Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish hamda ommaviy harakatga aylantirish, aholining jismoniy qobiliyatini aniqlash va rag‘batlantirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida Prezident Qaroriga ko‘ra 2021 yil 1 avgustdan boshlab aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etilgan edi.
Aholining barcha qatlamlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish orqali ularning jismoniy qobiliyati va harakat faolligini takomillashtirishda hamda zararli odatlardan himoya qilishda, ushbu qaror muhim ahamiyatga ega. Yoshlarda iroda, o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonch kabi fazilatlarni mustahkamlash, ularda mardlik, jasorat, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan bu chora-tadbirlar, ya’ni baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi.
Sport sinovlari pog‘ona va murakkablik darajasidan kelib chiqib, 15 turdagi mashqlardan iborat bo‘ladi. Ular uzoq va qisqa masofalarga yugurish, suzish, turnikda tortilish, anjomlarni uloqtirish va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi bo‘yicha sport sinovlarini o‘tkazish tadbirlari Amudaryo tumanida ham olib borilayapti.
17 noyabr kuni tumandagi 33- va 40-sonli maktablarining 9-, 11-sinflari o‘quvchilari orasida yosh toifalariga qarab, 7 xil mashqlarni bajarish bo‘yicha ana shunday sinovlar o‘tkazildi. Tadbirlar tuman sport maktab trenerlari tomonidan belgilangan mezonlar asosida o‘tkazildi. Sport sinovlarini namunali o‘tkazishda mazkur maktablarning jismoniy tarbiya o‘qituvchilari ham faollik bilan harakat qildilar.
Sport sinovlari davomida o‘quvchilar belgilangan sport normativlarini qunt bilan va bekamu ko‘st ado etishga harakat qildilar va jismoniy tayyorgarligini namoyish qildilar.
Sport – sog‘liq garovi ekinligi, jismoniy faollik, sport bilan muntazam shug‘ullanish sog‘lom va uzoq yashashga zamin bo‘lishi barchaga ma’lum. Aholi orasida sportni ommalashtirish, jismoniy faol hayot kechirishga da’vat etish borasida amalga oshirilayotgan bu kabi sa’y-harakatlardan ko‘zlangan maqsad ham odamlarning uzoq va sog‘lom hayot kechirishiga erishishdir.
Kelgusi yilda bu boradagi tadbirlar yana davom ettiriladi va respublikamizning 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan va undan ham katta aholisining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash maqsadida ular orasida sport sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Bunda eng avvalo maktablar o‘quvchilari sinovga qamrab olinadi. Shuningdek, korxona, tashkilot va muassasalarda ishlaydigan xodimlar, keyinchalik uy mehnati bilan shug‘ullanuvchilar, pensionerlarning ham sport sinovlari orqali jismoniy tayyorgarlik darajasi aniqlanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa aholini, ayniqsa yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish orqali sog‘lom va baxtiyor yashashiga erishishdir.
Oygul RAJABOVA.