Amudaryo tumanida faoliyat yuritayotgan “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan aholi ma’naviyatini yuksaltirish, fuqarolarning ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashish, iqtidorli yoshlarning ijodiy salohiyatlarini yuzaga chiqarish, ularni turli zararli illatlardan ishonchli himoya qilish maqsadida turli tashkilotlarda, ovul fuqarolar yig‘inlarida, ta’lim maskanlarida uchrashuvlar, davra suhbatlari, tanlovlar o‘tkazilib kelinmoqda. Tashkilotning “Besh tashabbus – besh imkoniyat!” nomli davlat granti loyihasi doirasida ham bu boradagi ishlar uzluksiz davom ettirilmoqda.
O‘tgan yilning noyabr oyidan buyon mazkur loyiha asosida ish faoliyatini olib borayotgan tashkilot manzilli qo‘llab-quvvatlash daftarlariga kiritilgan voyaga yetmaganlarni, oilalar hamda ushbu toifadagi onalarning farzandlarini Prezidentimizning yoshlar tarbiyasiga oid besh muhim tashabbusi doirasidagi tadbirlarga ham jalb qilib kelmoqda.
Tashkilot xodimlari beshinchi tashabbus doirasida manzilli qo‘llab-quvvatlash daftarlariga kiritilgan xotin-qizlarning bandligiga ko‘maklashish maqsadida o‘zini-o‘zi band qilgan holda uy sharoitida mehnat qilib daromad topayotgan Bo‘ston mahallasida istiqomat qilayotgan ayol-qizlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Hozirgi kunda Bo‘ston mahallasidagi 780ta xonadonda 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ayni kunda mahallada “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 45 nafar, “Temir daftar”ga kiritilgan 24 nafar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 86 nafar fuqaro bilan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mahalla hududida ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari, savdo-sotiq shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hududda xususiy tadbirkorlik ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Mahallada yashovchi Guljon Otajonova o‘z uyida tikuv sexi tashkil qilib, o‘z chevarlik hunarini ko‘pgina yoshlarga o‘rgatib kelmoqda. Buyurtma asosida tikilayotgan har bir kiyim-boshlar va uy anjomlari, to‘y liboslari xaridorgirligi bilan chevarlarni yangi ish unumiga chorlamoqda.
Mahallaning yana bir ishbilarmon ayoli Gulchehra Sultonova esa mana o‘ttiz yildirki, nonvoylik kasbini ardoqlab kelmoqda. Shu yillar ichida Gulchehra opadan hunar o‘rgangan shogirdlar soni 100 nafardan oshib ketdi. Mahalla hududida hunarmandlar, xususiy tadbirkorlar safi kun sayin ko‘payib bormoqda.
Aytish joizki, grant loyihasi ish rejasiga asosan beshta muhim tashabbusning beshinchi tashabbusi doirasida ayol-qizlarni ishga joylashtirish maqsadida uchrashuvlar tashkil qilinib, o‘zini-o‘zi band qilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, daromad topayotgan ayol-qizlarning ish tajribalari ommalashtirib borilishi natijasida tumanimizda ularning izdoshlari kun sayin ko‘payib bormoqda.
Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan har bir tadbirning ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borilishi omma e’tiborini o‘ziga tortib ijobiy natijalar qo‘lga kiritilmoqda.
Hozirgi kunda respublikamizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham aholining, ayniqsa yoshlar va ayol-qizlarning ish bilan bandligini ta’minlashga ulkan e’tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatimiz tomonidan turli qonun hujjatlari qabul qilinib, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Uquvli, ishga layoqatli yoshlar, ayol-qizlarga davlatimiz tomonidan yordam berilib, ularga yangi tikuv mashinalari, zamonaviy ish qurollari olib berilayotgani tadbirkor va ishbilarmon ayollar safi kengayishiga zamin yaratmoqda.
Natijada ayollarning ham ish bilan bandligi ta’minlanib, ularning mehnatlari oilaning qo‘shimcha daromad manbaiga aylanmoqda.
O‘rozali RЕYIMOV.