Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish ko‘p jihatdan u yerda faoliyat olib borayotgan pedagog-xodimlar, tarbiyachilarning bilim, malaka va tajribasiga bog‘liq. Shu bois ham, ularning bilim va malakasini oshirib borish muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shularni inobatga olgan holda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog-xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etilib, o‘quv mashg‘ulotlari, seminarlar o‘tkazilmoqda.
Amudaryo tumanida ham tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida joriy yilning 20 noyabrdan 24 noyabri oralig‘ida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlarining bilim va malakalarini oshirish maqsadida qisqa muddatli o‘quv kurslari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi hamda Jahon banki bilan hamkorligidagi “Bolalarni erta yoshdan takomillashtirish” investitsion loyihasining 1-komponenti – “Maktabgacha ta’lim sifatini oshirish” dasturi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu dastur 40 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, unda tumandagi 52ta maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan jami 90 nafar pedagog xodimlar ishtirok etdilar. Qisqa muddatli malaka oshirish kurslariga xorijiy mutaxassislar ham jalb etilib, mashg‘ulotlar uch bosqichda o‘tkazildi.
Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, yangi muassasalar barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ustuvor masala sifatida qaralmoqda. Bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy dastur va texnologiyalarni tatbiq etish, bolajonlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan barkamol etib tarbiyalash borasida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mashg‘ulotlar davomida mamlakatimizda o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama yetuk qilib voyaga yetkazish, ta’lim-tarbiya jarayoniga ta’limning samarali shakllari va usullarini joriy etish maktabgacha ta’lim tashkilotlari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashi yana bir bora e’tirof etildi. Uzluksiz ta’limning bosh bo‘g‘ini hisoblanmish maktabgacha ta’lim tashkilotlarining asosiy vazifasi bolani sog‘lom, har tomonlama rivojlangan va erkin shaxs sifatida shakllantirish, bolalarning qobiliyatlarini aniqlab, rivojlantirish, ta’lim olishga bo‘lgan intilishini tarbiyalashdan iborat ekani alohida ta’kidlandi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
Ko‘p yillik tajribaga ega soha xodimlari shuningdek, xorijiy mutaxassislar tomonidan bolalarning bilim va intellektual salohiyatini, fikrlash qobiliyatini erta yoshdan rivojlantirishdagi zamonaviy metodikalar, ilg‘or xorijiy tajribalar va psixologik yondashuvlarning uzviyligi bo‘yicha qiziqarli ma’ruzalar o‘qilgan ushbu seminarda bu boradagi ilg‘or xorijiy tajribalar haqida ham ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Mashg‘ulotlarda ishtirokchilar o‘zlarining faoliyatiga doir ko‘pgina bilimlarga ega bo‘ldilar hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar.
Tuman hokimligi Axborot xizmati