SOGʻLOM MAʼNAVIY MUHIT – YUTUQLARGA ASOS BOʻLAYAPTI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularni barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yoshlarning zamonaviy ilm-fanni chuqur egallashiga, salohiyatini rivojlantirishiga barcha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa o‘smir-yoshlar ko‘nglida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, ekstremizm, terrorizm kabi buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan murosasizlikni shakllantirishga, yot g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy immunitetni tarbiyalashga e’tibor qaratilayotir.

Buningdek dolzarb vazifalar ijrosiga hissa qo‘shish maqsadida Amudaryo televideniyesi tahririyati Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi ta’sis etgan “Yoshlarning ma’naviy ruhiy va intellektual salohiyatini oshirish” mavzusidagi tanlovida “Yuksak ma’naviyatli va axloqli yoshlar – kelajak poydevori” nomli loyihasi bilan qatnashib, g‘olib bo‘lgan edi hamda muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.

Loyiha rejasiga muvofiq ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya ishlariga munosib hissa qo‘shayotgan direktorlarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari faoliyati haqida “Faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” rukni ostida maqolalar berib borilmoqda. Loyiha ijodkorlari aynan shu mavzuda ko‘rsatuv tayyorlash maqsadida tumanimizdagi 52-sonli maktabda bo‘lishdi va maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zarifboy Eshniyozov faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

310 o‘quvchi o‘rniga ega mazkur maktabda ayni kunda 39 nafar pedagoglar o‘quvchi-yoshlarga ta’lim-tarbiya berishmoqda. Ularning uch nafari oliy, 11 nafari birinchi, 14 nafari ikkinchi toifali o‘qituvchilardir. Shuningdek, 3 nafari milliy, 3 nafari xalqaro sertifikatga ega.

Muassasa direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zarifboy Eshniyozov o‘qituvchilar orasida sog‘lom muhit yaratib, ularni darslar samaradorligiga erishishga rag‘batlantira olgani, talabchanligi bois, erishilayotgan natijalar ham quvonarli bo‘layapti. O‘quvchilarning intillektual salohiyatini rivojlantirish, ularning fan asoslarini puxta o‘zlashtirishiga erishish borasida sog‘lom raqobat muhiti yaratilganligi o‘zining ijobiy samaralarini berayapti.

 2022-2023 o‘quv yilida fanlar olimpiadasining tuman bosqichida Mahliyo Bozorboyeva, Ozoda Shomurodovalar 1-o‘rinni egallashdi, 2023-2024 o‘quv yilida esa Mahliyo Bozorboyeva 3-o‘rinni, Sevinch Davlatboyeva 1-o‘rinni yengib oldi. Shuningdek, “Umid nihollari - 2022” sport musobaqalarida maktabning qizlar jamoasi basketbol bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda uchinchi, o‘g‘il bolalar jamoasi 1-o‘rinni egalladi. 2023 yil 4 may kuni 2006-2007 yilda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida basketbol bo‘yicha o‘tkazilgan respublika musobaqasida maktab o‘quvchi-qizlari Qoraqalpog‘iston bosqichida 2-o‘rinni oldilar. O‘quvchilar orasida xorijiy tilni o‘rganish borasida “V-2” sertifikatini olishga muvofiq bo‘lganlari ham bor.

Erishayotgan natijalar maktab o‘qituvchilarining hamjihatlikda ezgu maqsadlar yo‘lida ta’lim-tarbiya ishlarini yaxshi olib borayotgani, jamoada sog‘lom ma’naviy muhit barqaror bo‘lganligi samarasi desak, adashmagan bo‘lamiz. Ha, asli jismoniy tarbiya fani mutaxassisi, o‘quvchilarini sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etib, ular orasidan nufuzli sport musobaqalari g‘oliblarini tarbiyalab yetishtirgani uchun “O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan Zarifboy Eshniyozov avvalo o‘qituvchilar o‘zlariga yaratilgan bugungidek munosib mehnat sharoitlariga loyiq ishlashi kerak, o‘quvchilarni ham ma’nan, ham jismonan barkamol, ilmli qilib ulg‘aytirishi lozim, deya hisoblaydi. Har doim o‘zi ham shunga intiladi, shaxsiy namuna bo‘lishga harakat qiladi.

Biz Zarifboy Eshniyozovning bundan keyingi ishlariga ham muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Oygul RAJABOVA.