TOʻQSONBOSTI USULIDA EKILGAN EKINLAR XALQIMIZ DASTURXONI TOʻKIN BOʻLISHIGA XIZMAT QILADI

Туман янгиликлари

Dehqonlarimiz uchun yilning barcha fasllari ham sinovli. Goh suv kamligidan, goh tabiat injiqliklaridan, bahor-u kuzning bemavrid yog‘in-sochinlari-yu izg‘irinlaridan aziyat chekadigan asl dehqonlar qishloq xo‘jaligidagi muammolarni omilkorlik bilan yengib o‘tishning sirlarini yaxshi bilishadi. Bu borada qilichboylik dehqonlarning tajribasi ko‘plarga o‘rnak.

Keyingi yillarda Amudaryo tumanida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan sabzavot mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida to‘qsonbosti usulida piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi va kichik sig‘imli issiqxonalarda turli oshko‘klar yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda tumandagi  barcha toifa xo‘jaliklarda jami  1777 gektar maydonga to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekildi. Shundan fermer xo‘jaliklarida 110 gektar, dehqon xo‘jaliklarida 791 gektar va aholi tomorqalarida 876 gektar maydonga piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlari sifatli qilib ekildi.

To‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini ekish ishlariga Toshqal’a mahallasi hududidagi fermer xo‘jaliklarida barvaqt kirishildi. Ayniqsa, hududdagi “Nurimbetov Xursandbek”, “Erkinboy Qo‘ziboyevich”, “Xursandbek Xo‘jakov” fermer xo‘jaliklari dalalarida avgust oyining oxiri va sentyabr oyida ekilgan piyoz va sarimsoqpiyoz allaqachon unib chiqib, yashil maydonlar hosil qilgan. Xususan, “Xursand Nurumbetov” fermer xo‘jaligida 30 sotix piyoz, 10 sotix sarimsoqpiyoz, “Erkinboy Qo‘ziboyevich” fermer xo‘jaligida 30 sotix piyoz va 10 sotix sarimsoqpiyoz, “Xursandbek Xo‘jakov” fermer xo‘jaligida esa 25 sotix piyoz va 10 sotix maydonga ekilgan sarimsoqpiyoz maysalari baravj rivojlanmoqda.

Bundan tashqari, toshqal’aliklar  mahalla hududini  obod va ko‘kalamzor go‘shaga aylantirish maqsadida tuman hokimligi va MFY tomonidan yetkazib berilgan ko‘chatlarni belgilangan hududlarga o‘tqazishib, “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etishmoqda.

Shuningdek, mahalla hududida istiqomat qiluvchi aholi tomorqalarida ham to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ular erta bahordanoq barra piyoz, sabzi va sarimsoqpiyoz mahsulotlarini bozorga olib chiqishadi. Rahimboy og‘a Rajabov ana shunday mohir tomorqachilardan. U oila a’zolari bilan bahamjihat o‘z tomorqa yerida bunyod etgan issiqxonasida ertagi sabzavotlarni barvaqt yetishtirishda o‘ziga xos ish tajribasiga ega tomorqa yer egalaridan.

Ayni paytda Rahimboy og‘aning tomorqa yerida to‘qsonbosti usulida ekilgan 2 sotix  piyoz, issiqxonasida esa 2 sotix oshko‘k, 1 sotix rediska va 2 sotix bulg‘or qalampiri ko‘zni quvontiradigan darajada  rivojlanmoqda. Issiqxonaga ekilgan rediska va bulg‘or qalampirining hosili esa pishib yetilmoqda. Oshko‘klar allaqachon bozor rastasini bezaganidan tomorqachi xursand. To‘qsonbosti ekini piyoz va sarimsoqpiyoz maysalarini begona o‘tlardan tozalab, kuzgi oziqlantirish ishlari olib borilgani bois, baravj o‘smoqda.

– Erta bahorda bozorga birinchi olib chiqadigan mahsulotimiz barra piyoz bo‘ladi, – deydi mohir tomorqachi. – Vitaminga boy, ishtaha ochuvchi ko‘kpiyozning issiqxona sharoitida  yetishtirilganidan ochiq dalada, to‘qsonbosti usulida ekib, yetishtirilgani juda foydali.

Haqiqatan ham ochiq dalada yetishtirilgan to‘qsonbosti ekinlari erta bahorda barvaqt unib chiqadi va quyosh nuriga to‘yinib, tez yetiladi.

Shu kunlarda Amudaryo tumanining barcha fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa xo‘jaliklarida ekilgan to‘qsonbosti ekinlarini kuzgi sug‘orish, oziqlantirish ishlari nihoyasiga yetkazilgan va ekinlar yam-yashil maysalar hosil qilgan. Bu esa xalqimiz dasturxonini erta bahordanoq ertagi sabzavotlar bilan to‘ldirish imkonini beradi.

Robiya YO‘LDOSHЕVA.