Til – har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Har bir xalq, har bir elat, o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi. Ayni zamonda, til ijtimoiy taraqqiyotda ulug‘vor ahamiyat kasb etadi. Til – har bir millat o‘zligining ajralmas belgisidir.
1989 yil 1 dekabr — Qoraqalpog‘iston tarixidagi muhim sanalardan biridir. Shu kuni qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan. Har yili bu sana keng nishonlanib kelinadi.
Ushbu sana munosabati bilan 23 noyabr kuni Amudaryo tumanidagi 76-sonli maktab faollar zalida “Ana tilim – milliy maqtanishim» deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda maktabning ustoz-murabbiylari hamda o‘quvchilari, ota-onalar ishtirok etdilar.
Tadbirni maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Dilfuza Yakubova ochib berdi hamda o‘quvchilarni ushbu muhim sana bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, til – bu xalqning tarixini, madaniy merosini, turmush tarzini, urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan bebaho xazinadir. Shu bois ham so‘nggi yillarda yurtimizda qoraqalpoq tilini asrab-avaylashga, uni yanada boyitishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.
Buning misoli tariqasida qoraqalpoq tilidagi yangi darsliklar va qo‘llanmalarning, badiiy kitoblarning, monografiyalarning nashrdan chiqarilayotgani, mazkur tilni rivojlantirishga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar va boshqa tadbirlarning tashkil etilayotgani, Ibroyim Yusupov nomidagi qoraqalpoq tili va adabiyoti fanini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan ijod maktabining faoliyati yo‘lga qo‘yilganganini alohida qayd etish zarur.
Shuningdek, lotin alifbosidagi «Qoraqalpoq tilining orfografik lug‘ati» chop etilgani qoraqalpoq tilini rivojlantirishga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasidir.
Mazkur tadbirda maktabning 5-, 6-, 7-sinflar o‘quvchilari faol qatnashdilar. O‘quvchilar tomonidan qoraqalpoq tilida she’rlar ijro etildi, uni asrab-avaylash bilan bog‘liq mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan o‘qituvchilar qoraqalpoq tili necha asrlardan buyon ajdodlarimizdan bizga bezavol o‘tib kelayotgani, xalqimizning o‘zligini namoyon qilishida, Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida, jamiyatning rivojlanishida muhim o‘rin egallab kelayotgani, uning bebaho meros, yurtimiz tarixini, milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va dasturlarimizni o‘zida mujassam etgan bebaho xazina ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.
Tadbirda yurtimizda qoraqalpoq tili va adabiyotini yanada rivojlantirishga qaratilgan e’tibor tobora kuchayib borayotgani, qoraqalpoq adabiyoti vakillarining ijod maktablari tashkil etilishi qoraqalpoq tili va adabiyotining boy xazinasi, nafosatini yosh avlod qalbiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani xususida so‘z yuritildi.
«Ana tilim – milliy maqtanishim» deb nomlangan tadbir barcha o‘quvchilarda katta taassurotlar qoldirdi. 5-, 8-sinflar o‘quvchilari qoraqaloq adabiyoti namunalaridan ajoyib she’rlar hamda kuy-qo‘shiqlar ijro qildilar. Tadbir ko‘tarinki ruhda hamda bayramona tarzda o‘tdi.
Sevara Ismoilova