XIZR ELI MAHALLASIDA NAVBATDAGI SAYYOR QABUL OʻTKAZILDI

Туман янгиликлари

Aholi muammolari, ularning yechimi bo‘yicha barcha hududlarda tuman hokimining sayyor qabullari o‘tkazilmoqda. Ushbu sayyor qabullarda fuqarolarning turli mazmundagi murojaatlari qabul qilinib, o‘rganib chiqilmoqda.

30 noyabr kuni navbatdagi sayyor qabul Xizr eli mahallasida fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosida bo‘lib o‘tdi. Sayyor qabulda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Kamiljon Aytbayev, Xalq qabulxonasi boshlig‘i Erkin Rajabov, fuqarolar yig‘ini raisi Otabek To‘rayev, mutasaddi korxona-tashkilotlar rahbarlari, mas’ullari ishtirok etishdi. Shuningdek, fuqarolar yig‘ini mas’ullari, mahalla beshligi, ko‘chaboshchilari va faollar ham qatnashishdi.

Qabulda dastlab bugungi kunda aholi muammolarini o‘rganish, hal etish shu orqali aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar xususida so‘z yuritildi. Shuningdek, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Kamiljon Aytbayev tumanda aholini kambag‘allikdan chiqarish va iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, xalqning turmush farovonligini yaxshilash, borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar haqida gapirib o‘tdi.

Prezidentning tumandagi Xalq qabulxonasi boshlig‘i Erkin Rajabov ham yurtimizning barcha hududlaridagi Xalq qabulxonalari odamlar og‘irini yengil qilish, ularning muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotgani, buni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

Undan tashqari, Prezidentning tumandagi Virtual qabulxonasiga joriy yil boshidan 1 noyabr sanasiga qadar aholidan jami 3755ta masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgani, shundan 2823tasi Prezidentning ishonch telefoni orqali, 110tasi Prezident pochtasiga, 96tasi Prezident Xalq qabulxonasiga, 55tasi sayyor qabulda, 384tasi Qabulxonaning veb-sayti orqali va 287tasi tuman Xalq qabulxonasida qabul qilingani haqida ma’lumot berdi. Ushbu murojaatlarning 2810tasi, qanoatlantirilgani, shundan, 1546tasi ijobiy hal qilingani, 1240tasiga huquqiy maslahatlar berilgani, 24tasi uzoq muddatli nazoratga olingani, qolgan 516tasiga og‘zaki tushuntirish berilgani, 28tasi rad etilgani, 125tasi tugatilgani, 6tasi ko‘rmasdan qoldirilgani, 10 tasi ma’lumot uchun qabul qilingani va 260tasi ko‘rib chiqish jarayonida ekanligini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, fuqarolar muammolarini o‘rganish, ularning turmush tarzini yaxshilash borasida tuman hokimining moliya-iqtisodiyot – va kambag‘allikni qisqartish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Kamiljon Aytbayev mahalla fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammolar bilan tanishdi. Qabulga kelgan fuqarolar asosan, sog‘liqni saqlash, ishga joylashish, uy-joy, moddiy yordam, yo‘llarni ta’mirlash, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha murojaat qilishdi.

Qabul jarayonida 20 nafardan ortiq fuqarolarning murojaati tinglanib, atroflicha muhokama qilindi. Murojaatlarning ayrimlari joyida hal etilib, muddat talab etiladigan murojaatlar joyiga chiqib o‘rganilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berib o‘tildi hamda aloqador tashkilotlarga murojaatlarning ijrosini tezroq va aniq muddatlarda bajarish yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

O.Xudoyberganova.