OFY raisi: “Maqsadimiz– infratuzilmani rivojlantirish”. 3 505 nafar aholi istiqomat qiluvchi Tosh yop ovuli haqida nimalarni bilasiz?

Туман янгиликлари

O‘zbek mahallalaridagi jamoaviylik, qo‘ni qo‘shnilar yaxshi yomon kunlarida bir-birlariga yelkadosh bo‘lib, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashi qanday bebaho qadriyat... to‘g‘rimi? Axir dunyoda yonginasidagi qo‘shnisining kim ekanligini bilmaydigan, eshigini qoqsangiz shaxsiy ma’lumotlaringizni to‘liq aniqlamaguncha eshigini ochmaydigan odamlar qancha. Oliyjanob xalqimiz xonadonlarining eshiklari esa, mehmon bo‘lib kelajak har bir inson uchun hamisha ochiq. So‘ngi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mahalla tizimiga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. Qator islohotlar natijasida ovul va mahallalar qiyofasi kundan kun chiroy ochib, obod manzillarimiz safi kengaymoqda. Shulardan biri- Tosh yop ovul fuqarolar yig‘inidir. Mazkur OFY 2013 yili tashkil topgan bo‘lib, 3 505 nafar aholi istiqomat qiluvchi mazkur hududga Gulshod Sobirova raislik qilib kelmoqda. Hududda 701 ta oila, 596 xonadon mavjud. Shuningdek, 2 ta (76 va 5 sonli) maktab, 4 ta xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi hamda bitta Davlat tomonidan qurilgan (51 sonli) maktabgacha ta’lim tashkiloti bor. Shu bilan bir qatorda 7 ta Oziq ovqat do‘koni hamda bitta «MANAS» choyxonasi, 11 ta issiqxona mavjud.

Mehr-oqibat, saxovatpeshalik xalqimizga xos azaliy odat. Joriy yilda ovuldagi ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, tarkibida nogironligi bo‘lgan farzandlari bor oilalar va yolg‘iz yashovchi fuqarolarning xonadonlariga borib, ularning holidan xabar olinib oziq-ovqat mahsulotlari, ko‘mir mahsulotlari tarqatildi. Mamlakatimizda prezidentimiz rahnamoligida keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat va oilalar mustahkamligini saqlashdagi rolini kuchaytirish, shuningdek, yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, 2019-yildan beri yurtimizda xar yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida mahalladagi kasal yotgan nuroniy Otaxon va onaxonlar xonadonlariga borib, holidan xabar olindi. Shuningdek, 82 nafar nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirokida Xiva, Nukus shaharlaridagi muzey va tarixiy maskanlarga, tumanimizdagi ziyoratgohlarga sayohatlar uyushtirildi.

“Yaxshidan bog‘ qolar” deydi dono xalqimiz. Bog‘ yaratish, dehqonchilik qilish tosh yopliklarning qon qoniga singgan hunarlarning biri. Joriy yil ovulda ”Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham bir qator xayrli ishlar olib borildi. Hududdagi kam ta’minlangan oilalarga fermerlar hamda Tosh yop OFY tomonidan 200 tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlari ekish uchun taqdim etilgani so‘zimizning isbotidir. Shu bilan birga, ushbu loyiha doirasida mahalla idorasi atrofidagi yerga yaqindagina o‘tqazilgan nihollar kun kelib yashil makonga aylanishiga ishongimiz keladi.

Tadbirkorlik faoliyati, qiziqishing kuchli bo‘lgan mashg‘ulot kim uchundir bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga qaratilgan “hobby” bo‘lsa, kim uchundir hayotining ajralmas qismi, yana kimgadir daromad manbaidir. Ovul ahli uchun esa bu ham daromad manbai, hamda tosh yoplik tadbirkorlarning qaysidir ma’noda hayotining ajralmas qismi hamdir. Maskanda «Xar bir oila Tadbirkor» tamoyili asosida kredit olib, Qurbonboyeva Malohat va uning turmush o‘rtog‘i Xolmonov Doniyor kabi o‘z qo‘l mehnatlari bilan issiqxona tashkil qilib, unda bir-biridan go‘zal, anvoyi gullar yetishtirib oilasiga daromad keltirayotgan tadbirkorlar safi kengaymoqda. Sherboyev Baxtiyor,Urazboyeva Dildora, Begimov Tozaboy, Ganiboyev To‘liboy, Ganiboyev Po‘lat kabi serg‘ayrat tadbirkorlar qishloqda ko‘plab topiladi.

Bugun yurtimizda aholini, turmush sharoiti og‘ir oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, muammolarni aniqlash va bartaraf etishda «Temir daftar», “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari» muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mahallada bu bo‘yicha ro‘yxat shakllantirilib borilmoqda. Mahallaning qo‘li gul chevarlaridan biri bo‘lgan Shahodat Yusupovaga kredit asosida tikuv mashinalari berilib hozirgi kunda o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshladi. Tadbirkor ayol hozirda mahallaning 2 nafar qizlarini yoniga olib, tikuvchilik sirlarini o‘rgatib kelmoqda.

Shuningdek, «Yoshlar daftari»dan Saparboyeva Adolat, Gulmonova Mavluda kabi pazanda qizlarga pishiriqlar pishirish uchun elektr pech berildi. Tikuvchilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan To‘liboyeva Asaloyga esa subsidiya asosida tikuvchilik mashinasi berildi.

Ha, ovul odamlarining ham, OFY mas’ullarining ham kelgusidagi rejalari katta. ­

– Kelgusidagi rejalarimiz aholini qiynab kelayotgan dolzarb masalalarga yechim topishdir. Shulardan biri – infratuzilmani rivojlantirish. Yurtdoshlarimizning og‘irini yengil qilish maqsadida mahallamizdagi ichki va tashqi yo‘llarni ta’mirlash, shag‘al yotqizish ishlarini amalga oshirishdir, – deydi OFY raisi.

Biz esa ijodiy guruhimiz bilan ularning kelgusidagi ishlariga kuch-quvvat tilab, xayrlashdik.

Aziza MADRAHIMOVA