Inson manfaati – oliy qadriyat. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar asosida ayni maqsad ustuvor o‘ringa qo‘yilayotgani joylardagi o‘zgarishlarda yaqqol sezilmoqda. Binobarin, odamlarni rozi qilish, ularning huquq va manfaatlari himoyasi yo‘lidagi sa’y-harakatlar amaliy natijasini bermoqda. Ayniqsa, yoshlar muammolarini yechishning yangi, samarali tizimini yaratishni maqsad qilgan ommaviy sayyor qabullar yoshlar hayotida muhim o‘rin tutmoqda.
Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida ertamiz egalarining orzu-intilishlarini rag‘batlantirish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, yosh o‘g‘il-qizlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
2023 yil 22 noyabr kuni Amudaryo tumani hokimligi majlislar zalida Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i Po‘lat Maqsetboyev hamda agentlikning tuman bo‘limi raisi Sardor Ismoilovlar ishtirokida o‘tkazilgan yoshlarning sayyor qabulida ham ayni shu muhim masalalarga e’tibor qaratildi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqan mas’ullar bugungi kunda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berib, yoshlarni bilim olishga va kasb-hunar egallashga da’vat qildi.
Darhaqiqat, yurtimizda xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo insonning huquq hamda manfaatlarini ta’minlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun ko‘plab sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tumanimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan sayyor qabullar jarayonida ham yordamga muhtoj aholining muammolari o‘rganilib, ko‘plab ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Sayyor qabul tarzida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad yoshlarning muammolarini o‘rganish, ijobiy hal etilishiga ko‘maklashish, taklif hamda tavsiyalarini tinglashdan iborat bo‘ldi. Sayyor qabulda tumanimizning turli hududlaridagi mahallalardan tashrif buyurgan jami 12 nafar yoshlarning murojaatlari tinglandi.
Tegishli mas’ullar ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda 4 nafar yoshlarning oliy o‘quv yurtlari shartnoma to‘lovlarini to‘lashda amaliy yordam bo‘yicha, 1 nafarining ishsizlik, “Yoshlar daftari”ga kiritish bo‘yicha, 3 nafarining davolanish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha, 1 nafar yurtdoshimizning haydovchilik guvohmasiga o‘qish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha, 2 nafarining subsidiya asosida asbob-uskunalar olish hamda yana 1 nafarining tadbirkorlikni boshlash uchun imtiyozli kredit olish masalalarida murojaatlari qabul qilindi.
Sayyor qabulda murojaatlarning hech biri e’tibordan chetda qolmasligi va har bir murojaat imkon qadar ijobiy yechim topishi ta’kidlandi.
Amaliy natijalari bilan ahamiyatli bo‘lgan tadbirda aksariyat murojaatlar joyida hal etildi. Yechimiga vaqt talab qiladigan muammolar yuzasidan mas’ul shaxslarga topshiriqlar berildi. Ba’zi murojaatlar bo‘yicha esa amaldagi qonunchilik doirasida huquqiy tushuntirish ishlari olib borildi. Murojaatchilarning barcha takliflari o‘rganib chiqish uchun qabul qilindi.
“Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari, katta-kichik rahbarlar xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida o‘tkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar aholi muammolari hal bo‘lishida asosiy omil bo‘lib xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Tuman hokimligi Axborot xizmati