TAJRIBA-SINOV MAKTABLARIDA MARKAZLASHGAN HOLDA CHORAKLIK SUMMATIV BAHOLASH JARAYONI OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 maydagi «Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash borasida Amudaryo tumanida ham izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Farmonga muvofiq maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limni yangi bosqichga olib chiqish, uning sifatini oshirish hamda ta’lim dasturlarini takomillashtirish maqsadida 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab, bosqichma-bosqich bilimni baholashning yangi tartibini joriy etish va unga ko‘ra o‘qituvchi tomonidan o‘quvchilarning o‘tilgan mavzuni amaliyotda qo‘llay bilishi, tanqidiy fikrlashi va berilgan materialni tahlil qila olishi kabi ko‘nikmalarini baholash vazifasi belgilangan.

Ushbu farmonda berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining «Tajriba-sinov maktablarida bilimni baholashning yangi tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi 2023 yil 16 avgustdagi buyrug‘iga asosan Amudaryo tumanidagi umumta’lim maktablaridan 3 tasi, yani 18-, 36- va 55-sonli maktablar tajriba-sinov maktablari sifatida tanlab olingan. 1 noyabr kuni mazkur maktablarda bilimni baholashning choraklik summativ baholash jarayoni o‘tkazildi. Unda mazkur maktablarning direktorlari, direktor o‘rinbosarlari va fan o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

Tajriba-sinov maktablarida markazlashgan holda o‘tkazilgan choraklik summativ baholash jarayoni 5-7-sinflarda ona tili va adabiyot hamda matematika, 8-9-sinflarda ona tili va adabiyot, matematika va biologiya, 10-11-sinflarda ona tili va adabiyot, matematika va kimyo fanlaridan, shu bilan birgalikda 10-sinfda tanlov asosida ona tili va adabiyot, matematika va ingliz tili fanlaridan amalga oshirildi.

Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad yangi baholash tizimini joriy etishda maktablar direktorlari va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining vazifalarini amalda ko‘rsatib berish, shu bilan birga chorak bo‘yicha summativ baholashning adolatli va shaffof o‘tkazilishini nazoratga olishdir.

Chorak bo‘yicha summativ baholashlarning haqiqatan Baholash markazi tomonidan taqdim etilgan baholash mezonlariga asoslangan materiallar asosida amalga oshirilishi va tekshirilishi ma’lumot sifatida aytib o‘tildi. Shuningdek, bundan maktab metod birlashma rahbarlari hamda fan ustozlari tomonidan tahlil qilinishi uchun asosli tizimni o‘rnatish kerakligi ta’kidlandi. Natijada, tajriba-sinov maktablarida 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich bilimni baholashning yangi tartibi joriy etilib, uning doirasida o‘qituvchi tomonidan o‘quvchilarning o‘tilgan mavzuni amaliyotda qo‘llay bilishi, tanqidiy fikrlashi va berilgan materialni tahlil qila olishi uchun zamin yaratiladi.

Tajriba-sinov maktablarida 2023-2024 o‘quv yili 1-chorak yakunlarini choraklik summativ baholash maxsus ishchi guruhlari rahbarlari – 1-ishchi guruh rahbari Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktabi direktori Otabek Yo‘ldoshov, 2-ishchi guruh rahbari – shu maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ravshan Xolmurodov, 3-ishchi guruh rahbari, shu maktabning ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Muyassar Rahmatullayevalar tomonidan amalga oshirildi.

Ishonamizki, bu choralar kelgusida o‘quvchilarning fanlarni yanada chuquroq o‘zlashtirishlarida muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

 Oygul RAJABOVA.