HAYVONOT DUNYOSIGA ZARAR YETKAZGAN FUQAROGA JAZO TAYINLANDI

Туман янгиликлари

Do‘stlik mahallasi fuqarolar yig‘ini binosida Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi sayyor sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi JKning 202-moddasida ko‘rsatilgan, ya’ni hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish jinoyatini sodir etgan shaxsga oid ish ko‘rib chiqildi.

Sud majlisida ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi V.S. (ism o‘zgartirilgan) shu yil 11 iyun kuni tungi paytda Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining Jumurtog‘ bo‘limi 8-aylanmasi hududining o‘tish zonasida joylashgan fermer xo‘jaliklaridan biridagi bog‘da o‘ziga tegishli bo‘lgan ov miltiqlaridan foydalangan holda noqonuniy ov qilib, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan 1 dona Buxoro bug‘usini otib o‘ldirgan. Bug‘uni o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomashinaga yuklab, qo‘shni fermer xo‘jalikning dala shiyponiga olib borgan. Shundan keyin bug‘uning go‘shtlarini bo‘laklab, bosh va tuyoqlari bilan birga avtomashina yukxonasiga joylashtirib olib ketgan. Fuqaro V.S. o‘zining yashash uyiga yetib kelganida rezervat xodimlari tomonidan ushlangan hamda hayvonot dunyosidan foydalanish tartibini buzib,  99 mln. so‘mlik moddiy zarar yetkazganlikda ayblangan.

Sud ishi davomida fuqaro V.S. qarshisiga to‘plangan dalillar va boshqa tegishli hujjatlar o‘rganildi, himoyachi va taraflarning so‘zlari tinglandi. Shundan kelib chiqib, V.S. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 202-moddasining 3-qismining “j” bandi bilan aybli deb topildi va unga ushbu modda bilan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash uchun 99 mln. so‘m pullar Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati foydasiga o‘tkazib berildi. Jinoyat quroli deb deb topilib, Amudaryo tuman IIBda saqlanayotgan 2 dona ov miltiqlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Xo‘jalik bo‘limiga o‘tkazildi.

Asqar Safarov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi.

(Illustrativ foto)