O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganga bu yil 32 yil to‘ldi. Yurtimizning barcha hududlarida ushbu sana munosabati bilan tantanali tadbirlar o‘tkazilib, keng nishonlandi.
17 noyabr kuni Amudaryo tumanidagi 36-sonli maktabda ham yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular qalbida davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat-ehtirom, faxru-iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunni munosib nishonlash maqsadida “Yurt uzra hilpirar Vatan bayrog‘i, mujassamdir unda mustaqillik iqboli” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda tumandagi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismning mas’ul xodimlari Otabek Madolimov, Azizbek Akramov, Sherzod Atayev hamda 36-sonli maktabning o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Tadbir tantanali tarzda davlat madhiyalari bilan boshlandi va dastlab maktab oldida harbiy qismga tegishli qurol-aslahalardan tashkil etilgan ko‘rgazma namoyish etildi. Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan harbiy qism xizmatchilari barchani ushbu muhim sana bilan tabriklab, mustaqil davlatchiligimiz ramzlaridan bo‘lgan bayrog‘imiz o‘zida Vatanimiz o‘tmishi va bugunining muhim qirralarini aks ettirishini, yurt bayrog‘iga nisbatan hurmat tuyg‘usini yuksaltirish, uning ulug‘vorlik kasb etuvchi mohiyatini anglash barchamiz uchun muhim vazifalardan biri hisoblanishini e’tirof etishdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakat taraqqiyoti hamda uning barqarorligida davlat ramzlarining alohida o‘rni bor. Shu ma’noda bayrog‘imiz davlat va jamiyatning hayoti uning jahon hamjamiyatida o‘rni va rolini ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, har birimiz uchun faxr-iftihor sanaladi. Bugun yurtimizdagi turli bayram tantanalarida mamlakatimiz delegatsiyalari qatnashayotgan xalqaro tadbirlar, nufuzli sport musobaqalarida mamlakatimiz sharafi, xalqimizning g‘urur va iftixorini yorqin aks ettiradigan omillardan biri ham aynan bayrog‘imizdir.
Tadbir maktab o‘quvchi-yoshlari ishtirokidagi stol tennisi, shashka, shaxmat musobaqalari bilan davom ettirildi. Ko‘tarinki ruh bilan boshlangan stol tennisi musobaqalari davomida yoshlar o‘z mahoratlarini namoyish etib, g‘oliblik uchun harakat qilishdi. Shaxmat-shashka musobaqalarida ishtirok etgan sportchilar ham o‘yinlar jarayonida biri-biridan zakovatli ekanligini ko‘rsatishdi.
Tadbir ishtirokchilari maktabning boshlang‘ich sinfida o‘qituvchisi Saragul Yusupova tomonidan tashkil etilgan ochiq o‘quv mashg‘ulotida ham qatnashishdi va o‘quvchilar bilan davlat ramzlari xususida savol-javob o‘tkazishdi. O‘quvchilar davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 18 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonuni bilan tasdiqlangani, davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollar ekanligini, shu yurtda yashovchi fuqaro sifatida ular bilan faxrlanishini g‘urur bilan so‘zlab berishdi.
Maktabning faollar zalida davom etgan tadbirda esa tumandagi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism mas’ullari harbiy xizmatchilarning Vatan bayrog‘i poyida tiz cho‘kib, muqaddas Ona tuprog‘ini matonat va sadoqat bilan himoya qilishga qasamyod qilishi bejiz emasligini, chunki bayroq jasorat, g‘urur, fidoyilik, or-nomus timsoli ekanligini iftixor bilan ta’kidlashdi. Shuningdek, o‘quvchi-yoshlarni harbiylashtirilgan yo‘nalishdagi o‘quv yurtlarga qabul qilish tartibi haqidagi batafsil ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tishdi.
Tadbir yakunida sana munosabati bilan maktabda tashkil etilgan sport musobaqalari g‘oliblari taqdirlandi va muqaddas bayrog‘imizni jahon arenalarida, nufuzli sport musobaqalarida baland ko‘tarib yurishlarini aytib, ezgu tilaklar bildirildi.
O.Xudoyberganova.