Amudaryo tumanida Favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasiga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘ulotlari 9-noyabr kuni ham davom ettirildi. Dastlab tuman hokimining o‘rinbosarlari, tuman evakuatsiya, epidemiyaga, toshqinga qarshi kurash hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish komissiyalari a’zolari, iqtisodiyot obyektlarining barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash komissiyasi a’zolari, tuman hududida joylashgan barcha muassasalar, korxonalar va tashkilotlar mas’ullari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda o‘quv mashqining maqsadlari haqida batafsil ma’lumotlar berilib, favqulodda vaziyatlarda har bir muassasa, korxona va tashkilot mas’ullarining ish tartibi yana bir bora ko‘zdan kechirildi.
So‘ngra Chordara mahallasi hududidagi eski maydonda yer silkinishi oqibatida yuzaga kelgan vayronalarni tozalash, uyumlarni olib tashlash, jabrlanganlarni qutqarish va birinchi tibbiy yordam hamda avariya tiklash ishlarini olib borish borish bo‘yicha maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
O‘quv mashg‘uloti davomida aholiga yer silkinishi jarayonida harakatlanish, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yong‘inni o‘chirish tartibi bo‘yicha ma’lumotlar berilib, ish tartibi amaliy mashg‘ulotlar orqali ko‘rsatib berildi.
O‘quv mashqi davomida obyektda halokatli hodisalar sodir bo‘lganda harakatlar rejasi ham ko‘rikdan o‘tkazildi. Jumladan, favqulodda holat sodir bo‘lib, elektr toki urganda jabrlanganlarga yordam berish, tuman Yong‘in-qutqaruv qismlarining hamda Tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining jabrlanganlarni qutqarishi va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi mas’ullar ishtirokida tekshiruvdan o‘tkazildi.
Shundan keyin Olmazor mahallasidagi markaziy o‘yingohda yer silkinishi jarayonida jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish mashg‘ulotlari ko‘rsatildi.
Aytish joizki, tabiiy ofatlar ichida eng xavflisi bu – yer silkinishidir. Yer silkinishi – yer osti zarbasi va yer ustki qatlamining tebranishi bo‘lib, tabiiy ofatlar, texnologik jarayonlar tufayli yuzaga keladi. Yer silkinishi keltiradigan talofot inshootning turiga, konstruksiyasiga, qurilish maydonlarining muhandis-geologik sharoitiga ham bog‘liqdir.
Mashg‘ulotlar davomida aholiga zilzila haqida xabar eshitganda, sarosimasiz va ishonchli harakat qilishi, zilzila haqida oldindan xabar berilsa, uyni tashlab chiqishdan avval, gaz va boshqa isitgich asboblarini o‘chirish, bolalar va qariyalarga yordam berish, zarur buyumlarni, oziq-ovqat, dori-darmonlarni va hujjatlarni olib ko‘chaga chiqishlari kerakligi uqtirildi. Agar zilzila kutilmaganda boshlanib qolsa, u holda deraza va eshik oraliqlariga yoki ko‘taruvchi ustunlar tagiga turib olish, dastlabki silkinish zarbasi tinishi bilan tezda tashqariga chiqish kerakligi ta’kidlandi.
O‘quv mashqi davomida shuningdek Olmazor mahallasining Islomobod ko‘chasidagi 8-uyda aholining is gazidan zaharlanishining oldini olish hamda yong‘in kelib chiqqan vaziyatda yong‘in o‘chirish vositalari bilan falokat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ham taktik mashqlar ham olib borildi.
Qat’iy intizom va belgilangan qonun-qoidalar asosida o‘tkazilgan taktik-o‘quv mashg‘ulotlarining so‘nggi bosqichida “Taxiatosh neft bazasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Qaratov filialida ham o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Ko‘rgazmali o‘quv mashg‘ulotda nazariy va amaliy qismlari orqali ishtirokchilar Favqulodda vaziyatlarda fuqaro muhofazasini ta’minlash, obyekt fuqaro muhofazasi bo‘yicha mas’ulning asosiy vazifalari, bu vazifalarni amalga oshirish jaaryonida qanday moliyaviy manbalardan foydalanishlari, shuningdek, ko‘rsatib berilgan ko‘rgazmali maxsus taktik-o‘quv mashg‘ulotlari orqali fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish, qutqaruv ishlarini olib borish hamda mazkur jarayonda ishtirok etadigan texnika vositalaridan unumli foydalanish bo‘yicha to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, tuman hokimligi majlislar zalida qo‘mondonlik-o‘quv mashqi yakunlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Unda taktik-o‘quv mashg‘uloti kuzatuvchilari tomonidan ishtirokchilarning kamchiliklari ko‘rsatilib, kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasliklari to‘g‘risida zarur tavsiyalar ham berildi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati