Kuz-qish mavsumida havo haroratining keskin sovib ketishi munosabati bilan yurtimizda isitish moslamalariga ehtiyoj ortib boradi. Shu barobarida tabiiy gaz yoki muqobil yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanish hajmi keskin oshib ketishi tufayli yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilish dolzarb vazifaga aylanadi. Chunki mamlakatimizning turli hududlarida o‘tgan yillar kuz-qish mavsumida yong‘inlar bilan bog‘liq ko‘ngilsiz hodisalar, is gazidan zaharlanish holatlari sodir bo‘lib turganligi hech kimga sir emas.
Shularni e’tiborga olgan holda bir necha yillardan beri qish masumida yong‘inlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilda ham 15 noyabrdan 15 dekabrgacha butun mamlakatimiz bo‘ylab “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkazilmoqda. O‘tgan kunlar mobaynida Amudaryo tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan ham iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda xonadonlarda yong‘in xavfining oldini olish borasida profilaktik tadbirlar rejaga muvofiq olib borilayotir.
28 noyabr kuni Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabida oylik doirasida o‘qituvchilar, o‘quvchilar uchun yong‘inga qarshi profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda dastlab maktab hovlisida yong‘in sodir bo‘lganda ishlatiladigan asbob-uskunalar, texnika vositalari ko‘rgazmasi namoyish etildi va mutaxassislar tomonidan ularni ishlatish yo‘l-yo‘riqlari tushuntirildi. Maktab hovlisida tadbirda namoyish etilgan va qay tarzda ishlatilishi tushuntirilgan asbob-anjomlardan foydalanngan holda, yong‘in sodir bo‘lganda qanday harakatlanish bo‘yicha o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish maqsadida shartli sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirish tajribasi namoyish etildi.
Shundan so‘ng ixtisoslashtirilgan maktab kutubxonasida o‘qituvchilarga uchun “Yong‘in xavfsizligi oyligini” o‘tkazishning mazmun-mohiyati, oylik doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, yong‘in xavfining oldini olishda har bir fuqaroning burchi va vazifalari xususida keng tushuntirildi.
O‘qituvchilarni mavzu yuzasidan qiziqtirgan savollarga tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.
Tadbir so‘ngida maktab o‘quvchilari istiqomat qiluvchi yotoqxonadan shartli ravishda yong‘in xabari keldi hamda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari va ko‘rgazmada qo‘yilgan yong‘in-qutqaruv vositalari xavfni bartaraf etishga tezkorlik bilan jalb etildi. Xodimlarning shiddatli harakatlari va aniq amalga oshirgan choralari tufayli shartli yong‘in o‘chirildi, hech bir o‘quvchi tan jarohati olmaganligi qayd etildi.
Mazkur tadbirda Amudaryo tumani Ixtisoslashtirilgan maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari yong‘in xavfsizligi qoidalari, kutilmaganda yong‘in kelib chiqqan vaziyatda qanday harakatlarni amalga oshirish lozimligi borasida keng bilim va tushunchalarga ega bo‘ldilar.
“Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Sh.Erkinboyev, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi Profilaktikasi va nazorat bo‘linmasi inspektori, katta leytenat.