“MAFTUNA MED MANGʻIT” KLINIKASINING FIDOYI SHIKOFORI

Туман янгиликлари

Mang‘it shahri Navoiy nomli mahallasining tuman Tibbiyot birlashmasi joylashgan hududini tom ma’noda shifokorlar shaharchasi deyish mumkin. Yildan-yilga xususiy shifokorlik obyektlari qad rostlab, eng zamonaviy tibbiy tekshiruv va tashxis apparatlari bilan jihozlangan xususiy klinikalar, tibbiy maslahat markazlari xalqimizga beminnat xizmat ko‘rsatayotganidan mijozlar mamnun. Ana shunday xususiy tibbiyot klinikalaridan biriga Ulug‘bek Abdurahmonov rahbarlik qiladi.

“Maftuna med Mang‘it” MCHJ shaklidagi mazkur klinika o‘z faoliyatini boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. 2022 yilda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur klinika zamonaviy UZI va EKG apparatlari bilan jihozlangan. Bundan ham muhimi, klinika bosh shifokori davolash ishlari bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega oliy toifali shifokor Zulxumor Gaipova ultratovush tekshiruvi yo‘nalishi bo‘yicha yuqori malaka va tajribaga ega. Qolaversa, bemorning holatini o‘rganish borasida o‘ziga xos ish uslubiga ega mutaxassis sifatida tanilgan.

Asli Xitoy qishlog‘ida, oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan Zulxumor oiladagi 10 nafar farzandning ikkinchisi edi. Butun umrini qishloq xo‘jaligi sohasiga bag‘ishlagan oddiy traktorchi Jumaniyoz ota va kolxoz ishchisi Xoljon momoning 8 qiz, ikki o‘g‘il farzandi ichida Zulxumor o‘zining dadilligi, qat’iyatliligi bilan opa-singillari va ukalaridan ajralib turardi. U bolaligidan yaqinlariga mehribon, sinchkov va qat’iyatli, intiluvchanligi bilan ustozlarining e’tiborini qozondi. Umumta’lim maktabini tugatib: “men shifokor bo‘laman”, deganida uning bu qaroridan birinchi quvongan ham, qo‘llab-quvvatlagan ham ota-onasi bo‘ldi.

- Shu qizimizning muomalasidan tabiblikka ixlosi ma’lum, - derdi otasi Jumaniyoz ota.

- Odamning yuziga qarab tan-jonining holatini biladi-ya, ko‘z tegmasin, - deya ich-ichidan quvvatlardi onasi.

Farzandning ota-onasi nazariga tushib, ishonchiga sazovor bo‘lishi uning kelajagini belgilaydi, deyishadi. Balki rostdir. Zuxumor ota-onasining oq fotihasini olib Andijon tibbiyot instituti talabasi bo‘lganida, 1992 yilda mazkur tibbiyot institutini davolash ishi mutaxassisligi bo‘yicha muvaffaqiyatli tugatganida, Jumaniyoz ota bilan Xoljon momo qizining shifokorlik diplomini ko‘zlariga surib quvonganlarida ana shu mehribon insonlarining duolari uni qo‘llaganini yurak-yuragidan his qildi.

- Sen eling, yurting oldida qarzdorsan, bolam, - degandi o‘shanda Alloh rahmat qilsin onasi. – Axir davlat seni 16 yil davomida beminnat o‘qitdi, kasb-korli qildi. Endi sen ana shunga munosib xalqqa xizmat qilishing kerak.

Zulxumor 1992-1993 yillarda Nukus shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida internatura bosqichini o‘taganida, keyinchalik 1993-2014 yillarda Amudaryo tumani markaziy shifoxonasining Tez tibbiy yordam bo‘limida navbatchi shifokor sifatida faoliyat olib borganida ham onasining “sen eling, yurting oldida qarzdorsan” – degan so‘zlarini aslo unutmadi. Faoliyatining har bir lahzasida shifo istab kelgan insonlarga chin dildan yordam berish, ularning dardlariga darmon bo‘lishga intilib yashadi. 2014 yildan TTBning shoshilinch tibbiy yordam bo‘limida terapevt sifatida shifokorlik faoliyatini davom ettirgan Zulxumor Gaipova doimiy izlanishdan, tibbiyot sohasiga oid innovatsion loyihalar ustida ishlashdan to‘xtamadi. U bo‘limga davolanish uchun kelgan bemor holatini psixologik tahlil qilib, bemorga qo‘yilgan tashxisning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilgandan keyingina muolaja choralarini belgiladi. Natijada Zulxumor Gaipova davolagan bemorlar tez shifo topib, u elga qo‘li yengil shifokor sifatida tanildi.

Zulxumor umr yo‘ldoshi Ulug‘bek Abdurahmonov bilan maslahatlashib, tibbiyot sohasida tadbirkorlik faoliyatini boshlashga, mamlakatimizda tibbiyot sohasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va rag‘batdan unumli foydalanish orqali xalqqa yanada samarali xizmat ko‘rsatishga qaror qildi va umr yo‘ldoshining qo‘llab-quvvatlashi, qolaversa, o‘z orzularini amalga oshirish niyatida 2022 yilda MCHJ shaklidagi “Maftuna med Mang‘it” xususiy klinikasini ochishdi. 280 mln. so‘mlik o‘z mablag‘lari hisobidan zamonaviy tibbiy jihozlar sotib olib, tibbiy tashxislash faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Xususiy tibbiy klinika ochilishi munosabati bilan Zulxumor Gaipovaning o‘zidan tashqari 5 nafar o‘rta tibbiyot hamshiralarining doimiy ish bilan bandligi ta’minlandi. Klinikada 2022 yilda 260 nafar bemorga davolash-maslahat xizmatlari, ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2023 yilning o‘tgan 10 oyi davomida 350 nafardan ziyod bemorga tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi. Shuningdek, klinikada 2023 yilda 130 nafar aholi vakillari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, klinika hududida istiqomat qiluvchi, shuningdek, tumanning turli hududlaridan shifo istab kelgan bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, kasalligi aniqlangan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilib, statsionar va ambulator sharoitlarda sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirilayotganidan aholi mamnun.

Zulxumor Gaipova xususiy klinikada bosh shifokor lavozimida faoliyat yuritishdan tashqari, tuman TTBning shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi terapevt shifokori sifatida bemorlar dardiga malham bo‘layotgan fidoyilardan. Oilada esa uning o‘z o‘rni, mavqei bor. Umr yo‘ldoshi, ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Amudaryo tuman bo‘linmasi Kengashi raisi Ulug‘bek Abdurahmonov bilan ikki qiz bir o‘g‘ilni o‘qimishli insonlar qilib voyaga yetazishmoqda. Uchala farzandlari ham oliygoh talabalari, Umidaxon bo‘lg‘usi shifokor, Maftuna QDU, Bunyodbek esa Samarqand Veterinariya institutining Nukus filiali talabasi. Oilaviy hayotini, farzandlari tarbiyasini havasga munosib tarzda yo‘lga qo‘ygan, kasbiy faoliyati jarayonida o‘zining xushmuomalaligi, bilimdonligi bilan el-yurt hurmatini qozongan Zulxumor Gaipovaning turmush tarzi ko‘plarga ibrat. Hamma narsaga vaqt topa olgan, ayniqsa, bemorlar muolajasi, ularning tuzalib ketishi uchun fidoyi mehnat qilishdan aslo charchamaydigan Zulxumor Gaipovani hamisha band holatda uchratasiz. U huzuriga shifo istab kelgan insonlarning har biri bilan erinmay suhbatlashadi, xastalikdan asoratsiz sog‘ayib ketishlari uchun jon kuydiradi. Shu bois, “Maftuna med Mang‘it” klinikasi mijozlari bu fidoyi, elparvar shifokordan mamnun Xalq hurmatiga sazovor bo‘lish esa shifokor uchun baxt.

Biz Zulxumor Gaipovani kasb bayrami bilan muborakbod etamiz va aslo qo‘lingiz dard ko‘rmasin, el-yurtga shifo ulashishdek ezgu ishingiz bardavom bo‘lsin, deymiz.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.