amunews.uz veb saytining “Sog‘lom muhit – sog‘lom hayot” grant loyihasi doirasida Arnabo‘yi mahallasida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, jinoyat sodir etishga moyil, muqaddam sudlangan va jinoyat sodir qilgan shaxslar bilan ishlashish borasida yo‘lga qo‘yilgan ishlar o‘rganildi. O‘rganishlar davomida mahallada barcha ishlar fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat Sultonov, hokim yordamchisi Siroj O‘rozmatov, xotin-qizlar faoli Shahrizoda Ozodova, yoshlar yetakchisi Shahzod Nuraddinov hamda profilaktika inspektori Davron Karimovlar tomonidan hamkorlikda olib borilayotgani, hududda tinchlik-osoyishtalik hukmronligi, hudud aholisi bexavotir hayot kechirayotgani ma’lum bo‘ldi.

Arnabo‘yi mahallasida 4350 nafar aholi yashaydi. Mahalla hududidagi O‘rtaqal’a, Qarshilixo‘ja, Polvonqul aholi punktlarida 803 ta xonadonda yashaydigan o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq, rus, tatar millatlariga mansub aholi tinch-totuv hayot kechirmoqda. Aholining aksariyati dehqonchilik bilan shug‘ullansa, ko‘pchiligi davlat tashkilotlarida, ayrimlari tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Hududdagi 27-, 57-, 33-sonli maktablarda ta’lim-tarbiya ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlari mazmunli o‘tishini ta’minlash maqsadida turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Mahalladagi ishsiz fuqarolarning kredit va subsidiyalar olishiga, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashilayotgani, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ularning bo‘sh paytlari mazmunli o‘tishi doim e’tiborda bo‘layotgani, to‘y-marosimlarni tartibli o‘tkazishda mahalla yoshi ulug‘lari bilan bamaslahat holda ish olib borilayotgani ijobiy samara ko‘rsatmoqda. Hududdagi yosh yigit-qizlarga o‘z hayotlarida to‘g‘ri yo‘lni topishlarida, kasb-hunar egallashlarida, kelin-kuyovlarga mustahkam oila qo‘rg‘onini yaratishda nuroniy otaxon va onaxonlarning pand-nasihatlari, o‘git va maslahatlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Undan tashqari, profilaktika inspektori Davron Karimovning mahallada huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda ko‘rsatayotgan jonbozligi, samarali chora-tadbirlarni amalga oshirayotgani natijasida mahalla “Yashil” toifadagi hududlar qatoriga kiritildi.

O‘tgan davr mobaynida mahalla hududida bezorilik, bosqinchilik, firibgarlik, o‘g‘irlik, talonchilik kabi jinoyatlar sodir etilishining oldi olindi. Tan jarohatini yetkazish va avtoavariya holatlari esa kamaytirishga erishildi. Joriy yilning 9 oyi davomidagi ishlar “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida “mahallabay, xonadonbay” tarzda tashkil etilib, oilalar o‘rganildi. O‘rganishlar davomida huquqbuzarlik va jinoyat sodir etish mumkin bo‘lgan hamda jabrlanuvchiga aylanib qolish ehtimoli yuqori bo‘lgan fuqarolar aniqlandi va mahalla beshligi tomonidan ular bilan ishlashish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi.

Undan tashqari, fuqarolardan kelib tushayotgan og‘zaki, yozma va elektron shakldagi 80 dan ziyod murojaatlar o‘rganilib, barchasi ijobiy hal qilindi. Aholi muammolarini uyma-uy yurib o‘rganish davomida aniqlangan muammolarni hal qilish maqsadida tegishli idora-tashkilotlarga 25 ta taqdimnomalar kiritilgan bo‘lsa, ushbu muammolarning 85 foizdan ortig‘iga ijobiy yechim topishga erishildi. Shuningdek, muqaddam jinoyat sodir qilib, hozirda sud qarori bilan probatsiya hisobida turgan holda “ozodlikdan cheklash” jazosini o‘tayotgan hamda ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilib, profilaktik hisobda turgan shaxslarning ham yashash sharoiti va oilaviy ahvoli yaqindan o‘rganilib, doimiy nazoratga olindi.

Shu qatorda doimiy ravishda mahalla hududida joylashgan 27-, 33- hamda 57-sonli maktablarda haftaning har payshanba kuni “profilaktika kuni” tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Shuningdek, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlari ham amalga oshirilmoqda. Mahalla hududida joylashgan savdo obyektlari, ko‘ngilochar maskanlar, oshxona, kafelarda jamoat tartibi, fuqarolar xavfsizligi, mol-mulki daxlsizligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarlikning oldini olish maqsadida har kuni tungi patrullik tashkil etilib, xizmat olib borilmoqda.

Tumandagi www.amunews.uz veb saytining “Sog‘lom muhit – sog‘lom hayot” grant loyihasi ish rejasiga muvofiq o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Arna bo‘yi mahallasi mas’ullari o‘zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlikda hamkorlikda faoliyat olib borishayotgani, samarali natijalarga erishilayotgani ma’lum bo‘ldi. Loyiha ijrochilari boshqa ovul va mahallalardagi ibratli ishlarni namuna qilib ko‘rsatish, ommalashtirish maqsadida hamkor tashkilotlar ishtirokida boshqa hududlarda ham shu kabi tadbirlarni tashkil etishga kelishib olishdi.

O.Xudoyberganova.