Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Xonimjon Rajabovaning “Qalb qoʻshigʻi” nomli yangi kitobi nashrdan chiqdi

Туман янгиликлари

Hayotni dorilfununga qiyoslaymiz. Chunki inson umr bo‘yi ana shu dorilfunun tahsilini oladi. Yaxshilardan ibrat, sinovlardan sabr-toqat, olim-u fuzalolar davrasidan intiluvchanlik xislatlarini “yuqtiradi” va ana shu yo‘sinda toblanadi inson. Umrning oydin manzillari tomon intilib yashash esa inson uchun irsiyat. Ko‘ngliga tukkan yorug‘ niyatlari ro‘yobi uchun hayotini baxsh etib yashayveradi. Bu yorug‘ niyatlar unga mangu hamroh. Agar inson yuragida ana shu yorug‘ niyatlar bo‘lmaganida edi, uning umri ham hech qanday ma’no-mazmunga ega bo‘lmasdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, ayni paytda Amudaryo tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Xonimjon Rajabovaning qo‘liga qalam tutqazib, ijoddek mashaqqatli maydon sari undagan kuch ham ana shunday yorug‘ niyatlar bo‘lsa ne ajab!

Aslida Xonimjon Rajabova uchun ijod mashaqqatini his etmoq  tuyg‘usi begona emas. Uning o‘zi aytmoqchi, qo‘liga ilk qalam ushlab, qog‘oz qoralay boshlaganida 12-13 yashar qizaloq edi.

ToshDU (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakulteti talabasi bo‘lgan kezlari ayni paytda O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli shoirlar bo‘lib yetishgan Sirojiddin Sayyid, Mirzo Kenjabek kabi kursdosh do‘stlari bilan she’riy davralarda faol ishtirokchi bo‘lar edi.

Talabalikning oltinga teng yillarida shakllanib ulgurgan ijodkor Amudaryo tumanining ijtimoiy-siyosiy gazetasi “Amudaryo haqiqati” (hozirgi “Taraqqiyot ko‘zgusi”) sahifalari orqali o‘zining lirik she’rlari, jo‘shqin publitsistik maqolalari, qatra va novellalari, tarjimalari bilan mash’alday porladi go‘yo.

Tahririyat muharriri, keyinchalik Amudaryo tumani hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimlarida faoliyat yuritish asnosida ma’lum fursat qalbida alangalanib turgan ijod zavqini bir chetga surib, el-yurt, xalq manfaati yo‘lida faoliyat yuritgan Xonimjon Rajabova hayotni, inson manzaralarini chuqur o‘rgandi. Idrokidagi botiniy va zohiriy tuyg‘ularini goh oshkor, goh pinhon asradi. Ba’zan jo‘shqin, ba’zan baxshiyona tarzda misralarga jo etdi u bu tuyg‘ularini. Hayot deb atalgan dorilfunun saboqlaridan o‘ziga xulosalar oldi, ajib hikmatlar topdi. Va o‘zi bilgan, anglagan hayot hikmatlarini aziz xalqi bilan birga baham ko‘rishga intildi. Pirovardida ko‘ngillarni tebratuvchi, insonni o‘ylashga, fikrlashga undovchi ajib bir she’riy guldasta yaraldi.

Men oyning qiziman,
Tunni yoritgan.
Men quyosh qiziman,
Tandir qizitgan.
Otash bo‘lib yondim
El dardi bilan.
Bariga guvoh u yillarim aytsin,
Yilning erkatoyi – kunlarim aytsin,
deb kuyladi u el-yurt manfaati yo‘lida, fidoyi mehnatlar bilan kechgan damlari haqida.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli  shoir, tarjimon va publitsist Yangiboy Qo‘chqorov Xonimjon Rajabovaning 50 yoshlik yubiley  tantanasida so‘zga chiqib:

– Butun vujudi bilan To‘maris, butun vujudidan xalqiga, ona Vataniga mehr-muhabbat yog‘ilib turgan mening qadrdon opam, ustozim Xonimjonning she’riyati, hayoti, qilayotgan ishlari go‘zal...

Menga tanish do‘stim savol tashlaydi,
Qanday bo‘lgan ekan go‘zal To‘maris.
Bilsang, Mang‘it elida yashaydi asli,
Xonimjon ismli go‘zal bir voris.
deb o‘z tilaklarini bildirgan edi.

Haqiqatan ham Xonimjon Rajabova davlat ishlari, oila tashvishlari, 6 nafar farzandlar tarbiyasidan ortib, ba’zan safarlarda, ba’zan xalq xizmatida, uzun tunlari beshik ustiga egilgan holatda biri-biridan hikmatli, jozibali ash’orlar bitdi. Turmushning zalvorli mushtlariga, hayot sinovlariga jo‘shqin she’riyati bilan qalqon bo‘ldi u.

Boshimdan ne o‘tganin,
Ko‘zimdan yosh to‘kkanim.
Hech kimsa ko‘rmasa ham,
Yulduz ko‘rdi, oy ko‘rdi.
Dardlarim yukin o‘lchab,
Guvoh koinot aytsin.

Hayotda nolishni noshukurlik, deb bilgan shoira o‘zi chekkan g‘am-u hasratlarni ham baxshiyona, xalqona satrlar iforiga o‘rab xalqiga hadya etayotir. Ko‘nglida o‘tayotgan umr lahzalaridan cheksiz qoniqish hissini tuygan shoira hayot mashaqqatlaridan ham ajib ma’no-mazmunlar, mohiyatlar topib ijod etgani va ana shu ijod zavqi og‘ushida yashagani uchun ham o‘z boshidan kechgan dardli onlarni nolish ila tilga olishdan yiroq, matonatli. Ba’zi ijodkorlarga o‘xshab “men bunday azob chekdim, g‘amlarim buncha tog‘ bo‘ldi”, qabilida ko‘ngil dardlarini to‘kib solayotgani yo‘q. Balki sabr-toqatga oshna yashab o‘tgan umr yo‘llaridan chiqargan saboqlari tufayli yetgan baxtiyor damlari uchun “bugungi baxti xaqida  haqqa ming sano aytgan kunlariga” ham shukronalar aytayotir.

Hayot sinovlarini mardona yengib yashamoq baxti ham shoira opamizga xos. Payg‘ambar yoshidan hatlab, ulug‘likka yetishgan Xonimjon Rajabova o‘zi aytmoqchi, inson “umrining kuzagida donolikka yuz tutajagini”, bu dam unga chinakam yetuklik va ulug‘vorlik baxsh etganini ta’kidlarkan, yana shukronalar keltiradi. Shoiraning “Inson umri” she’rida shunday satrlar bor:

Umrin kuzi kelganida toliqdi u,
Bitta so‘z kam, ikkitasi og‘ir botdi.
“Qari” degan og‘ir dardga yo‘liqdi u,
 Mehnatga yor damlarini ham yo‘qotdi.

Qish qorlari yuzlarini chimchiladi,
Olib ketdi ko‘zlaridan ravshanni ham,
Sovuq zapti badanini qamchiladi,
Yomon ko‘rib qoldi yumshoq to‘shakni ham...

She’rning har bir satrida sohir qalb iqrori bor. Qolaversa, o‘tkinchi bu dunyoda umrning bahori, yoz-u kuzidan ham qishi qattiq va sinovli ekanini har lahzada yodda tutib yashashga dav’at bor. Inson umriga fasllarga qiyosan ta’rif bergan shoiraning  keksalik – donolik degan fikriga qo‘shilmay ilojingiz yo‘q.

Xonimjon Rajabova butun umr o‘zi sevgan xalqqa intilib, xalq orasida yashayotgan ijodkor sifatida o‘zini o‘zi tahrir qilishdan, kamchiliklarini qalban his etib,  tahliliy xulosalar chiqarib yashashdan aslo charchamaydilar. Ayniqsa, onaga ehtirom bobida shoiraning o‘z mardona so‘zi bor:

Uyqusiz o‘tkazgan bitta tunining,
Qarzini uzolmay yuribman hamon.
Boshimda parvona o‘tgan kunining,
Badali bo‘ynimda, bosadi armon.

Armon yuki og‘ir, bosar beayov,
Bedor bir tuningga yetmaydi umrim.

Hamon xotirangdan olib kuch, suyov,
Men yashab yuribman ulug‘lab qadring.

Qarang, o‘zi pir-u badavlat ona, qaynona, buvi, hoji ona bo‘lgan shoira hamon dunyodan o‘tib ketgan aziz insoni – onasi xotirasidan quvvat olayotir.

Bu tuyg‘u umumning yuragidagi og‘riqli ovunch, tog‘day suyanch, kuch va iroda. Odamzotga xos bu ajib tuyg‘u, agar inson 100 yoshga kirgan taqdirda ham uning tomirlarida oqqan qon kabi mangu barhayot. Bu onaga ehtiromning shoirona  ifodasi.

Xonimjon Rajabova she’riyati o‘ziga xos, muhimi, iforli, qalblarni tebratguday xush nasimli she’riyat. Uning “Savob”, “Yurakkinam”, “Tush”, “Kuz xayollari”, “Haq yo‘li”, “Farzandlarimga maktub”, “Farzandlarimdan maktub”, “Dunyo”, “Elning nomus-ori yigitlar”, “Omon bo‘lsin yigitlar” kabi she’rlarida nafaqat shoiraning, balki umumning ko‘nglidagi yorug‘ niyatlarga oshna bo‘lasiz. She’rdan she’rga o‘tganingiz sari ko‘nglingiz tozaradi, sizga taskin beruvchi bir ibora tilingizga ko‘chadi:

– To‘g‘ri aytadilar, hammasi haqiqat, shunday yashash kerak aslida!.

Ha, azizlar, sohir qalbdan sizib chiqqan sohir satrlar misli hikmatlar xazinasi kabi ko‘nglingizga taskin, xotirjamlik baxsh etadi. Bilmadim, men Xonimjon Rajabova samimiyat bilan qo‘limga tutqazgani – “Qalb qo‘shig‘i” kitobini o‘qib, qalbimda ana shunday xotirjamlikni his etdim. Opamizning “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyati” nashriyotida chop etilgan ko‘ngil bitiklari kitob javoningizga ziynat va nur bag‘ishlaydi. Zero, ulug‘ ustozimiz A.Oripov ta’kidlaganlariday: “qalblarni o‘z musiqiy ohangi bilan tebratmagan she’riyat yolg‘ondir”.  Xonimjon Rajabova she’riyatidagi musiqiy ohang har bir qalbni zabt etishiga ishonaman.

Robiya YO‘LDOSHЕVA, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoira.