O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi”ga muvofiq mamlakat bo‘ylab keksa avlod vakillarini sayohat qilishga rag‘batlantirish maqsadida “Keksalar uchun turizm oyligi”ni tashkil qilish vazifasi belgilangan. Shundan buyon har yili noyabr oyida keksalar uchun turizm oyligi o‘tkazib kelinadi.
Mazkur oylik doirasida barcha ovul va mahallalarda reja asosida keksa otaxonu-onaxonlar uchun diyorimizdagi diqqatga sazovor va tarixiy maskanlarga sayohatlar tashkil etiladi. Joriy yilda ham ushbu an’anaga muvofiq amudaryolik nuroniylar mamlakatimiz bo‘ylab sayohatga chiqmoqdalar.
Mamlakatimizda bugungi kunda keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash, faol va mazmunli hayot kechirishlarini ta’minlash, boy hayotiy tajribasidan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Nuroniy otaxon va onaxonlarimizga qaratilayotgan e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadida 1 noyabrdan 30 noyabrgacha bir oy mobaynida tarixiy shaharlar va muqaddas qadamjolarga turli sayohatlar rejalashtirilgan.
Oylik doirasida 15-20 noyabr kunlari “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamda tuman bo‘limi tomonidan 50 nafar mehnat faxriylarining Xiva shahriga sayohati tashkil etildi.
Xiva shahridagi tarixiy obidalar hamda muqaddas qadamjolar qadimiy ziyoratgohlardan biri bo‘lib, hozirda u yerga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar soni tobora ortib bormoqda. Ziyoratgohga kelgan mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Uzoq yillar davomida turli sohalarda samarali mehnat faoliyatini yuritgan, hozirda keksalik gashtini surayotgan otaxon va onaxonlar ushbu tarixiy maskanlarni ziyorat qilishib, bugungi dorilomon kunlarga shukronalar aytib, ajdodlarimiz ruhiga duolar qildilar.
Ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikdan nihoyatda mamnun bo‘lgan keksalar sayohat davomida Prezidentimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida suhbatlashib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Shuningdek, ularning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash hamda yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashdagi rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samarasini berayotgani, bularning hammasi yurtimizdagi rivojlanish, yuksalishlarda o‘z aksini topayotgani alohida ta’kidlandi.
Sayohatchilar Xiva shahridagi “Ichan qal’a” tarixiy majmuasidagi barcha obidalar, muzeylar bilan taniib chiqqach, tushlik dasturxoni yozilib, mehmon qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniylar” jamg‘armasi va mazkur jamg‘armaning tuman bo‘limi tomonidan tashkil etilgan sayohat davomida amudaryolik nuroniylar miriqib hordiq chiqardilar.
Ushbu sayohat mehnat faxriylarida katta taassurotlar qoldirib, ularning madaniy va ma’naviy dam olishlariga imkon yaratdi. Sayohat yakunlangandan so‘ng nuroniy faxriylar bu kabi e’tibor hamda g‘amxo‘rlikdan g‘oyat xursand ekanliklarini bildirishib, tashkilotchilarga minnatdorchilik izhor etdilar.
Tuman hokimligi Axborot xizmati