Kuz faslining oxirgi oylarida dehqonlar hosilni yig‘ib-terib olish bilan birga dalalarda kelasi yilgi dehqonchilik ishlariga ham tayyorgarlik ko‘rishadi va mo‘l hosilga zamin hozirlashadi. Amudaryo tumanining O‘rtaqal’a ovuli hududidagi “Yergulobod” fermer xo‘jaligida ham ayni kunlarda ob havoning ochiqligidan unumli foydalanilib, kuzgi ishlar qizg‘in davom ettirilmoqda.
Gulmurod Boboniyozov raislik qilayotgan mazkur fermer xo‘jaligi tasarrufida 88 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, joriy yilda 52 gektarida “Sulton” navli paxta, 25 gektarida esa “Antonina” navli bug‘doy yetishtirildi. Xo‘jalikda 21 nafar ishchi mehnat qilib, tumanimizning qishloq xo‘jaligi rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda. Bu yil paxtadan mo‘l hosil to‘plashga erishilib, hosildorlik 34 sentnerga yetkazildi va reja oshirib bajarilib, xirmonga 188 tonna “oq oltin” topshirildi.
Ish unumini oshirishda xo‘jalikdagi 1ta “Orion” rusumli surum, 2ta “MTZ – 80X” rusumli traktorlari, 1ta kombayn, 1ta ekskavator va LS – 100 lazerli yer tekislovchi texnikalardan foydalanilmoqda. Xo‘jalikda kelgusi yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlaridan bo‘shagan yer maydonlarni sifatli shudgorlashga kirishilib, shu paytga qadar 30 gektar yer maydonida surim ishlari yakunlandi. Suriladigan yer maydonlarga fosforli mineral o‘g‘itlarni ajratish, surimdan oldin berish hamda ushbu ishlarni to‘liq konturlarda amalga oshirishni ta’minlash, dala chetlari, simyog‘och atroflarini shudgorlashga alohida e’tibor berilmoqda.
Xo‘jalikning tajribali dehqonlari kuzgi shudgor muddatini to‘g‘ri belgilash katta ahamiyatga ega bo‘lgani sababli, bu ishlarni eng yuqori samara beradigan oktyabr-noyabr oylarda amalga oshirishga harakat qilishmoqda. Chunki, bu muddatlarda haydalgan yer dehqonchilik uchun muhim bo‘lgan tuproqdagi nam zahirasini yaxshi saqlashga, yog‘in-sochindan unumli foydalanishga imkon beradi.
Fermer xo‘jalik hududida 25 gektar yer maydoniga ekilgan kuzgi bug‘doy parvarishi ham e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Unib chiqqan bug‘doy maysalarini oziqlantirish maqsadida gektariga 300 kg.dan mineral o‘g‘it berildi, 2 marta qondirib sug‘orildi. Buning natijasida nihollar rivoji yaxshilandi va kelasi yilgi mo‘l hosildan darak berib, sovuq tushishidan oldin bachkilashga ulgurdi.
Xo‘jalikda 4 gektar yerda bog‘ ham barpo etilgan bo‘lib, olma, nok, olxo‘ri, uzum kabi 800 tupga yaqin mevali daraxtlar ayni paytda hosilga kira boshladi. Ushbu bog‘dagi mevali daraxtlar ham xo‘jalik ishchilari tomonidan parvarishlanib kelinmoqda. Ayni paytda ham ishchilar uyqu davriga kira boshlagan mevali daraxtlarning shoxlarini butab, shakl berishmoqda, tanasidan o‘sib chiqqan bachkilarini olib tashlashmoqda. Noyabr oyida daraxtlarga yaxob suvi berish juda foydali bo‘lgani uchun bog‘ qator oralariga suv qaratishmoqda.
“Yergulobod” fermer xo‘jaligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bog‘ yaratish, obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirgi kunda oqava suv kelishini yaxshilash maqsadida hududdagi ariqlar yovvoyi o‘t-o‘lanlardan tozalanmoqda. Ariqlar chetlariga tut ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Shu paytga qadar 600 tupga yaqin tut ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, yana qo‘shimcha 1 gektar yer maydoni ajratilib, yangidan mevali daraxtlar ko‘chatlari ko‘chirilmoqda. Dala chetlariga shu paytga qadar o‘tqazilgan uzum ko‘chatlari esa 150 tupdan oshdi. Bog‘ qator oralaridan 0,50 sotix yerga ekilgan to‘qsonbosti ekinlaridan piyoz va sarimsoq piyoz ham unib chiqa boshladi.
Xo‘jalik raisi Gulmurod Boboniyozov xo‘jalik ishchilari, tajribali dehqonlar bilan hamjihatlikda kelgusi dehqonchilik yilida paxta hosildorligini 50 sentnerga, g‘allani esa 80 sentnerga yetkazishni rejalashtirishgan. Shuningdek, bog‘dan ham mo‘l hosil yetishtirib, o‘z xonadonlari va el dasturxonini to‘ldirishni niyat qilishgan.
Dalalarda sifatli o‘tkazilgan kuzgi ishlar kelgusi yil hosiliga puxta zamin hozirlaydi. Buni tajribada ko‘rgan “Yergulobod” fermer xo‘jaligi ishchilari ochiq ob-havoli kunlarni g‘animat bilib, bor kuch-g‘ayratini kuzgi ishlarni yakunlashga qaratishmoqda.
O.Xudoyberganova.