Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlarda mutasaddi rahbarlarning aholini qiynab kelayotgan muammolari bilan ishlash, murojaatlardagi masalalarni joylarga chiqib o‘rganish hamda ularni ijobiy hal etish tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi.
Tumanimiz bo‘ylab sektorlar rahbarlari tomonidan o‘tkazilib kelinayotgan sayyor qabullar ovoragarchiliklarning oldini olish, muammolarni imkon qadar tezkor hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
2023 yil 14 noyabr kuni 4-sektor hududidagi Toshyop ovulida sektor rahbari – Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rahimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabov ishtirokida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Unda tegishli soha vakillari hamda ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayol-qizlar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar hamda aholi vakillari ishtirok etdi.
Sayyor qabul jarayonida aholi vakillarining turli mazmundagi muammoli masalalari yuzasidan 9ta murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlardagi masalalar asosan ijtimoiy va moddiy yordam olish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kredit olishda amaliy yordam so‘rash, bandligini ta’minlash, elektr ta’minotidagi muammolarni hal etish, obodonlashtirish va ichki yo‘llarni ta’mirlash masalalarida amaliy yordam so‘rash mazmunida bo‘ldi. Qator masalalar sayyor qabul jarayonining o‘zidayoq ijobiy yechimini topdi.
Murojaatlarning 4tasi joyida qanoatlantirildi hamda 3tasiga asosli tushunchalar berildi. Qolgan 2ta murojaat tegishliligi bo‘yicha idora va tashkilotlarga yuborilib, ijrosi nazoratga olindi.
Sektor rahbari – Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rahimov muddat talab qiladigan murojaatlardagi masalalarni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriqlar berib, aholi muammolari bilan ishlashda samarali tizim hisoblangan “mahallabay” ishlash, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar, fuqarolar bilan manzilli va natijali ishlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar hamda tavsiyalar berdi.
Mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, turmush sifati va farovonligini oshirish uchun avvalo, ularning dard-u tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda xalq bilan ochiq muloqotlar olib borilib, insonlar huquq hamda manfaatlarini ta’minlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib sharoitlar yaratilayotir. Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan xalq bilan ochiq muloqotlar, o‘tkazilayotgan sayyor qabullar va xalq hayotini xonadonma-xonadon yurib o‘rganishlar mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yo‘lida muhim vosita bo‘lmoqda.
Sayyor qabul yakunlanganidan so‘ng sektor rahbari – Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jahongir Rahimov Toshyop ovulidagi aholi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar hamda ularning muammolarini o‘rgandilar.
Tumanimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan sayyor qabullar davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘libgina qolmasdan, aholining hukumat rahbarlariga va davlat idoralariga bo‘lgan ishonchining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘lmoqda.
Tuman hokimligi Axborot xizmati