Til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir.
1989 yilning 1 dekabr kuni qoraqalpoq tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unga ko‘ra qoraqalpoq tiliga – Davlat tili maqomi berildi. Qoraqalpoq tili o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi.
Respublikamizda har yili ushbu bayram keng nishonlanib, turli uchrashuvlar, badiiy kechalar o‘tkazilib kelinmoqda.
Sana munosabati bilan 2 dekabr kuni Amudaryo tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 31-sonli maktabda “Mәrtebeң bәlent bolsin, ana tilim” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda maktab direktori Nilufar Davletova, uning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilbar O‘rozaliyeva, maktabning qoraqalpoq tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari hamda o‘quvchilar ishtirok etdilar.
Tadbirni maktab direktori Nilufar Davletova ochib berdi hamda yig‘ilgan o‘quvchi-yoshlarni qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan tabrikladi.
Milliy til davlatning rivoji, qolaversa, uning millat sifatida dunyo tamaddunida o‘z munosib o‘rnini egallashi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Buyuk tariximiz va ajdodlarimizning merosi ham aynan til orqali bizgacha yetib keladi.
Tadbir davomida maktabning qoraqalpoq tili va adabiyoti o‘qituvchisi Go‘zal Kamolova qoraqalpoq tilining tarixi, ahamiyati va uni yanada rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar hamda tilning jamiyatimiz hayotida tutgan o‘rni haqida tushunchalar berib o‘tdi.
Til har bir xalqning milliy o‘zligining timsoli, ma’naviyatining asosi hisoblanadi. So‘nggi yillarda qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun yurtimizda yangicha mazmun va ruhda bayram qilinayotgani tilining mavqei hamda kuch-qudrati yuksalayotganini ko‘rsatmoqda.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar o‘quvchilarga qoraqalpoq tilini boyitish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, o‘quvchilarga qoraqalpoq tilining sofligini saqlash zarurligi, uni yanada boyitish uchun har bir shaxs hissa qo‘shishi lozimligini aytib o‘tdi.
Darhaqiqat, bugungi kunda qoraqalpoq tilining o‘rni va obro‘sini orttirish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Bir qator ilmiy va badiiy kitoblar qoraqalpoq tilida chop etilib, o‘quvchilar qo‘liga yetib bormoqda.
Aytish kerakki, amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar qoraqalpoq tiliga bo‘lgan yuksak e’tiborning yorqin namunasidir.
Tadbir davomida namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari hamda yangragan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Oygul Rajabova