OʻZBEKISTONDA VORISLIK

Туман янгиликлари

Jamiyat negizini oila tashkil qiladi. Meros – mol-mulk bilan bog‘liq nizolar asosan oilada, qon-qarindoshlar, ota-ona, farzandlar, aka-uka, opa-singillar, bir oila a’zolari o‘rtasida yuzaga keladi.

Merosni vorislar o‘zaro kelishib, maqbul yechimga kelib, nizosiz hal qilishi kerak. Agar nizo bo‘lsa, sud orqali hal qilinadi. Nizolashish, sud tomonidan qonuniy yechim topilgan taqdirda ham merosxo‘rlar o‘rtasida qarindoshlik rishtalariga, mehr-oqibatga putur yetkazadi. Qolaversa, moddiy jihatdan ham ortiqcha ovoragarchilikka olib keladi.

Vorislik – bu shaxsning vafotidan keyin unga xususiy mulk asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkning, shuningdek, meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ba’zi huquq va majburiyatlarning merosxo‘rlarga o‘tishi hisoblanadi.

Vorislik ikki xil usulda, vasiyat bo‘yicha vorislik va qonun bo‘yicha vorislik asosida bo‘lishi mumkin. Qonun bo‘yicha vorislik vasiyat mavjud bo‘lmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa amalga oshiriladi.

Meros tarkibiga meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar kiradi. Masalan, ashyolar, pul va qimmatli qog‘ozlar, mulkiy huquqlar, intellektual mulk obyektlariga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquqlar, mulkiy majburiyatlar, shu jumladan qarzlar (merosxo‘rlarga qoldirilayotgan meros qiymati doirasida).

Meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi.

Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek, meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilganidan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.

Meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, davlat va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.

Fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof qilinadi. Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan, shuningdek, kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.

Vasiyat qiluvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli.

Meros qoldiruvchi har qanday mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli.

Meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida o‘ziga tegishli bo‘lmagan mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga ham haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli bo‘lib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi.

Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilish va o‘zgartirish borasida erkin bo‘lib, bunda bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas.

B.XODJAMЕTOV,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida

xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius.