QIMOR VA TAVAKKALCHILIKKA ASOSLANGAN BOSHQA OʻYINLARGA ARALASHISH – JINOYAT

Туман янгиликлари

Inson halol mehnat bilan daromad topib, ro‘zg‘or tebratsa xotirjam yashaydi. Xonadoniga baraka, fayz kiradi, osuda, baxtiyor hayot kechiradi. Lekin shunga qaramasdan ayrim kishilar tezroq, ko‘proq daromad topishni, moddiy boyliklarga ega bo‘lishni, to‘kis yashashni istab, tuzatib bo‘lmas xatolarga yo‘l qo‘yishadi. Ayniqsa, so‘nggi paytlarda tez boyib ketish maqsadida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga aralashib, bor budidan ayrilayotganlar ko‘p uchramoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 278-moddasida bu jinoyat deb ko‘rsatilgan bo‘lib, tegishli jazolar belgilangan. Ushbu moddaga asosan qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shuningdek, ushbu harakatlar takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, yetti yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ko‘rsatilgan.

Voyaga yetmagan shaxs qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga jalb qilinsa, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish yoki o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish, tegishli dasturiy ta’minotdan nusxa ko‘paytirish, uni ko‘paytirish, tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi nazarda tutilgan.

Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga aralashish jinoyat sanaladi. Zero, xotirjam yashashni istagan har qanday odam hech qachon bunday nomaqbul ishlarga aslo qo‘l urmaydi.

Asqar Safarov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi.