“Mahalla” xayriya jamoat fondi Amudaryo tuman bo‘linmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ta’sis etgan davlat granti tanlovida “Obod mahallam” nomli loyihasi bilan qatnashib g‘olib bo‘lgan edi va mazkur loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga erishdi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resruslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va chek qo‘yish, aholining ekologiyaga oid bilimlarini kengaytirish maqsad qilingan loyiha doirasida o‘tgan davr mobaynida aholi, o‘quvchilar bilan davra suhbatlari, uchrashuvlar, turli tanlovlar o‘tkazildi.
Ushbu sa’y-harakatlar aholi, ayniqsa, yoshlarni tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga, tabiiy resurslarni tejashga da’vat etishga, ularning ekologiyaga oid bilimlarini oshirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Shuningdek, tuman hududining sanitariya holati va ekologik vaziyatni yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar keng targ‘ib etildi, o‘quvchilarning tabiat bag‘riga uyushtirilgan sayohatlari orqali ularning ko‘nglida ona tabiatimizga mehr-muhabbat tuyg‘ulari mustahkamlandi.
Shu yilning 17 noyabrida mazkur grant loyihasi rejasiga muvofiq mahallalarda obodlikni ta’minlash, yoshlarning tibbiy va ekologik madaniyatini oshirish, ularga sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida Qilichboy ovuli hududidagi maktablar o‘quvchilari orasida “Tabiat bizning onamiz” mavzusida insholar tanlovi e’lon qilingan edi. Tanlovda hududdagi 7ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridan 15 nafar o‘quvchilar ishtirok etdilar. E’tiborlisi insholar sinfda, loyiha ijodkorlari kuzatuvida o‘tkazildi va bu o‘quvchilar mavzuga oid manbalardan foydalanmasdan o‘z bilimlari bo‘yicha yozishlarini ta’minladi.
Mazkur insholar hakamlar hay’ati tomonidan o‘rganilib, xolisona baholandi. Natijalarga ko‘ra 15-sonli maktab 9-sinf o‘quvchisi Maftuna Hayitboyeva birinchi, 11-sinf o‘quvchisi Sevara Zarifboyeva ikkinchi, 20-sonli maktab 8-sinf o‘quvchisi Dilnura Yo‘ldosheva uchinchi o‘rinlarni egalladilar. Shuningdek, 23-sonli maktab 9-sinf o‘quvchisi Marjona Rajabova, 83-sonli maktab 11-sinf o‘quvchisi Mahliyo Hasanovalarning tanlovdagi faol ishtiroki e’tirof etildi.
30 noyabr kuni tanlov g‘oliblari “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi tomonidan taqdirlandi.
Tadbirda tuman Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Boltaboyev, “Taraqqiyot ko‘zgusi gazetasi muxbiri Oygul Rajabova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi xodimi Zarifa Soatboyeva, loyiha ijrochilaridan biri Hidoyat Sultonovlar, tanlov g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilar, ularning ustozlari ishtirok etdilar.
Bahodir Boltaboyev, Oygul Rajabovalar o‘quvchilarning tanlovga taqdim etgan ijodiy ishlari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tanlovda g‘olib o‘quvchilar qimmatbaho sovg‘alar, Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.
Sevara Ismoilova.