30-SONLI MAKTABDA “HILPIRAYVER, BAYROGʻIM!” NOMLI ADABIY-MUSIQIY TADBIR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Bayroq har bir davlatning muqaddas ramzlaridan biri, xalqning g‘urur va iftixoridir. Shu bois, 18 noyabr – davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun yurtimizning barcha go‘shalarida keng nishonlanadi.

Ushbu sana munosabati bilan Amudaryo tumanidagi 30-sonli maktabda ham “Hilpirayver, bayrog‘im!” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Mazkur tadbirdan oldin maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Umida Rahimboyeva 8-“v” sinfning ma’naviyat soatida davlat ramzimiz bo‘lmish bayrog‘imiz haqida davra suhbati o‘tkazib, o‘quvchilar bilan davlat ramzlari haqidagi tushunchalarini rivojlantiruvchi fikr almashuvlar tashkil etdi. Nazariy ma’lumotlar asosida ushbu tushunchalarni to‘liqtirdi. Shuningdek, o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga ham javob berib, bayrog‘imizni ulug‘lovchi taqdimotni namoyish etdi.

Shundan so‘ng, o‘quvchilar davlatimizning muqaddas ramzlari bilan bezatilgan maktab sahnasida o‘z iqtidorlarini namoyon etishdi. Xususan, O‘zbekiston bayrog‘i qabul qilingan sana, o‘zbek davlatchiligi tarixi, olis o‘tmishda xalqparvar, vatanparvar ajdodlarimiz davlat bayrog‘ini qanday asraganlari, bayroqning xalqni buyuk marralar sari ruhlantirishdagi beqiyos katta ahamiyati haqida ma’ruzalar qilishdi. Chunonchi, ulug‘ janhongashta bobomiz Amir Temur davlatchiligi davridagi bayroq, undan oldin Jaloliddin Manguberdi bobomizni boshi uzra baland ko‘tarib o‘z ona yurtini himoya qilishga undagan davlat bayroqlarining tarixiy ahamiyati xususida o‘zaro fikr almashdilar.

Tadbirda o‘quvchilar vatanparvarlik ruhidagi, shuningdek, bayrog‘imizni madh etuvchi she’rlardan namunalar aytishdi, milliy musiqalarga raqslar ijro etishdi.

Bundan tashqari, tadbir davomida “Bilimdonlik bahsi” ham o‘tkazilib, bunda bayroq bo‘lakchalaridan yaxlit rasm hosil qilish, berilgan bayroq rasmlari qaysi davlatga tegishli ekanligi haqidagi o‘quvchilarning bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Bellashuvda o‘quvchilar o‘zlarining bilimlarini sinash bilan birgalikda jamoa bo‘lib harakat qilish, o‘zaro do‘stona munosabat tuyg‘ularini ham rivojlantirdilar.

Bu kabi tadbirlar orqali o‘quvchilarga davlat ramzlari haqida kengroq tushuncha berish, bu ramzlarga nisbatan hurmat tuyg‘usini oshirish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.

Chunki davlat bayrog‘iga nisbatan hurmat – ona Vatanga, xalqimizga hurmat va ehtirom namunasidir. Buni sportda, ilm-fan, adabiyot va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan yoshlarimiz boshi uzra davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilgan lahzalarda chuqur his etamiz va qalblarimiz g‘urur va iftixorga to‘ladi. Albatta, xalqaro maydonda davlatimiz ramzi – bayrog‘imizning hilpirashi jonajon O‘zbekistonimizga nisbatan xayrixohlik va hurmat-e’tiborning oshib borayotganidan dalolatdir.

Tadbir yakunida o‘quvchi-yoshlar O‘zbekiston bayrog‘ini boshlari uzra baland ko‘tarib, mustaqil Vatanimizga sodiq farzandlar bo‘lishga, ona Vatanimizning yanada gullab-yashnashi uchun xizmat qilishga qodir insonlar bo‘lib voyaga yetishga so‘z berdilar. Tadbir barchaga zavq-shavq, g‘urur bag‘ishladi.

Ravshan Bahromov.