79-sonli maktabda oʻqituvchilarning 4K modeli boʻyicha koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida seminar boʻlib oʻtdi

Туман янгиликлари

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023 yil 10 noyabr kungi buyrug‘iga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi tomonidan ta’lim sifati yuqori bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim maktablariga manzilli metodik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu yo‘nalishda 24 noyabr kuni Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 79-sonli maktabda bir guruh tajribali metodistlar ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi Metodik xizmat ko‘rsatish bo‘lim boshlig‘i Abatbay Kenesbayev, metodistlar, mazkur maktab o‘qituvchilari hamda tegishli soha vakillari ishtirok etdilar.

Seminarda Metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi metodistlari Nargiza Matlatipova va Dilorom Aytmurotova yig‘ilgan o‘qituvchilarga darslarida 4K modeli bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida mahorat darslarini o‘tdilar.

 Aytish joizki, zamonaviy ta’limni rivojlantirishda 4K modeli asosida hayotiy ko‘nikmalarni darslarda unumli tashkil etishga Amudaryo tumanidagi maktablarda ham belgilangan reja asosida ishlar davom etmoqda.

79-sonli maktabda tashkil etilgan mazkur seminar jarayonida malakali mutaxassislar tomonidan ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan o‘quv dasturlarini amaliyotga joriy etish va buning uchun har bir pedagogdan talab etiladigan kasbiy rivojlanish, yangi bilim va dunyoqarashga ega bo‘lish borasida lozim bo‘lgan bilim va metodik tavsiyalar berildi.

Shundan so‘ng seminarning kun tartibiga qo‘yilgan pedagog kadrlar tarkibining sifati va ularni kasbiy rivojlantirishga doir masalalar yuzasidan soha vakillarining ma’ruzasi tinglandi.

Seminar davomida maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari Mohigul Rajapova va Laylo Rajapboyeva, qoraqalpoq tili fani o‘qituvchisi Qirmizi Nurmanova, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi Go‘zal Kamolovalar ochiq darslar o‘tdi.

Metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi metodistlari tomonidan o‘tkazilgan ochiq darslar tahlil qilindi va o‘qituvchilarga darslar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Abatbay Kenesbayev o‘z so‘zida maktab pedagogika jamoasining aksariyatini yoshlar tashkil qilishini va ularning shijoati, g‘ayrati, faolligidan mamnun ekanligini aytib o‘tdi.

Maktab o‘qituvchilari o‘tkazilgan mahorat darslaridan tegishli xulosa chiqarib, dars jarayonida tavsiya etilgan metodlardan unumli foydalanib, ta’lim sifatini oshirishga intilishlarini aytishdi.

Seminar yakunida o‘quvchi-yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda amalga oshirilish lozim bo‘lgan ishlar ham tahlil qilindi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Tuman hokimligi Axborot xizmati