Qadriyatlar – har bir millatning ma’naviy qiyofasini namoyon etadi. Buyuk mutafakkirlar ham qadriyatlar millat ma’naviyatining ko‘zgusi, deb bejiz e’tirof etishmagan. Milliy qadriyatlar har bir millatning tili, urf-odatlari, tarixi, madaniyati, an’analarini, barcha moddiy va ma’naviy boyliklarini, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha tomonlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Ularni o‘quvchi-yoshlarga yetkazish bugungi kunning asosiy vazifalaridandir.
2023 yil 25 noyabr kuni Amudaryo tumanidagi 31-sonli maktabda “Milliyligim – g‘ururim” deb nomlangan ko‘rgazmali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda maktabning o‘qituvchilari hamda 3- va 9-sinf o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilbar O‘rozaliyeva ochib berdi hamda o‘quvchilarni milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlar o‘rtasidagi milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish hamda targ‘ib qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida tshxtalib o‘tdi.
Mazkur tadbir yoshlar tarbiyasida o‘zbek milliy qadriyatlarining tutgan o‘rnini oshirish, mustahkamlash hamda buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lgan bebaho, asl milliy qadriyatlarimizni targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda milliy qo‘l hunarmandchiligi buyumlari va o‘zbek millatining urf-odatlari hamda an’analarini targ‘ib etuvchi ko‘rgazmalar namoyish etildi.
Xalqimizning asrlar sinovlaridan o‘tib kelayotgan boy madaniy va ma’naviy merosi, milliy qadriyatlari, urf-odat va an’analari, qo‘shiqlari, ota-bobolarimizning mustaqillik yo‘lida ko‘rsatgan jasorati, bunyodkorlik ishlari ushbu tadbirda yana bir bor targ‘ib qilindi. Shuningdek, milliy an’analarni o‘zida mujassam etgan milliy kiyimlar namoyish etilib, milliy taomlar tayyorlandi va qadim-qadimdan bizgacha yetib kelayotgan milliy o‘yinlarimiz o‘ynaldi. O‘quvchilar tomonidan o‘zbek milliy laparlari hamda allalar kuylandi.
Tadbirda “Milliy libos”, “Milliy qo‘shiq” va “Milliy raqs” yo‘nalishlarida o‘quvchi-qizlar tomonidan milliy qadriyatlarimiz hamda an’analarimiz aks etgan jamoaviy sahna ko‘rinishlar namoyish etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan qadriyatlar har bir millatning o‘tmishi, buguni va kelajagini oynadek ko‘rsatib turuvchi eng muhim omillardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Maktab o‘qituvchisi Sanim Uzaqboyeva har bir millat faqat uning o‘ziga xos bo‘lgan an’ana va qadriyatlari bilan alohida ajralib turishini alohida ta’kidladi. Tabiiyki, har qaysi xalqning bebaho boyligi bo‘lgan qadriyat va an’analari bir-ikki kunda paydo bo‘lib qolmaydi, insoniyatning necha ming yillik tarixiy tajribasida sinovdan o‘tib, sayqal topib boradi.
O‘tkazilgan ushbu tadbir ham o‘quvchi-yoshlarni yurt tarixi, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz hamda an’analarimiz bilan yaqindan tanishtirish, ularni keng targ‘ib qilish bilan birga yoshlarda milliy iftixor tuyg‘usini shakllantirish, ularning ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini yanada oshirish, kelajagimiz egalarini ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tuman hokimligi Axborot xizmati