SAYYOR SUDDA BELGILANMAGAN YER MAYDONIDA NOQONUNIY BINO QURGAN FUQAROGA JAZO TAYINLANDI

Туман янгиликлари

Do‘stlik mahallasida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Ushbu sayyor sud majlisida yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish jinoyatini sodir qilgan fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish ko‘rib chiqildi.

Sud majlisi davomida jinoyat sodir qilganlikda ayblangan fuqaro X.M. (ism o‘zgartirilgan) 2022 yil dekabr oyida tumanimiz hududida joylashgan, o‘ziga tegishli bo‘lgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga davlat tomonidan foydalanish uchun ijaraga berilgan sug‘oriladigan ekin maydonining tegishli konturidagi sug‘oriladigan yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgani, mazkur yer maydonida noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirib, chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun 178 kv/metr kenglikda molxona va yem saqlash uchun omborxona binosini qurgani ma’lum bo‘ldi.

Ishni ko‘rib chiqish mobaynida to‘plangan dalillar va boshqa tegishli hujjatlar o‘rganildi, himoyachi va taraflarning so‘zlari tinglandi. Shundan kelib chiqib, fuqaro X.M.ga O‘zbekiston Respublikasi JKning 229-1-moddasining 2-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, sudlanuvchidan yetkazilgan 7671755 so‘m zarar miqdorining  7288167 so‘m 25 tiyini Respublika budjetiga,  383587 so‘m 75 tiyini Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasiga undirildi.

Tayinlangan jazo X.M.ning yashash joyida o‘tashi belgilandi va soat 21:00 dan ertalabki soat 06:00 ga qadar boshqa hududga chiqishi taqiqlandi. Shuningdek, jazo ustidan nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Amudaryo tumani hududidan ruxsatsiz chiqmaslik majburiyatlari yuklatildi.

Asqar Safarov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi.