AMU ELINING MAʼNAVIYATLI, IBRATLI AYOLI

Туман янгиликлари

Ayol. Unga go‘zallik va nafosat timsoli, deya ta’rif beramiz. G‘am-u tashvishlarini sezdirmay, har qanday  davraga yashnab-yasharib kirib kelishlaridan dilimizdagi hayrat tilimizga ko‘chadi: “Xuddi bahorga o‘xshaydi-ya!”

Mehnat, yaratuvchanlik gali kelganida butun vujudidan kuch yog‘ilib oldinga intilishlaridan havaslanib, ko‘zlarimiz yonib ketadi: “bunchalar jasoratli bo‘lmasa u!” Farzandiga bag‘rini keng ochib evrilganida, elim, yurtim, deb o‘zini fido  qilmoqqa shaylanganida uning matonati, ma’nan boy qalbi qoshida ta’zim qilamiz. Dunyolar o‘zgarishi mumkin, farzandlar o‘zgarishi mumkin, lekin u hech qachon o‘zgarmaydi. Chunki uning jism-u jonida mehr, oqibat, matonat, jasorat, fidoyilik mangu muhrlangan. Mening bugungi qahramonim, agar ta’bir joiz bo‘lsa, ana shunday fazilatlar sohibasi.

Oddiy qishloq ayoli – Tazaxan Qidirniyazova bilan ilk  uchrashuvimiz, ilk suhbatimizdanoq, yashirmayman, ko‘nglimdan: “o‘zi oddiygina maktab kutubxonachisi ekan, o‘quvchilarni ergashtirib shundan-shunga bir dasta she’rni ko‘tarib kelibdi-ya, rahmat-yey”, – degan o‘y kechgan. Chunki Nazarxon qishlog‘i qayda-yu, Mang‘it shahri qayerda? Ko‘pchilik Nazarxon qishlog‘ini Amudaryo tumanining “Kamchatkasi” deyishlaridan ham ayonki, qishloq bilan tuman markazi orasidagi masofa kamida 35-40 chaqirim atrofida.

– Bolalar she’riyatga qiziqishadi, barchasi kitobxon, yozganlari binoyiday, siz ham bir ko‘ring, deb olib  kelaverdim, – dedi Tazaxon qo‘limga bir dasta daftarni tutqazarkan.

O‘shanda 2019 yilning qahraton qishi edi. Sovuqni ham pisand qilmay, 3-sonli maktab o‘quvchilarining ijod namunalarini qo‘ltiqlab, uch-to‘rt nafar nazarxonlik havaskor shoirlarni yetaklab, shuncha yo‘l bosib kelgan Tazaxan ko‘zimga chinakam ma’naviyat fidoyisi, jasoratli ayol bo‘lib ko‘ringandi. Vaqt o‘tib, bu tinib-tinchimas qoraqalpoq qizini qayta-qayta kashf etdim.

U men o‘ylaganimdan ham kuchliroq, matonatli, fidoyi, oilasi, el-u yurtiga mehr-oqibatli, tabiatan jo‘shqin xulq-atvor sohibasi, bundan ham muhimi, o‘z kasbiga, o‘ziga nisbatan talabchan, qat’iyatli  mutaxassis ekanligiga amin bo‘ldim.

Tazaxan Qidirniyazova 1982 yilda Nukus shahrida tug‘ildi. Umumta’lim maktabini muvaffaqiyatli tugatgach,  Xo‘jayli servis texnikumida tahsil  oldi. Ilk mehnat faoliyatini  2018 yilda boshlagan Tazaxan eng avvalo maktabda yillar davomida shunchaki, nomigagina kutubxona vazifasini o‘tab kelayotgan maktab kutubxonasini tartibga keltirishdan boshladi. U avvalo kitoblarni alfavit tartibida bibliografik tizimga oldi. Kutubxona a’zolarining a’zolik varaqalarini va kitobxonlar ro‘yxatini shakllantirdi. Kutubxonaga tashrif buyuruvchilar uchun mavjud kitoblar va ularning mualliflari haqidagi qisqacha ma’lumotlar yuzasidan alohida burchak tashkil etdi. Natijada kutubxona a’zolari safi kun sayin oshib, 1-sinfdan tortib, 11-sinf o‘quvchilari, hatto maktab yaqinidagi xonadonlarda yashovchi nazarxonlik kitobxonlar uchun 3-sonli maktab kutubxonasi haqiqiy ma’naviyat maskaniga aylandi. Kitobxon o‘quvchilar safi oshgan sari ular orasida she’riyatga, ijodga moyilligi bor yoshlarni ko‘rgan Tazaxan 2019 yilda o‘quvchilarning maktabdan tashqari vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga ko‘maklashish maqsadida “Yosh qalamkashlar” to‘garagini tashkil etib, havaskor ijodkor o‘quvchilar bilan shug‘ullana boshladi. To‘garak a’zolarining mashqlarini saralab, “Taraqqiyot ko‘zgusi”, “Mening oilam”, “Jetkinshek” gazetalari tahririyatlariga olib borgan Tazaxan jurnalist va ustoz shoirlarning e’tirof va rag‘batidan Nazarxonga go‘yo uchib qaytdi. Uning sa’y-harakatlari bilan 2020-2022 yillarda 3-sonli maktab ijodkor o‘quvchilaridan Muhabbat O‘rinbosarova, Navbahor Sarsenboyeva, Shahzoda Jo‘lliboyevalarning she’r va hikoyalari Amudaryo tumani, keyinchalik Respublika miqyosidagi gazeta va jurnallarda chop etildi. 2022 yilda Muhabbat O‘rinbosarova, Navbahor Sarsenboyevalarning ilk kitobi, “Yosh qalamkashlar” to‘garagi a’zolarining ijod namunalaridan iborat gala to‘plam nashrga tayyorlab qo‘yildi.

T.Qidirniyazova nafaqat o‘z kasbining fidoyisi, balki ijodkor ham. Yoshlarni kitobxonlikka keng jalb etish, ayniqsa, oilaviy va maktab kutubxonalarini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy tashabbuslari, nufuzli anjumanlardagi chiqishlari bilan ham tanilgan. “Maktab kutubxonasi – kelajak haqidagi orzularga qanot bag‘ishlovchi tabarruk maskan”, “Bolalar kitobxonligini rivojlantirishda maktab kutubxonasining ahamiyati”, “Maktab kutubxonasi – bolalar ijodiyotining ilhomchisi ”mavzularidagi ilmiy-nazariy maqolalari “Taraqqiyot ko‘zgusi”, “Mening oilam” gazetalari, amunews.uz veb-sayti va “Mahoratli pedagog” jurnallarida  chop etilib, soha mutaxassislari tomonidan ijobiy e’tirof etildi.

O‘z ustida  muntazam ishlash, o‘qib-izlanishga odatlangan Tazaxan ayni paytda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Davlat Pedagogika Universitetining sirtqi bo‘limida kutubxonashunoslik yo‘nalishida tahsil olmoqda. Umr yo‘ldoshi – ichki ishlar organi sohasi mehnat faxriysi Xidirboy Turdimuradov bilan 3 qiz 1 o‘g‘ilni tarbiyalab, ma’naviyatli insonlar qilib voyaga yetkazayotgan Tazaxanning sevimli rafiqa, mehribon ona, ibratli oila bekasi sifatidagi bajaradigan ayollik vazifalari ham bir dunyo. Farzandlarining o‘qishi, yurish-turishi, mahalla-ko‘yda o‘zlarini tutishini doimiy  nazorat qilish, tomorqa, uy-ro‘zg‘or yumushlarini risoladagiday bajarish, qo‘ni-qo‘shnilarning, mahalladoshlarining oilaviy marosimlari, to‘y-ma’rakalarida qoraqalpoq kelinlariga xos nazokat bilan xizmat qilish kabi xayrli tashvishlaridan ortib, ijtimoiy-ma’naviy masalalar bilan shug‘ullanishga, o‘z kasbiy faoliyatidan kelib chiqib, turli xil ko‘rik-tanlovlar, ilmiy-amaliy anjumanlarda faol ishtirok etishga ham ulguradigan tinib-tinchimas bu ayolning sabr-toqati, fidoyiligi haqiqatan ham havasga munosib.

Mamlakatimizda Respublika bolalar kutubxonasi  tomonidan muntazam ravishda o‘tkazilib, kelinayotgan “XXI asrda bolalar adabiyoti: muammo va vazifalar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida 2022 yilda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan Tazaxan Qidirniyazovaning tashabbus va fikrlari, tajribalari konferensiya tashkilotchilari tomonidan yuksak e’tirof etilib, uning “Yosh kitobxonlar bilan ishlash menga zavq bag‘ishlaydi” mavzusidagi maqolasi “XXI asrda bolalar kitobxonligi: muammo va yechimlar” ilmiy-ma’rifiy to‘plamga kiritildi. Shuningdek, 3-sonli maktab kutubxonasi qoshida tashkil etilgan  “Yosh qalamkashlar” to‘garagi a’zolari 2022 yilda  Respublika miqyosida Muhammad Yusuf ijodiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda faxrli o‘rinni egallashdi.

Tazaxan  uchun 2023 yil tom ma’noda muvaffaqiyatlar yili bo‘ldi. Uning “XXI asrda bolalar kitobxonligi” mavzusidagi ilmiy-nazariy maqolasi “Leader Youth of Uzbekistan” antologiyasiga kiritildi. Joriy yilning oktyabr oyida  esa Respublika Bolalar kutubxonasi tomonidan tashkillashtirilgan “XXI asrda bolalar kitobxonligi: muammo va yechimlar” konferensiyasidagi muvaffaqiyatli ishtiroki va ilmiy maqolalari “Scientific Publication” ilmiy matbuot markazi tomonidan yuksak e’tirof etilib, xalqaro darajadagi “Lideri SNG” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, u joriy yilning oktyabr oyida yana bir nufuzli anjuman ishtirokchisiga aylandi. Maktabgacha va maktab ta’limi Vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan “Maktabdan tashqari ta’lim: muammo va yechimlar” mavzusidagi Respublika forumidagi faol ishtiroki uchun maxsus sertifikat bilan mukofotlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bolalar kutubxonasi tomonidan tashkil etilgan “Kitapqumarliq festivali”ning esa mutlaq g‘olibi va 1-darajali diplom hamda festivalning statuetkasi sohibasi bo‘ldi.

Yaqinda o‘z kasbining fidoyisi, izlanuvchan va intiluvchan ayol Tazaxan o‘zining yana bir havasga munosib iqtidori bilan amudaryolik ayollar, butun Amu elining havas va e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Nazarxon qishlog‘ining eng faol, yuksak ma’naviyatli qoraqalpoq qizi, ibratli oila sohibasi Tazaxan Qidirniyozova an’anaviy “Yil ayoli” ko‘rik-tanlovining Amudaryo tumani bosqichida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mazkur ko‘rik-tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanma oldi.

Biz ba’zan ayolning imkoniyatlarini, agar u davlat idorasida ishlaydigan bo‘lsa, oila – ish – farzand tarbiyasi doirasida tushunib, baholab qo‘yaqolamiz. Aslida esa... Aslida ayolning imkoniyatlari juda katta, keng qamrovli. Bunga Tazaxan Qidirniyazovaning hayoti yaqqol  misol.

– Hamma narsa insonning o‘ziga bog‘liq, – deydi u kamtarlik bilan. – Muhimi, vaqt bilan hisoblashmay yashash. Vaqt sizni kutib turmaydi. Shuning uchun men kundalik hayotimda o‘zim rejalashtirgan vaqt chegaralaridan o‘tib, ildamroq harakatda bo‘lishga intilaman.

Nazarimda, bundayin qat’iyat bilan intilish  uchun Tazaxanday fidoyi, uddaburon, atrofidagilarga mehrli, elim, yurtim, degan jo‘shqin tabiatli inson bo‘lmoq kerak. Tazaxan shuning uchun ham oldinga intilib yashashdan, o‘z kasbiy faoliyatining qadrini oshirib, xalq qalbiga ma’naviyat ulashishdan aslo charchamaydi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.