OILALARDA SOGʻLOM MUHIT YARATISHGA ERISHAYOTGAN NAZARXONLIK KOʻCHABOSHCHI ONAXONLAR

Туман янгиликлари

Xalqimizga xos bo‘lgan azaliy qadriyatlardan biri yuksak ma’naviyatli farzandlar tarbiyalash, oilada ona Vatanga sadoqatli, o‘zlikni anglash, bag‘rikenglik, o‘zaro mehr-oqibat tamoyillari asosidagi go‘zal tarbiyaviy muhitni yaratish azal-azaldan yuksak burch va mas’uliyat hisoblanadi. Shu bois, o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy-ma’naviy an’ana va urf-odatlar asosida voyaga yetkazish, ularning hayotdan o‘z o‘rinlarini topib, kasb-korli, bilimdon insonlar bo‘lishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifa sifatida hamisha dolzarbdir.

Bu borada www.amunews.uz veb-sayti ijodiy jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari oilalar mustahkamligini ta’minlash, yoshlarni turmushga tayyorlash, ularning turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlarining oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, mahallalarda, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar, o‘z joniga qasd qilish, giyohvandlik, yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohlanish va erta turmush qurish kabi salbiy illatlarning, oilaviy nizolarning oldini olishda davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik asosidagi “Sog‘lom muhit – sog‘lom hayot” grant loyihasi doirasidagi davra suhbatlari, oshkora muloqot tadbirlari o‘zining keng qamrovliligi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 16 noyabr sanasida Amudaryo tumanining Nazarxon ovulida ham bo‘lib o‘tdi.

“Sog‘lom muhit – sog‘lom hayot” grant loyihasi doirasida oshkora va samimiy muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda Nazarxon OFY faol ayol-qizlari, ibratli oilalar bekalari va ko‘chaboshchi onaxonlar ishtirok etishdi.

Tadbirni Nazarxon ovul fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli, Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati, hoji ona Guljahon Ibraimova ochdi va Nazarxon OFY hududida istiqomat qilayotgan oilalar va bu oilalarda voyaga yetayotgan yosh qizlar, yangi tushgan kelinlar va qaynonalar bilan o‘tkazilayotgan yakkama-yakka suhbatlar, oilaviy ajrashishlarning oldini olish, ayol-qizlarning ish bilan bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Nazarxon ovulida 854ta xonadon tarkibidagi 1173ta oilada 4481 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 2195 nafari ayol-qizlar bo‘lib, 18-50 yosh atrofidagi ayol-qizlar salkam 800 nafar atrofida. Ayol-qizlarning ish bilan bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli 197 nafar ayol-qizlar doimiy, 81 nafari esa mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Bola tarbiyasi bilan band bo‘lgan 423 nafar ayol-qizlar, 27 nafar nogironligi bo‘lgan ayollar va 17 nafar boquvchisini yo‘qotgan ayol-qizlar holidan xabar olish, ularning hayotiga doir muammolarini hal etishda ko‘maklashish ovul mas’ullarining doimiy e’tiborida. 4-bosqich “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan 81 nafar ayol-qizlarning oilaviy hayoti o‘rganilib, ularni alohida toifalar asosida ijtimoiy himoyalash choralari ko‘rildi. Xususan, 1-toifadagi ro‘yxatga kiritilgan 55 nafar ayol-qizlarning ish bilan bandligi ta’minlanib, II toifa ro‘yxat bo‘yicha 12 nafar ayol-qizlarning o‘zini-o‘zi band qilish maqsadidagi murojaatlariga ko‘ra, imtiyozli kredit olishlariga ko‘maklashildi.

Shuningdek, 14 nafar boquvchisini yo‘qotgan ayollar, 11 nafar nogironligi bo‘lgan ayol-qizlar hamda uy-joylari ta’mirga muhtoj va nogironligi bo‘lgan farzandlari bor ayol-qizlarga subsidiya ajratilishida, o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashlarida yaqindan ko‘mak berildi. Joriy 2023 yilda “Ayollar daftari”ning turli toifasi bo‘yicha ro‘yxatga kiritilgan 46 nafar ayol-qizlarga imtiyozli kredit olishlarida OFY mas’ullari tomonidan yordam ko‘rsatildi. 14 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol-qizlarning har biriga 1 mln. 300 ming so‘m miqdorida bir martalik yordam puli berildi.

Hudud aholisining farzandlari ta’lim-tarbiya olishlari uchun 3ta umumta’lim maktabi, zamonaviy talablar darajasidagi maktabgacha ta’lim tashkiloti, qishloq shifokorlik punkti faoliyat olib boradi.

“Sog‘lom muhit – sog‘lom hayot” tadbiri ishtirokchilari ovul ayol-qizlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritish bilan birga, notinch oilalar bilan ishlashish, oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat muhitini shakllantirish borasida namuna bo‘layotgan oilalar, ibratli bekalar haqida ham batafsil suhbatlashib, o‘zaro fikr almashdilar. Ko‘chaboshchi onaxonlardan Qozoq ovullik ibratli oila sohibasi Saule Nuraliyeva, Piuash Yesenaliyeva, OFY qaynonalar komissiyasi a’zosi Roza Adimova, Darbent ko‘chasining ko‘cha biy onasi Ulbog‘an Allambergenovalar Nazarxon ovulida qizlarni erta turmushga berish, yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish, shuningdek, bo‘lar-bo‘lmas gap-so‘zlar tufayli oilalarning ajrashib ketish holatlari so‘nggi yillarda umuman kuzatilmaganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Haqiqatan ham Nazarxon ovulida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi OFY mas’ullari bilan hudud aholisining hamjihatligi tufayli notinch oilalar bilan ishlashish, oila a’zolari o‘rtasida o‘zaro hurmat muhitini shakllantirishda erishilgan natijalar quvonarli. Ayniqsa, to‘y-marosimlar, oilaviy marosimlar, o‘zaro bordi-keldilarda me’yorga amal qilinib, to‘ylar oldidan o‘tkaziladigan siynoq, kengash, to‘ydan keyingi o‘choq ko‘mdi kabi ortiqcha yig‘inlarga, kelin tushirish to‘ylaridagi “gulyanka” deb atalgan yoqimsiz odatlarga barham berilgani nazarxonliklarning barchasiga birday ma’qul bo‘lib, ayni paytda to‘ylar bir kunda, ortiqcha chiqimlarsiz o‘tkazilmoqda. Bu esa oilalar daromadini tejash, yuqoridagi kabi yig‘inlar uchun sarflanadigan necha millionlab so‘m mablag‘ oilaning o‘ziga qolishini ta’minlash, ortiqcha sarf-xarajat tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan dilxiraliklarning oldini olish imkonini bermoqda.

Darvoqe, oilalardagi nizolar, dilxiraliklar ko‘pincha oila budjetidagi taqchilliklar sababli kelib chiqadi va bu boradagi tortishuvlar oiladan ko‘chaga, el orasiga tarqaladi. Vaqt o‘tib, “bolalagan” gap-so‘zlardan charchagan yosh kelin-kuyovlar o‘rtasiga sovuqchilik tushib, oila qo‘rg‘oni darz ketadi. Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, nazarxonliklar tomonidan oilalar mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan hamjihatlikdagi tadbirlar ibratga munosib. Istardikki, tumanimizning boshqa hududlaridagi ovul va mahallalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faollari ham Guljahon hoji Ibraimova rahbarligidagi nazarxonlik ko‘chaboshchi ayollardan ibrat olib, 5-6 kunlab (bu haqiqat!) to‘yoldi marosimlarni tashkillashtirayotgan va bu marosimlarni o‘tkazish jarayonida asablari toliqib, charchab qolayotgan onaxonlar bilan shu masalada bi-ir o‘ylashib ko‘rsalar yomon bo‘lmasdi. Chunki tejamkorlik – oila budjetini me’yorda ushlab turuvchi eng muhim omildir. Shunday emasmi, azizlar?

Robiya YO‘LDOSHЕVA.