Bugungi kunda mamlakatimizda ayollarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli ko‘plab xotin-qizlarning yillar davomida to‘planib qolgan muammolari o‘z yechimini topmoqda.
Amudaryo tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi ko‘magi hamda hokim yordamchilari tavsiya bilan ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. Tuman hokimligi binosida “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”daga kiritilgan 21 nafar xotin-qizlarga ularning o‘zini-o‘zi band qilishlariga va doimiy daromad manbalariga ega bo‘lishlariga ko‘maklashish maqsadida zamonaviy tikuv mashinalari, bir nafar fuqaroga esa motokultivator olib berildi.
Subsidiya asosida xarid qilingan mazkur jihozlarni o‘z egalariga topshirish maqsadida tashkil qilingan tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi vazifasini bajaruvchi Murodjon Boltaboyev, ovul va mahallalarning hokim yordamchilari hamda mas’ullar ishtirok etishdi.
Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Soburova mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning ish bilan bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, xotin-qizlar hamda yoshlarning muammolarini hal etish borasida belgilangan chora-tadbir, ustuvor vazifalarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularni kambag‘allikdan chiqarish, kasb-hunarga o‘qitish, imtiyozli bank kreditlarini olib, o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlariga yaqindan yordam berish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-qo‘vvatlash, muammolarini hal qilish maqsadida joriy etilgan “Ayollar daftari” bu borada muhim vosita bo‘lmoqda.
Tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi vazifasini bajaruvchi Murodjon Boltaboyev, mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning ish bilan bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning muammolarini hal etish borasida belgilangan chora-tadbir, ustuvor vazifalarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar, ko‘plab ayollarning o‘zini-o‘zi band qilish tamoyili asosida ish yuritib, oilasi farovonligiga hissa qo‘shayotganligi alohida e’tirof etildi.
Chindan ham, bugungi kunda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” ro‘yxatlariga kiritilgan fuqarolarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar ko‘plab yurtdoshlarimizning ish bilan band bo‘lib, doimiy daromadga ega bo‘lishiga, oilasi iqtisodiga foyda keltirishiga imkoniyat yaratmoqda. Ishonamizki, yangi jihozlarga ega bo‘lgan yurtdoshlarimiz ham kelgusida oilasi farovonligiga hissa qo‘shadilar.
Tuman hokimligi Axborot xizmati