Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2023 yil 2 noyabr kungi bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” g‘oyasi asosida hududlarda ma’naviyat-ma’rifat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Amudaryo tumanida ham 2023 yil 10 noyabr kuni “Ma’naviyat marafoni” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Tuman Madaniyat bo‘limi binosida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Ma’naviyat-ma’rifat” markazi tuman bo‘limi rahbari Islom Matkarimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ta’lim faxriysi Tursunboy Abdullayev, ovul va mahallalardagi yoshlar yetakchilari hamda yoshlar qatnashdilar.
Tadbirda so‘z olgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi tuman bo‘limi rahbari Islom Matkarimov mamlakatimizda jadal tarzda kechayotgan yangilanish jarayonlarida ma’naviyat, ma’rifatga e’tibor har doimgidan ham ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
“Ma’naviyat marafoni”ni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad ham yoshlar o‘rtasida milliy g‘urur, vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, asrlar davomida saqlanib kelayotgan milliy urf-odatlar, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib qilish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirishdir.
Darhaqiqat, bugun yoshlarda milliy g‘ururni shakllantirish va yuksaltirish, vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish, mamlakatimizdagi tub yangilanish jarayonlarining mazmun-mohiyatini kelajagimiz egalariga yanada kengroq tushuntirish dolzarb masala hisoblanadi.
“Ma’naviyat marafoni” doirasida bir qator loyihalar ham amalga oshirildi. Jumladan, yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish borasida “Baxtli bolalik”, “Kitob – bilim bulog‘i” kabi mavzularda davra suhbatlari, “Bu kitobni har bir inson o‘qishi kerak” g‘oyasi ostida kitoblar ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ta’lim faxriysi Tursunboy Abdullayev, “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” g‘oyasining mazmun-mohiyati haqida, yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, erishilayotgan yutuqlar va ularning samaralari haqida yoshlarga hayotiy misollar orqali so‘zlab berdi.
“Ma’naviyat marafoni” doirasida yoshlar o‘rtasida urf-odatlarimiz, an’analarimiz ham keng targ‘ib qilindi hamda tajribalari nuroniylarning, taniqli olim va ziyolilar, ustoz-murabbiylarning ibratli hayot yo‘li targ‘ib etildi.
Tadbirda milliy qadriyatlarni saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish bo‘yicha fikrlar bildirilib, yoshlar e’tiboriga mumtoz qo‘shiqlar va raqslar havola qilindi. Shu bilan birga “Milliy qadriyatlar – millat ko‘rki” shiori ostida milliy liboslarimiz ham targ‘ib etildi. Shuningdek, milliy libos kiygan taniqli sozandalar ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi.
Yosh avlod qalbida Vatanni sevish, uni qadrlash tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida “O‘zbekiston – mening Vatanim!”, “Onamdayin mehribon Vatan!” kabi mavzularda kuy-qo‘shiqlar yangradi.
“Ma’naviyat marafoni” loyihasining amalga oshirilishi bolalar va yoshlar ta’lim-tarbiyasidagi uzviylikni ta’minlashda, ularning siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy, mafkuraviy faolligini oshirishda barcha vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining mas’uliyatini va daxldorligini oshiradi hamda ma’rifatli jamiyatni barpo etishni yoshlar ongiga singdirishga, mamlakatimizda yoshlar siyosatiga doir ishlar natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati