1-dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni. OITS KASALLIGI TARQALISHINING OLDINI OLISH CHORA-TADBIRLARI SAMARALI AMALGA OSHIRILMOQDA

Туман янгиликлари

Bugungi kunda odamning immunitet tanqisligi virusi, ya’ni OIV kasalligi barcha mamlakatlar uchun global muammoga aylangan. Uning salbiy ta’siri bugun sog‘liqni saqlash tizimigagina emas, balki mamlakatning iqtisodiy va milliy xavfsizligiga jiddiy xatar tug‘dirmoqda. Shu sababli yurtimizda mazkur kasallikning oldini olish borasida muntazam ravishda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Amudaryo tumanidagi Tibbiyot birlashmasiga qarashli Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasidagi Amudaryo tumanlararo OIV diagnostika laboratoriyasida ham immunitet tanqisligi virusi kasaliga chalingan shaxslarni erta aniqlash, kasallikning boshqalarga yuqishining oldini olishga doir profilaktik tadbirlar amalga oshirilib, samarali davolash ishlari olib borilmoqda.

Laboratoriyada 2 nafar shifokor, 2 nafar laborant va 2 nafar kichik tibbiyot xodimi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu laboratoriya zamonaviy apparatlar va zarur asbob-anjomlar bilan to‘liq jihozlangan. Tibbiyot xodimlari tomonidan homiladorlar, mehnat migrantlari, nikohdan o‘tishdan oldingi tibbiy tekshiruvdan o‘tuvchilar, shifoxonada davolanayotgan bemorlardan va anonim tarzda tekshiruvdan o‘tish uchun kelganlardan olingan qon namunalari tahlildan o‘tkaziladi.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda O‘zbekistonda 78ta OIV diagnostika laboratoriyasi faoliyat olib boryapti. Ulardan 15tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari bo‘lsa, 63tasi tumanlararo laboratoriyalardir. Mazkur laboratoriyalarda IFA, immunoblot, PTSR, immunologik, klinik, biokimyoviy va bakteriologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. Davlat tomonidan laboratoriyalarni test-sistema va reagentlar bilan ta’minlash uchun har yili tegishli mablag‘ ajratilmoqda.

Amudaryo tumanida ham dastlabki OIV diagnostika laboratoriyasi 1982 yilda Qipchoq qishloq shifokorlik punktida tashkil etilgan. Laboratoriya 2009 yilda tuman markazidagi Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosiga ko‘chirilib, zarur sharoitlar yaratildi. Ayni paytda laboratoriya kerakli bo‘lgan barcha tibbiyot vositalari bilan ta’minlangan bo‘lib, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyoda OIVdan aziyat chekayotgan 90 milliondan ziyod bemor bor. Ular soni yiliga o‘rtacha 1,5 million nafarga ko‘paymoqda. Eng yomoni, xastalik har yili 600 mingdan ziyod kishining hayotiga zomin bo‘lyapti. Umuman, Yer yuzida OITS epidemiyasi boshlangandan buyon 75 million odam ushbu dardga chalinib, 32 million nafardan ortig‘i vafot etgan. Tahlillarga ko‘ra, infeksiya 75 foizdan ortiq holatlarda 25-49 yoshli kishilar o‘rtasida uchramoqda. Bu borada kasallik profilaktikasi va unga qarshi kurashish tadbirlarini rejalashtirish hamda amalga oshirishda uning yuqish omillarini aniqlash muhim hisoblanadi.

Yurtimizda OIV infeksiyali bemorlarning 79 foizi antiretrovirus muolajalar bilan qamrab olingan. Ular uchun zarur preparatlar xarajatlarining qariyb 80 foizi Davlat budjeti mablag‘lari, qolgan 20 foizi esa xalqaro fondlar hisobidan qoplanmoqda.

Bundan tashqari, OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarni 6 oylik bo‘lgunga qadar sun’iy sut aralashmalari bilan oziqlantirish tavsiya etilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish va sohani takomillashtirish maqsadida alohida Davlat dasturi loyihasi tayyorlangan. Unga muvofiq, kelgusi yildan boshlab, sun’iy sut aralashmalarini xarid qilish, bemorlarni antiretrovirus dori vositalari bilan kasallik aniqlangan zahoti qamrab olish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Har yili 1 dekabr sanasi “Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanadi va sana munosabati bilan Amudaryo tumanlararo OIV diagnostika laboratoriyasining tibbiyot xodimlari tomonidan ham xastalikning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari yanada kuchaytirilgan tarzda o‘tkaziladi.

Xushroy Ermatova, Sharofat Yo‘ldosheva,

Amudaryo tumanlararo OIV diagnostika laboratoriyasi shifokorlari.