O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan tuman, shahar ichki ishlar organlari tarkibida voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha shug‘ullanuvchi inspektor-psixolog lavozimlari joriy etilib, ularning xizmat o‘tash joyi etib umumiy o‘rta ta’lim muassasalari belgilangan edi.
Qarorga muvofiq tuman Ichki ishlar bo‘limida ham Jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasida voyaga yetmaganlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi 10 nafar inspektor-psixologlar faoliyat boshlashdi. Ular tumanimiz hududida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, milliy xalq o‘yinlari va sport turlarini yoshlar orasida ommalashtirish, “Besh muhim tashabbus” loyihalari, yoshlar festivallari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ovul va mahalla yoshlar yetakchilari bilan keng qamrovli ishlar olib borishayapti. O‘quv maskanlarida voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, vatanparvarlikni targ‘ib etish, ommaviy madaniyat ta’siriga tushishining oldini olish borasida muntazam ravishda davra suhbatlari, profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelishayapti.
Tumanimizda voyaga yetmaganlar 72 662 nafarni tashkil etadi. Mavjud umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida hozirgi kunda 38412 nafar o‘quvchilar, 51ta maktabgacha ta’lim muassasalarida 10312 nafar jajji bolajonlar ta’lim-tarbiya olishayapti. Ular orasida darslarni puxta o‘zlashtirib, intellektual qobiliyatini namoyish etib, bilimlar sinovlarida, shuningdek, turli ijodiy tanlovlarda, sport musobaqalarida yuqori natijalarni qayd etayotganlari talaygina.
Maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi muassasalarida ularga yaratilayotgan sharoitlar ham havas qilishga arzigulik. Biroq bolaning dunyoqarashi eng avvalo oilada shakllanishini hisobga olsak, farzand kamolida ota-ona tarbiyasi nechog‘lik muhim ekanligi ayon bo‘ladi. Taassufki, aholi orasida ichkilikka ruju qo‘ygan yo xulq-atvori bilan o‘z farzandi tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslar ham uchrab turadi. Farzandini muntazam nazorat qilmaydigan, ularning nima bilan mashg‘ul ekanligiga qiziqmaydigan, ta’lim olishiga beparvo ota-onalar ham bor. Inspektor-psixologlar ular bilan manzilli ish olib borishayapti va bola tarbiyasidagi mas’uliyatini tushuntirishayapti.
Voyaga yetmaganlar orasida inspektor-psixologlar hududlar profilaktika inspektorlari, fuqarolar yig‘inlari “beshligi” va ta’lim muassasalari xodimlari bilan hamkorlikda ta’lim-tarbiya borasida muntazam ish olib borishayotganligiga qaramasdan 2023 yilning 10 oyi davomida voyaga yetmaganlar tomonidan 7ta jinoyat sodir etildi, ikki nafar voyaga yetmaganlar o‘z joniga qasd qilib, vafot etdi.
Voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlarning intiluvchan, ilmli va mustaqil hayotga moslasha oladigan intellektual salohiyatli bo‘lib ulg‘ayishlari yo‘lida mehnat qilayotgan inspektor-psixologlar orasida leytenant Husniddin Safarboyevning faoliyati, ayniqsa, samarali bo‘layotir. U maxsus guruh safida voyaga yetmaganlarning nazoratsiz va qarovsiz qolishining oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan “Tungi reyd”, “O‘quvchi”, “Davomat”, “Tig‘” profilaktik tadbirlarida faol qatnashib, ularning bemaqsad yurishlarining oldi olinishiga hissa qo‘shayapti.
Voyaga yetmaganlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi inspektor-psixologlar Ulug‘bek Yo‘ldoshev boshchiligida profilaktika inspektorlari va hamkor tashkilotlar bilan birga tumanimiz oilalaridagi o‘g‘il-qizlarning oqil, yurtiga sodiq, o‘z Vatanining qonun-qoidalarini hurmat qiladigan, barkamol insonlar bo‘lib shakllanishiga, ularning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishiga xizmat qilmoqdalar.
Oygul RAJABOVA.
Suratda: Husniddin Safarboyev o‘quvchilar bilan
kitob mutolaasi xususida suhbatlashmoqda.