Bugungi kunda barcha joylarda bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Davlat dasturlari ijrosi yuzasidan bir qator amaliy ishlar qilinmoqda. Ushbu dasturlar doirasida, va umuman, yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning va kechayotgan o‘zgarishlarning tub zamirida yurtdoshlarimizning turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni bugungi hayotidan to‘laqonli rozi bo‘lib yashashlariga erishishdek ezgu maqsadlar mujassam.
Ko‘p yillar davomida fuqarolar uchun hattoki oddiy turmush sharoiti bo‘lmagan chekka hududlardagi aholi punktlarida bugun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasidagi xayrli ishlar jadallik bilan olib borilayapti.
Ushbu davlat dasturlarini samarali va o‘z vaqtida ijro qilish sektorlar rahbarlarining ham doimiy e’tiborida.
2 noyabr kuni Amudaryo tumanidagi sektorlar rahbarlari Boyovul mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Tumanda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish hamda aholi murojaatlarini tinglab, ijobiy hal qilish maqsadida tashkil qilingan o‘rganish jarayonida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlari mutasaddilari ham ishtirok etishdi.
Tashrif davomida mas’ullar Boyovul mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Fuqarolarning suyultirilgan gaz, elektr energiyasi bilan bog‘liq murojaatlari tinglandi. Muammolar yechimi bo‘yicha tegishli mas’ullarga vazifalar yuklatildi. Shuningdek, mahallada aholini qiynayotgan muammolar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli tavsiya va aniq topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, sektorlar rahbarlari ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi sharoitini o‘rganish jarayonida bir nechta xonadonlarda ham bo‘ldilar. Ularning yashash sharoitlari, turmush tarzi va muammolari mas’ullar tomonidan o‘rganilib, zarur vazifalar belgilab olindi.
Shu kuni mas’ullar tuman Gaz ta’minoti korxonasiga tashrif buyurib, havo haroratining pasayishi davrida iste’molchilarga suyultirilgan gazni uzluksiz, bir maromida yetkazib berish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni nazorat qildilar.
Keyingi yillarda tuman aholisi sonining oshganligi tufayli tabiiy gazga bo‘lgan talabi ham ortgani sir emas. Shu sababli, tumanning tabiiy gaz yetib bormagan chekka joylariga suyultirilgan gazni yetarli miqdorda va o‘z vaqtida yetkazib berishga katta e’tibor qaratilmoqda.
O‘rganishlar davomida sektorlar rahbarlari hamda soha mutaxassislari tomonidan hududdagi gaz taqsimlash punktlari ko‘zdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklar joyida bataraf etildi.
Bundan tashqari, sektorlar rahbarlari tomonidan asosan tabiiy gaz yetib bormaydigan mahallalar kesimida shakllantirilgan ro‘yxat va buyurtmalar bo‘yicha aholiga qulaylik yaratish, yaqinlashib kelayotgan qish faslini betalofat o‘tkazib olishlariga ko‘maklashish maqsadida ko‘mir yetkazib berish masalasiga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
“Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialiga qarashli ko‘mir omborlari tomonidan 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumi uchun ayni kungacha Uyshin mahallasiga 25 tonna, Ayoqchi mahallasiga 38,3 tonna, Bog‘ mahallasiga 38,9 tonna, Besh ovul mahallasiga 39,5 tonna, Qilichboy ovuliga 60 tonna, Qoramon mahallasiga 70 tonna, Xitoy ovuliga 40 tonna, Namuna mahallasiga 20 tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib berildi va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
Aholiga qulaylik yaratish va narx-navo oshib ketishining oldini olish maqsadida mahsulotni hududlarga yetkazib berish uchun esa 6ta yuk mashinalari ajratilgan.
Hududlarni o‘rganishlar yakunida sektorlar rahbarlari ishchi guruh a’zolariga o‘zlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga mas’uliyat bilan yondoshish, aholining kuz-qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati