Yurtimizda xonadonlar fayzi, farishtasi bo‘lgan nuroniy otaxon va onaxonlarga alohida hurmat ko‘rsatish, e’zozlash ham millatimizga xos bo‘lgan qadriyatlardan biri sanaladi. Darhaqiqat, yoshi ulug‘ insonlar bor bo‘lgan uyning fayz-u barakasi ham boshqacha bo‘ladi. Ular farzandlar va nabiralarning nafaqat duogo‘yi, balki eng yaqin maslahatchisi, o‘z hayotiy tajribalari asosida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchilardir.
Shu bois keksa avlod vakillarini ulug‘lash, ularning tajribasiga tayanish oilalarimizdagi kabi jamiyatda ham o‘z ifodasini topmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan, inson manfaatlari ustuvor davlatimiz siyosatida yoshi ulug‘ insonlarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, turmush darajasini oshirish eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Amudaryo televideniyesi tahririyatining “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli grant loyihasi doirasida ham “Keksalar – xonadonlarimiz fayzi va farishtasi” shiori ostida keksalarni e’zozlash, ularning pand-nasihatlarini yoshlarga yetkazish orqali jamiyatda o‘zaro hurmat va mehr-muhabbat, yuksak axloqiy va ma’naviy qadriyatlar muhitini shakllantirish borasida tadbirlar tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlar muntazam ravishda tumandagi ommaviy axborot vositalarida yoritib borilmoqda.
Ayni paytda Amudaryo tumani “Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi raisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Bekman ota Allaberganov ham bu borada ibratga loyiq, arzigulik ishlar amalga oshirmoqda. Otaxon uzoq yillar ta’lim tizimida va boshqa sohalarda fidoyilik bilan mehnat qilib, nafaqaga chiqqan bo‘lishiga qaramasdan o‘zini ezgu va xayrli ishlarga baxshida etib kelmoqda.
Bekman otani nafaqat tumanimizda, balki butun qoraqalpoq elida faol nuroniy sifatida juda yaxshi tanishadi. Ota doim xalq orasida, pand-nasihatlari, o‘git va maslahatlari bilan hammani ezgu ishlarga da’vat qilib kelmoqda. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga juda e’tiborli, ularning yurt kelajagiga munosib, komil insonlar bo‘lib voyaga yetishlari uchun astoydil jon kuydiradi. Hali-hamon xalq xizmatida yurgan Bekman Allaberganovning Amudaryo televideniyesidagi “Odoblar xazinasi” mualliflik ko‘rsatuvi va xalqimizga xos bo‘lgan milliy-ma’naviy qadriyatlarni avaylab-asrashga qaratilgan davra suhbatlari, tadbirlarini har doim xalqimiz sevib qarshi oladi. Bugungi kunda uning ishtirokidagi tarbiyaviy ko‘rsatuvlarning muxlislari juda ko‘p.
Hozirgi kunda Toshyop ovulida yashayotgan Bekman Allaberganov 1947 yilda tug‘ilgan. U 1963-1968 yillarda Toshkent Davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetini tamomlab, uzoq yillar 16-sonli va 5-sonli umumta’lim maktablarida o‘quvchi-yoshlarga fizika-matematika fanlaridan saboq berdi. Tashabbuskor, xalq hayotiga doir muammolar yechimini topishdagi o‘ziga xos fikrga ega bo‘lgan Bekman Allaberganov tuman rahbariyatining nazariga tushib, 1987-1995 yillarda Xalq deputatlari Amir Temur nomli ovul Kengashi ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari vazifasiga qo‘yildi. Keyinchalik bir necha yil tadbirkor sifatida faoliyat yuritgan Bekman Allaberganov 1999-2003 yillar oralig‘ida Amir Temur nomli ovul mahalla posboni sardori, 2003-2008 yillarda esa mazkur fuqarolar yig‘ini raisi vazifalarida sidqidildan mehnat qildi.
Xalqqa fidokorona xizmat qilgan otaxon nafaqaga chiqqanidan keyin 2014-2017 yillarda “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi, 2017-2020 yillarda esa O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi vazifalarida ishladi. Shu davrlar ichida qanchadan-qancha ezgu ishlarga kamarbasta bo‘ldi, oilaviy nizolar, ajrashishlarning oldi olinishiga, yoshlarning odob-axloqli, yetuk insonlar bo‘lib kamolga yetishlariga hissa qo‘shdi, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashdi.
El-yurt fidoyisi Bekman ota haliga qadar tinib-tinchimaydi. Goh u mahallada, goh bu ovulda fuqarolar yig‘ini mas’ullari, faollari bilan uchrashadi. Ularga boy hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, maslahatlar beradi, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatadi. Xonadonlarga kirib borib, o‘zi kabi nuroniylarning suhbatidan bahramand bo‘ladi, yangi oila qurgan yoshlarga esa pand-nasihatlar berib, inoqlikda umr kechirishga, mustahkam oila qo‘rg‘onini bunyod etishga chaqiradi.
Bugun faqatgina oilaviy hayotda emas, balki turli sohalarda erishayotgan yutuqlarimizda ham mo‘tabar keksalarimizning ulkan xizmatlari bor. Bekman ota Allaberganov kabi tabarruk insonlar, duogo‘ylarimizning erta-yu kech tillaridan tushmaydigan duo-yu tilaklari bois, yurtimizda tinchlik barqaror, xonadonlarda chiroyli to‘ylar bo‘lmoqda.
Keksalari e’zoz topgan yurtning kelajagi ham obod bo‘ladi deyishadi. Elimiz fayzi, farishtasi bo‘lgan ana shunday nuroniylarimiz e’zoz va hurmatda bo‘lib, uzoq hayot kechirsin.
O.Xudoyberganova.