“HOJI ESHON BOBO” JOMYE MASJIDINING YANGI BINOSI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida ma’naviyat va ma’rifat, ruhiy tarbiya maskani bo‘lmish masjidlarni obodonlashtirish, tiklash-ta’mirlash ishlarini olib borish va yangi masjid binolarini bunyod etish hamda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdek xayrli ishlar keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Buni so‘nggi 4-5 yil ichida mamlakatimizda dinimiz va musulmonlar jamoati talablariga munosib 40tadan ziyod yangi masjidlar qurilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan ham bilish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligining “Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomiga muvofiq mamlakatimizda 300tadan ziyod jom’e masjidlari binolari butunlay qaytadan bunyod etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Yana 300dan ziyod masjidlar binolari esa joriy ta’mirlandi. Bu kabi qurilish-ta’mirlash va bunyodkorlik ishlari Amudaryo tumanida ham keng miqyosda amalga oshirilmoqda.

Xususan, so‘nggi yillarda tumanda faoliyat olib borayotgan bir nechta masjidda tiklash-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, namozxonlarning o‘z ibodatlarini emin-erkin amalga oshirishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi. Shuningdek, “Hoji Eshon bobo”, “No‘g‘ay Eshon bobo” jom’e masjidlari uchun yangidan me’moriy loyihalar ishlab chiqilib, mazkur jom’e masjidlarini homiylik yordamlari asosida yangidan bunyod etish ishlari o‘tgan yillarda boshlab yuborilgan edi.

Yangidan qurib bitkazilgan “Hoji Eshon bobo” jom’e masjidi joriy yilning 12 noyabr kuni musulmonlar jamoati – masjid qavmi uchun foydalanishga topshirildi.

Qipchoq shaharchasi markazida, Amudaryoning so‘lim chap sohilida qad rostlagan yangi jom’e masjidi majmuasi shaharchaga ko‘rk va fayz bag‘ishlab, shu kunning o‘zida shaharcha musulmonlari va atrof qishloqlardan ibodat uchun tashrif buyurgan aholini o‘z bag‘riga oldi.

Masjidning ochilish marosimiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Musulmonlari Qoziyoti qozisining yordamchisi Bahramaddin Rozov, tuman bosh imom-xatibi, “Yusuf Eshon bobo” jom’e masjidi imomi Abdurahmon hoji Matsapoyev hamda Qipchoq shaharcha fuqarolar yig‘ini mas’ullari, “Hoji Eshon bobo” jom’e masjidi qavmi vakillari ishtirok etishdi.

Amudaryo tumani hokimi Sobir Xo‘jametov barchani tumanimizning shimoliy darvozasida, so‘lim Amu sohilida, Qipchoq shaharchasiga ko‘rkamlik baxsh etib, ism-sharifini aytishni istamagan qanglilik saxovatpesha tadbirkor himmati tufayli qad rostlagan yangi masjid binosi bunyod etilgani bilan samimiy tabrikladi. Shu bilan birga mustaqillik yillarida mamlakatimizda shariatimiz ahllarining dini-islom ahkomlarini ado etishlari uchun keng imkoniyat va sharoitlar yaratilgani, din va e’tiqod erkinligi Konstitutsiyamiz orqali kafolatlab qo‘yilgani haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Marosim davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Musulmonlari Qoziyoti qozisining yordamchisi Bahramaddin Rozov, tuman bosh imom-xatibi, “Yusuf Eshon bobo” jom’e masjidi imomi Abdurahmon hoji Matsapoyev va boshqalar ham so‘zga chiqishib, Amudaryo tumanidagi mavjud barcha masjidlar qavmlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar, joylardagi jom’e-masjidlari imomlari hamda masjidlar qavmlari faollari tomonidan xalqimiz orasida olib borilayotgan ma’naviy-ruhiy va haqiqiy islomiy tarbiyaning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, natijada tumanda yoshlarning turli yot g‘oya va oqimlar ta’siriga berilish holatlari kuzatilmayotgani xususida so‘z yuritdilar.

Shundan so‘ng, marosim ishtirokchilari yangi masjid binosida namozxonlar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar. 750 nafar namozxonlarning emin-erkin ibodat qilishlari uchun mo‘ljallangan keng va yorug‘ ibodat ayvoni, mehrob, muazzin uchun maxsus jihozlangan peshayvon, islomiy talablar asosida bunyod etilgan zamonaviy tahoratxona, masjid ma’muriyati uchun mo‘ljallangan maxsus jihozlangan xona, qabulxona, musofir yo‘lovchi-musulmonlar uchun mo‘ljallangan xonalar, mo‘jaz kutubxona barchada yaratilgan imkoniyatlardan qoniqish hissini uyg‘otdi.

Ayniqsa, masjid atrofida qipchoqliklar tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari tufayli “Hoji Eshon bobo” jom’e masjidi yanada ko‘rkam qiyofa kasb etganini marosim ishtirokchilari alohida e’tirof etishdi.

Shu kunning o‘zidayoq masjid qavmi va mehmonlardan iborat namozxonlar yangi masjid binosida o‘z ibodatlarini ado etishni boshlab yubordilar.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.