YURIDIK XIZMAT KOʻRSATISH SIFATI YAXSHILANMOQDA

Туман янгиликлари

Yurtimizda Adliya vazirligi tizimida Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat idoralarining markazlarga yuboriladigan hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va qabul qilish jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazuvchi “E-huquqshunos” elektron tizimi yaratilgani, ish yurituvi to‘liq raqamlashtirilib, qog‘ozbozlikka barham berilgani yanada ahamiyatli bo‘lmoqda.

Amudaryo tumanidagi Adliya bo‘limining Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi qonunlar ijrosi, huquqni qo‘llash amaliyotining samaradorligi, shubhasiz, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan tayyorlanadigan normativ-huquqiy hujjatlar, loyihalarning sifatiga baho beradigan yagona tuzilma sifatida tanilishga ulgurdi.

Joriy yilning 10 oyi davomida Markaz tomonidan markazlashgan tizim orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan tumandagi mavjud 154ta davlat organlari va tashkilotlariga sifatli hamda malakali yuridik xizmat ko‘rsatildi.

O‘tgan davr mobaynida Markazga «E-huquqshunos» elektron tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kelib tushgan 62746ta huquqiy hujjatlar o‘rganib chiqildi. Shundan 62425tasining ijrosi ta’minlangan bo‘lsa, 59482tasiga ijobiy xulosalar berilgan. Qolgan 1788tasi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilmagani sababli qayta ko‘rib chiqish uchun rad javobi berilib, tashkilotlarga qaytarilgan. Shuningdek, 1155ta hujjatlarga ham qonunchilikka nomuvofiqligi sababli salbiy xulosalar berilgan, 59165ta huquqiy hujjatlar esa qonuniy tartibga muvofiqligi yuzasidan berilgan ijobiy xulosalar asosida tashkilotlar tomonidan imzolangan.

Bundan tashqari, Markaz tomonidan davlat tashkilotlarining mulkiy hamda boshqa huquqlari, qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida, har tomonlama va samarali himoya qilish bo‘yicha 131ta talabnoma, sudlarga esa 7ta da’vo arizalari kiritilgan. Kiritilgan davo arizalari yuzasidan jami 1 mlrd. 66 mln. so‘mdan ziyod miqdordagi pullar tashkilot foydasiga undirilgan.   

Mazkur tashkilot mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlashda hamda yuridik yordam ko‘rsatish borasida muhim ahamiyatga ega tuzilmaga aylanib, yuridik xizmat sifati yanada yaxshilanishini, shu bilan birga rivojlanishini ta’minlamoqda.

Ozoda Xudoyberganova.