EKINLARNI BIOLOGIK USULDA HIMOYA QILISH AFZALLIKLARIGA BAGʻISHLANGAN SEMINAR BOʻLIB OʻTDI

Туман янгиликлари

Birlashgan millatlar tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra hozirgi kunda jahon aholisining 815 million nafardan ortig‘i ochlik azobini tortayapti. To‘yib ovqatlanish imkoniga ega bo‘lmagan qatlam ham mavjud.

Shunday sharoitda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, ekin maydonlardan unumli foydalanish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar tufayli xalqimiz dasturxoni to‘kin, turmushi obod. Bu boradagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida qishloq xo‘jaligida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sohada bozor munosabatlarini keng joriy etish, qayta ishlash va eksport infratuzilmasini rivojlantirish, shu asosda fermer va dehqonlarning daromadini oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rilayotir.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishda ekinlarni karantindagi va boshqa iqtisodiy xavfi yuqori bo‘lgan zararkunandalardan himoya qilish ham muhim o‘rin tutadi. Zararkunandalar ko‘payishining oldini olishda ekin maydonlarida kuzgi tadbirlarni sifatli o‘tkazish, dala chetlaridagi ariq-zovurlarni sifatli tozalashning ahamiyati katta. Qolaversa, maydonlardagi, issiqxonalardagi yetishtirilayotgan ekinlarni zararkunandalardan himoya qilishda biologik usul muhim o‘rin tutadi.

Amudaryo tumanining Toshyop ovulida faoliyat yuritayotgan “Mang‘it invest plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli issiqxonada ekinlarni zararkunandalardan himoya qilishda biologik usulning ahamiyati, feromon tutqichlardan foydalanish usullariga bag‘ishlangan seminar ham aynan shu maqsadda o‘tkazildi.

Tadbirga O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Amudaryo tumani bo‘limi xodimlari, tuman qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, qishloq xo‘jaligida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ishtirok etdilar.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Amudaryo tuman bo‘limi xodimlari NodirbekO‘rozov, Anvar Rahimov, Murot Ibragimov, Ulug‘bek Xudoyberganovlar ekinlarni biologik himoya qilishning afzalliklari xususida, shuningdek, bu borada Respublika O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Agro ko‘makshi” mobil ilovasidan foydalanish borasida ma’lumotlar berdilar.

“Agro ko‘makshi” maxsus ilovasi orqali fermerlar, tomorqa yer egalari zararli organizmlar, begona o‘tlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lib, ularga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyalar olishi mumkin. Shuningdek, ilovada sinov va ro‘yxatdan o‘tgan o‘simliklarni himoya qilish vositalari va mineral o‘g‘itlar, eksport uchun ochilgan bozorlar, hududlarda faoliyat yuritayotgan biolaboratoriyalar, o‘simliklar klinikalari, qadoqlovchi korxonalar xususida foydali ma’lumotlar jamlangan.

Mamlakatimiz aholisining taxminan 40 foizi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Bunday katta qatlamni zaruriy ma’lumotlar bilan ta’minlash, o‘simliklarni zararli organizmlardan to‘g‘ri himoya qilish yuqori hosildorlik garovidir. Buning uchun “Agro ko‘makshi” mobil ilovasidan foydalanishning o‘zi yetarlidir.

Seminarda bu haqda batafsil so‘z yuritildi. Mutaxassislar ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berdilar.

Oygul RAJABOVA.