36-SONLI MAKTABDA “WE LOVE ENGLISH” DEB NOMLANGAN TADBIR OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Xorijiy tillar, ayniqsa, ingliz tilini o‘rganish bugungi davrda rivojlanish va taraqqiyotning asosiy shartlaridan biridir. Shu sababli umumta’lim maktablarida yosh avlodning ushbu fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, til o‘rganishlariga imkoniyat yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davr talabiga ko‘ra maktablarda ustoz-muallimlar interfaol, innovatsion va qiziqarli usullardan foydalanib, darslarni mazmunli o‘tishga, ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini olib kirib, ulardan maqsadli va to‘g‘ri foydalanishga, shu orqali o‘quvchida chet tillarga bo‘lgan qiziqishni oshirish, o‘qitish samaradorligini yaxshilashga harakat qilishmoqda.

27 noyabr kuni Amudaryo tumanidagi 36-sonli maktabda ham “We love English” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi. Tadbir boshlanishida mos tarzda bezatilgan maktab foyesida o‘quvchilar bilan o‘yin tarzidagi mashg‘ulotlar o‘tkazildi. O‘quvchilar ingliz va rus tili fanlaridan kerakli so‘zlarni topib, krossvordlar yechishdi va o‘zlarining ushbu fanlarni mukammal o‘zlashtirishganini namoyon etishdi.

Maktabning ingliz va rus tillari o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda direktor o‘rinbosarlari Sarvar Qutlimurodov hamda Bahrom Xo‘jamurodovlar ishtirok etdilar va kechani ochib berdilar. Ular o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda yurtimizda xalq ta’limi tizimida chet tillarini o‘qitishda yangi davr boshlangani, talablar, metodika o‘zgargani, bunda ilg‘or pedagogik texnologiyalar, interfaol, innovatsion usullardan foydalanish talab etilishini ta’kidlab o‘tishdi. Maktablarda ingliz tili fani 1-sinflardan boshlab o‘tilayotgani, bilimga chanqoq o‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ularni ingliz tilining boy olamiga olib kirish o‘qituvchilardan katta mehnat talab qilishini e’tirof etishdi.

Tadbir o‘quvchilarning ingliz va rus tilidagi she’rlari, qo‘shiqlari bilan davom ettirildi. Ingliz tilini mukammal o‘rganishga harakat qilayotgan o‘g‘il-qizlar rus va ingliz tilidagi qo‘shiqlarga raqsga tushishdi. Maktabning 4-sinf o‘quvchilari “Rain, rain go away”, 7-sinf o‘quvchilari “Do you want to take” qo‘shiqlarini kuylashdi, 8-sinf o‘quvchilari “Katyusha” qo‘shig‘iga va ispancha kuyga raqs tushishdi. Shuningdek, maktabning 2-, 5-, 6-, 10-11-sinf o‘quvchilari ham tadbir davomida faol ishtirok etishdi.

Mazkur maktabda rus va ingliz tili fanlari bo‘yicha o‘tkazilgan diktant, insho, ijodiy ishlar tanlovlari o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Ochiq dars mashg‘ulotlari jarayonida ham asosiy e’tibor yangi innovatsion usullardan foydalanib, o‘quvchilarning bilimini oshirish, ulardagi ko‘nikmalarni rivojlantirish, aniqlangan bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilmoqda. Ingliz tili fani o‘qituvchilari Xosiyat Rajabova, Rayhon O‘razboyeva, Zamira Otajonova, Dildor Xolmenova, Dilnura Babaniyozova, Shahlo Iskandarova, Nilufar Shomurodova, Dilfuza Davletova, Madina Fayzullayeva, Muhtaram Habibullayevalar o‘quv dasturlari doirasidagi darslardan tashqari, maktab qoshida qo‘shimcha to‘garak mashg‘ulotlari ham tashkil qilib, o‘quvchi-yoshlarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishmoqda.

O‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilgan “We love English” nomli tadbir nihoyatda qiziqarli o‘tdi. O‘quvchilar darslardagi samaradorlik natijasini, o‘zlarining o‘zlashtirish darajalarini, xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan intilishlarini tadbir davomida yaqqol ko‘rsatdilar.

Rayhon O‘rozboyeva, 36-sonli maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi.