“Goʻja yop” ichki xoʻjalik kanalini betonlash ishlari olib borilmoqda

Туман янгиликлари

2023 yil 11 noyabr kuni Amudaryo tumanidagi ichki xo‘jalik kanallarini betonlash ishlari yuzasidan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Baxtiyar Juzbayev, tuman hokimi Sobir Xo‘jametov, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov, tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari mas’ul xodimlari, klaster, fermer xo‘jaligi va qurilish tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdilar.

Joriy yilda tuman bo‘yicha jami uzunligi 21,8 kilometr bo‘lgan ichki xo‘jalik kanallarini betonlash rejalashtirilgan. Shundan tumandagi “Mang‘it arna” xo‘jaliklararo kanalidan suv oluvchi “Go‘ja yop” ichki xo‘jalik kanali betonlash ishlari mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Amudaryotex” qo‘shma korxonasini hisobidan amalga oshirilmoqda.

Seminarda tuman hokimi Sobir Xo‘jametov suvdan samarali foydalanish va uning behuda sarflanishining oldini olish muhim ahamiyat kasb etishi to‘g‘risida batafsil so‘z yuritdi. Soha mutaxassislari tomonidan “Go‘ja yop” ichki kanalini betonlash ishlari natijasida suvning yerga so‘rilib ketishining oldi olinib, yangi texnologiyalarni joriy qilish hisobidan yil davomida jami 8,4 mln. kubometr suv iqtisod qilishinishi ta’kidlab o‘tildi.

“Go‘ja yop” ichki xo‘jalik kanalining umumiy uzunligi 3,5 kilometr bo‘lib, suv o‘tkazish qobiliyati daqiqasiga 1 kubometrni tashkil qiladi hamda 3ta fermer xo‘jaligi, 70ta aholi xanodonlari ushbu xo‘jalik kanalidan foydalanib keladi. Shuningdek, mazkur ichki xo‘jalik kanalidan 167 gektar yer maydoni sug‘oriladi. Shundan 74 gektar paxta, 36 gektar g‘alla, 15 gektari tomorqa maydonlariga to‘g‘ri keladi.

Seminar davomida so‘zga chiqqan mas’ullar suvni tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarda mazkur texnologiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan fermer xo‘jaliklari rahbarlari va boshqa seminar ishtirokchilarga zarur tushunchalar berdi.

Suv resurslari mintaqamiz va mamlakatimiz uchun eng dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. Bugungi kunda ko‘plab yer maydonlari eski usulda sug‘orilmoqda. Buning natijasida millionlab kubometr suv isrof bo‘lmoqda va suv resurslari kamaymoqda. Ana shu suv yo‘qotishlarini kamaytirish uchun kanallarni betonlash hamda boshqa turdagi yangi materiallardan foydalanish, innovatsiyalarni qo‘llash usullari amaliyotga joriy qilinmoqda.

Yaqinda Davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham kelgusi 2024 yilga mo‘ljallangan davlat budjetining eng muhim jihatlari muhokama qilingan edi. Muhokamada sanoat tarmoqlarida ham, hududlarda ham dolzarb vazifaga aylangan suv ta’minoti muammosiga alohida e’tibor qaratilib, oxirgi ikki yilda suv xo‘jaligini saqlab qolish uchun 22 trillion so‘mga yetgan katta miqdorda mablag‘ ajratilgani qayd etildi va bu mablag‘larni maqsadli sarflab, suvdan samarali va tejamkorlik bilan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Seminarda soha vakillari fermer xo‘jaliklari rahbarlariga davlatimiz tomonidan tejamkor sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar ajratish tartibi yo‘lga qo‘yilganini aytib, bu to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.

Seminar ishtirokchilari “Go‘ja yop” ichki xo‘jalik kanalini betonlash ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ish jarayonida uchrayotgan xato va kamchiliklar yuzasidan tegishli soha mas’ullariga topshiriqlar berildi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati