Har bir inson o‘z tug‘ilgan oilasini, kamolga yetgan Vatanini sevadi. Vatanining ravnaqi uchun xizmat qilishni, ko‘nglidagi sevgi-muhabbatini amalda namoyon etishni xohlaydi.
Mening harbiy xizmatchi bo‘lishga ahd qilishimga ham yurtim tinchlik-osoyishtaligiga hissa qo‘shishga, uni ko‘z qorachig‘iday asrashga intilishim sabab bo‘lgan.
Donishmandlardan biri “Vatan bir bog‘dir, sodiq farzandlar bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘ormaklari darkor”, deganlarida naqadar haq edi.
Vatanga muhabbat, ayniqsa, chegaralar daxlsizligini saqlab, o‘z o‘rnida yozning jaziramasi-yu, qishning qahratonlarida sobit turgan harbiy xizmatchilar ko‘nglida o‘zgacha mas’uliyat uyg‘otadi, chegaralar daxlsizligiga o‘zingni javobgar sezasan, bu – farzandlik burching ekanligini sidqidildan his qilasan.
Mana, necha yildirki, men DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda xizmat qilar ekanman, buni har soniya his qilib yashayman.
Men bolaligimdan harbiy bo‘lishni orzu qilgandim. Ota-onam ham mening bu intilishlarimni qo‘llab-quvvatlashdi. Yashirmayman, bolaligimda juda sho‘x edim, uyda ham, maktabda ham ko‘p to‘polon qilardim. Hozir o‘sha damlar yodimga tushsa, shu qilgan xatolarim uchun ham yaxshi xizmat qilishim kerak, degan qarorga kelaman.
Vatan himoyasi – muqaddas burch. Bu burchni sharaf bilan uddalash ham baxt. Yurtimiz chegaralari daxlsizligini qo‘riqlayotgan safdoshlarimga tolmas kuch-quvvat tilayman.
Murodjon Habibullayev, harbiy xizmatchi.